Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

07.05.2020 y. Ramazon – tavba va istig‘for oyi

14.08.2020   5960   12 min.
07.05.2020 y. Ramazon – tavba va istig‘for oyi

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ غَافِرِ الذَّنْبِ وَقَابِلِ التَّوْبِ شَدِيدِ الْعِقَابِ، وصَلَّى اللهُ وَسَلَّمَ عَلَى مُحَمَّدٍ قُدْوَةِ الْمُسْتَغْفِرِينَ، وَعَلَى آلِهِ وَالْأَصْحَابِ وَالتَّابِعِينَ، وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّينِ

RAMAZON TAVBA VA ISTIG‘FOR OYI

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, muborak Ramazon oyining rahmat dahasi bo‘lmish avvalgi o‘n kunini imkon qadar ro‘za tutib, toat-ibodatda o‘tkazdik. Ayni paytda  mag‘firat dahasi bo‘lmish ikkinchi o‘n kunligida turibmiz. Bunday g‘animat kunlarni har bir mo‘min-musulmon qadriga yetib, xato-kamchiliklariga tavba qilib, gunohlardan xalos bo‘lishi ayni muddaodir. Agar banda astoydil tavba qilsa, har qanday gunohning kechirilishiga umid bor. Alloh taolo bandalariga mehribon, ulardan sodir bo‘lgan xato va kamchiliklarni kechirishga doim tayyor. Qur’oni karim oyatlarining 87 ta o‘rnida tavbaga targ‘ib qilingan. Jumladan,

وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

(سورة النور الاية-31).

ya’ni:Barchangiz Allohga tavba qilingiz, ey, mo‘minlar! Shoyad, (shunda) najot topsangiz(Nur surasi, 31-oyat).

Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni nasuh (chin) tavba qilishga targ‘ib qilib, shunday degan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَصُوحًا عَسَى رَبُّكُمْ أَنْ يُكَفِّرَ عَنْكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِنْ تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ

(سورة التحريم الاية-8).

ya’ni:Ey, imon keltirganlar! Allohga chin tavba qilingiz, shoyadki, Rabbingiz sizlarning gunohlaringizni o‘chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan (jannatdagi) bog‘larga kiritsa!(Tahrim surasi, 8-oyat).

Ulamolarimiz tavba qabul bo‘lishi uchun uchta shart bor deganlar: Birinchi, darhol gunohdan to‘xtash. Ikkinchi, o‘tgan gunohlarga pushaymon bo‘lish. Uchinchi, kelajakda o‘sha gunohni qilmaslikka azmu-qaror qilish va agar gunoh bandaning haqqiga bog‘liq bo‘lsa, haq egasini rozi qilishdir.

         Sarvari Olam, barcha payg‘ambarlarning afzali bo‘lgan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallam o‘tgan va kelajak gunohlari kechirilgan bo‘lishiga qaramasdan, har kuni tavba qilar edilar.

يَا أَيُّهَا النَّاسُ ، تُوبُوا إِلى اللهِ واسْتَغْفِرُوهُ ، فإنِّي أتُوبُ في اليَومِ مئةَ مَرَّةٍ

 (رَوَاهُ الْاِمَامِ الْبُخَارِيُّ عَنْ الأَغَرِّ بنِ يَسَارٍ رضي الله عنه)

ya’ni: Ey, insonlar! Allohga tavba qilinglar! Unga istig‘for aytinglar! Zero men bir kunda yuz marta tavba qilaman (Imom Buxoriy rivoyati).

         Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning gunohlari kechirilgan bo‘lishiga qaramasdan, Allohga tavba qilishlari – biz kabi gunohdan xoli bo‘lmagan ummatlar uchun katta dars va ko‘rsatmadir.

         Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan yana quyidagi hadis rivoyat qilingan:

" كُلُّ بَنِي آدَمَ خَطَّاءٌ وَخَيْرُ الْخَطَّائِينَ اَلتَّوَابُونَ"

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ عَنْ أَنَسٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Odam bolalarining hammasi – xatokor. Xato qiluvchilarning yaxshisi – tavba qiluvchilardir” (Imom Termiziy rivoyati).         

         Hazrati Hasan Basriy rahmatullohi alayh o‘z davrlarida bir guruh kishilar bilan suhbatlashib o‘tirganlarida bir odam kelib, qurg‘oqchilikdan shikoyat qildi. Hazrati Hasan Basriy “Istig‘for aytinglar”, dedilar. Ikkinchi odam kelib, kambag‘allikdan, uchinchisi farzandsizlikdan va hokazo shikoyatlar qilindi. Ularning barchalariga “Istig‘for aytinglar” degan maslahatni berdilar. Shunda suhbatdoshlardan Robiy’ ibn Subayh rahmatullohi alayh hazrati Hasan Basriyga murojaat qilib: “Ey Imom, sizga turli kishilar turli narsalardan shikoyat qildilar, siz esa hammalariga bir xil javob berdingiz, buning boisi nedur?” debdi. Hasani Basriy hazratlari bu savolning javobiga

quyidagi oyati karimi bilan javob berdilar:

فَقُلْتُ اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا  يُرْسِلِ السَّمَاءَ عَلَيْكُمْ مِدْرَارًا  وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ

وَيَجْعَلْ لَكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَلْ لَكُمْ أَنْهَارًا

ya’ni: Bas, dedimki: Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya’ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur (Nuh surasi, 10-12 oyatlar).

         Demak, mo‘min-musulmonlar istig‘for aytib yursalar, Alloh taolo oyatda va’da qilgan barcha narsalarini ato qilar ekan.

Xususan, Ramazon oyida istig‘for aytishga Payg‘ambarimiz targ‘ib qilib, shunday deganlar:

استكثروا فيه من أربع خصال: خصلتان ترضون بهما ربكم، وخصلتان لا غنى بكم عنهما أما الخصلتان اللتان ترضون بهما ربكم: فشهادة أن لا إله إلا الله وتستغفرونه، وأما الخصلتان اللتان لا غنى بكم عنهما:

فتسألون الجنة، وتعوذون من النار

(أخرجه ابن خزيمة وغيره عن سلمان الفارس).

ya’ni: “Bu oyda to‘rt xislatni ko‘paytiring. Ikki xislat bilan Robbingizni rozi qilasiz, yana ikki xislatga esa muhtojsiz. Robbingizni rozi qiladigan ikki xislat, “La ilaha ilalloh” shahodati va U zotga istig‘for aytishingizdir. Siz muhtoj bo‘ladigan ikki xislat esa, Alloh taolodan jannatni so‘rab, jahannamdan panoh tilashingizdir” (Imom Ibn Xuzayma rivoyatlari).

Demak, Ramazon kunlarida turibmiz, istig‘forni ko‘paytiraylik. Istig‘for aytgandan keyin yurtimiz va barcha mo‘min-musulmonlarni haqqiga tinchlik, xotirjamlik, har xil balo-ofatdan omonlik va farovonlik so‘raylik. Bu ulug‘ kunlarning barakotidan Alloh taolo duolarimizni ijobat qiladi.  

Muhtaram yurtdoshlar! Alloh taolo insonlarni turli sinovlar bilan sinaydi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday degan:

 وَلَنَبْلُوَنَّكُمْ بِشَيْءٍ مِنَ الْخَوْفِ وَالْجُوعِ وَنَقْصٍ مِنَ الْأَمْوَالِ وَالْأَنْفُسِ وَالثَّمَرَاتِ وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ  

ya’ni: “Sizlarni biroz xavf-xatar, ochlik (azobi) bilan, molu jon va mevalar (hosili)ni kamaytirish yo‘li bilan sinagaymiz*. (Shunday holatlarda) sabr qiluvchilarga xushxabar bering (ey, Muhammad)!” (Baqara surasi, 155-oyat).

Ma’lumki, 2020 yil ham butun insoniyatga katta sinovlar yili bo‘ldi. Hozirda dunyoni qamrab olgan Koronavirus (COVID-19) pandemiyasi tinch va osuda hayotga odatlangan mamlakatlar, jumladan, bizning yurt aholisi uchun ham ulkan sinov bo‘ldi.

Bundan tashqari, joriy yilda Buxoro, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida sodir bo‘lgan tabiiy ofat aholimizning bino-inshootlariga, qishloq xo‘jaligi ekinlariga hamda shaxsiy mulklariga katta talofat yetkazdi.

Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan sinovlarning ilk damlaridanoq joylarga yetib borib, vaziyatni to‘liq nazoratga olishi yurtdoshlarimiz ko‘ngliga dalda bo‘ldi.

Davlat rahbarining “Bironta xonadon, bironta odam e’tiborsiz qolmaydi”, deyishi xalq qalbiga yanada ishonch bag‘ishlab, qiyinchliklarni yengib o‘tishga komil ishonch bag‘ishladi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Aytish joizki, ushbu sinovli kunlar matonatli va bag‘rikeng xalqimizni yanada jipslashtirdi. Bu borada Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam ham o‘z ummatlarini sifatlab shunday deganlar:

الْمُؤْمِنُ لِلْمُؤْمِنِ كَالْبُنْيَانِ يَشُدُّ بَعْضُهُ بَعْضًا

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini mustahkam tarzda ushlab turgan bino singaridir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu sinovlik kunlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, tabiiy ofatdan aziyat chekkan yurtdoshlarimiz, ayniqsa ofatlarda qurbon bo‘lganlar haqiga duo-xayrlar qilishimiz, yurtimizdan jamiki balolarni aritishini so‘rab Alloh taologa iltijo qilishimiz ayni dinimiz ko‘rsatmasidir.

Muhtaram azizlar! Darhaqiqat, bir mo‘minning hojatini chiqarish va unga xayru saxovat qilishga juda katta ajr-savoblar va’da qilingan. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:

وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ 

(رواه الإمام الطبراني)

ya’ni: Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi) (Imom Tabaroniy rivoyati).

Shunday ekan, atrