بسم الله الرحمن الرحيم
الحمد لله فضل شهر رمضان على غيره من الشهور، وخصه بليلة القدر، التي هي خير من ألف شهر، والصلاة والسلام على نبينا محمد صلى الله عليه وسلم وعلى آله وصحبه أجمعين، أما بعد:
QADR KЕCHASINING FAZILATI
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Ramazon oyining fazilatlaridan yana biri Qadr kechasini shu oyda bo‘lishidir. Qadr kechasining ulug‘ligi va undagi ajr-savoblarga yilning boshqa oylaridagi biror-bir kecha teng kela olmaydi. Ibn Abu Hotimdan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir kuni Bani Isroil payg‘ambarlaridan Ayyub, Zakariya, Huzayqiyl va Yusha’ ibn Nun alayhissalomlarni zikr qilib, “ular Allohga sakson yil ibodat qilganlar. Bu muddat davomida bir ko‘z ochib yumguncha ham gunoh ish qilmaganlar” deganlarida sahobai kiromlar bundan g‘oyatda ajablandilar. Shunda Rasululohning huzurlariga Jabroil alayhissalom kelib: “Ummatingiz shundan ajablandimi? Alloh taolo sizlarga undan ko‘ra yaxshisini nozil qildi”, deb, quyidagi Qadr surasini vahiy orqali tushurganlar:
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
(سورة القدر/1-5)
ya’ni: “Albatta, Biz U (Qur’on)ni Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshirokdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorining izni ila (yil davomida qilinadigan) ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 1-5 oyatlar).
Shundan keyin Jabroil alayhissalom: “Bu sezning ummatingiz ajablangan narsadan afzaldir”, dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam va atroflaridagi sahobai kiromlar juda xursand bo‘ldilar.
Demak, Qadr kechasi uchun alohida bir to‘liq surani nozil bo‘lishi – bu kechaning naqadar ulug‘ ekaniga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Qadr kechasini maqtab bunday deganlar:
"لِلَّهِ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ, مَنْ حُرِمَ خَيْرَهَا فَقَدْ حُرِمَ"
(رواه الإمام أحمد عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).
ya’ni: “Allohga qasamki, Ramazon oyida ming oydan afzalroq bir kecha bor. Kim undan foydalanib qolmasa, shubhasiz (juda ko‘p narsadan) mahrum bo‘libdi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Demak, Qadr kechasini topib, uni ibodat bilan o‘tkizkan kishi 83 yilu to‘rt oy to‘xtovsiz ibodat qilganni savobini olar ekan. Bu biz ummat uchun naqadar katta baxt. Alloh barchamizga nasib qilsin!
Boshqa bir hadisi sharifda shunday deganlar:
"مَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ"
(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ عن أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه).
ya’ni: “Kim Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha qilgan gunohlari mag‘firat qilinur” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Azizlar! Qadr kechasi Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli tomonidan sir tutilgan. Sababi, bandalar Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida imkon qadar kechalarini toat-ibodat, duo-tazarru’lar bilan o‘tkazib, dunyo va oxiratlariga tegishli barcha narsalarni bunday duolar ijobat bo‘ladigan kunlarda so‘rab olsinlar.
Sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan Laylatul qadrni qaysi kecha ekanini so‘raganlarida Ramazon oyining uchinchi o‘n kunligining toq kechalaridan izlash kerakligini aytganlar (“Tafsiri Bag‘aviy”).
Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar:
"تَحَرَّوْا لَيْلَةَ الْقَدْرِ فِي الْوِتْرِ مِنَ الْعَشْرِ الْأَوَاخِرِ مِنْ رَمَضَانَ"
(رَوَاهُ الشَّيْخَانِ عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا).
ya’ni: “Qadr kechasini Ramazonning oxirgi o‘n kunligini toq kechalaridan izlanglar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, Ramazon oyining ushbu fazilatli kechalarini g‘animat bilish, uni toat-ibodat va solih amallar bilan o‘tkazishga himmat qilishimiz, ko‘proq qazo yoki nafl namoz, zikru tasbih, istig‘for, gunohlarga tavba, Qur’on tilovati, hamda duo-tazarru’lar bilan o‘tkazishimiz ayni muddao bo‘ladi.
Qadr kechasi haqidagi dalillarni o‘rganib chiqqan ulamolarimiz Ramazonning yigirma yettinchi kechasi (yigirma oltinchidan yigirma yettinchiga o‘tar kechasi)ni Qadr kechasi ekaniga ba’zi ishoralar borligini bayon qilganlar. Shuningdek, Qadr surasining tafsirida ham qadrning yigirma yettinchi kechada ekaniga yengil ishoralar borligini aytganlar. Masalan, Qadr surasida “Laylatul Qadr” kalimasi uch bora qaytarilgan. Aslida arab tili fasohati qoidasiga ko‘ra bunday vaziyatda zamirlar (olmoshlar) ishlatilishi kerak edi. Lekin Qur’oni karim biz bilgan har qanday nisbiy qonuniyatlardan ustun turadi. Buni bilgan ulamolar aynan ushbu “Laylatul Qadr” kalimasining uch marta qaytarilishi bejiz emas, deyishib, undan ayrim ishoralarni chiqarib oldilar: Arab yozuvida “Laylatul Qadr” kalimasi to‘qqiz harfdan iborat. Uning uch marta qaytarilishi esa bu harflarning yig‘indisi yigirma yettiga teng ekanini bildiradi. Bu bilan Qadr kechasi yigirma yettinchi kechada ekaniga ishora bo‘lmoqda, deydilar.
Yana bundan tashqari ushbu sura o‘ttizta kalimadan tashkil topgan. Bu kalimalarning yigirma yettinchisi “هِيَ ” ya’ni “U” olmoshidir. Ushbu olmoshdan “Laylatul Qadr” iroda qilingan. Demak, bu o‘rinda ham Qadr kechasining yigirma yettinchi kechada ekaniga yengil ishora bor deyilgan.
Shunday ekan, musulmon kishi ramazon oyining oxirgi o‘n kunida jiddi-jahd bilan ibodat qilishi, xususan 27 kechada esa boshqa kunga nisbatan yanada shijoat ila ibdodatga berilmog‘i kerak bo‘ladi. Shoyad, Alloh taolo o‘zining keng rahmati ila ming oydan yaxshiroq bo‘lgan kechani topishga barchamizni muvaffaq qilsa!
Oysha roziyallohu anho onamiz “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘raganlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
"اللَّهُمَّ إِنَّكَ عُفُوٌّ كَرِيمٌ تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي"
(رواه الامَامُ الترمذى عن عائشةَ رضِيَ اللهُ عنها).
ya’ni: “Siz: “Allohumma innaka ’afuvvun, tuhibbul ’afva fa’fu ’anniy”, ya’ni, “Yo Alloh, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Meni (gunohlarimni) kechirgin” deb ayting”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Mana shunday sinovli kunlarda bu ulug‘ va g‘animat kechalarni qadriga yetib, fursatdan foydalanib ibodatlar qilaylik! Ibodatimiz so‘ngida Alloh taologa duo-tazarrular qilib, bu sinovli kunlardan va Koronavirus kasalligidan dunyo xalqlari qatori bizning yurtdoshlarimizni ham tez kunlarda xalos qilishini so‘raylik! Alloh taolo yurtimizni tinch qilib, har xir balo-ofatlardan O‘z hifzu himoyasida saqlasin!
Muhtaram azizlar! Shu o‘rinda Ramazonning saxovat oyi ekanini yana bir bor yodga olsak. Qavmu qarindosh va mahalla ko‘y ichida boquvchisi yo‘q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib mashaqqat va tashvishlarini aritish mo‘minning og‘irini yengil qilish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ
(رواه الإمام الطبراني)
ya’ni: “Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi)” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Dinimiz ezgulik, yaxshilik, mehr-muruvvat, xayru saxovat dinidir. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, o‘zganing ehtiyojini o‘zinikidan ustun ko‘rish dinimizda eng yuksak qadrlanadigan, barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan chinakam islomiy fazilatdir.
Demak, biz jamiyatda yashar ekanmiz, kundalik hayotimizda qo‘ni-qo‘shni, do‘stu yorlar va turli insonlar orasida qiyinchiliklarga uchragan kishilarga duch kelamiz. Bunday holatdagi insonlarni dardini eshitish va imkon darajasida ham moddiy ham ruhiy ko‘mak berish mo‘minlik vazifasi hisoblanadi. Qolaversa, bundan xayrli ishlarni nafl ibodatga farzni savobi beriladigan va farz ibodatga yetmishta farzni savobi beriladigan Ramazon oyida qilsak ayni muddao bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizga muborak Ramazon oyining qadriga yetish, Qadr kechalarini topish va duolarimizni ijobat aylash baxtini nasib aylasin! Omin!
Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.
Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.
Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.
O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.
Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan.
“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.
Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati – bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.
Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.
Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati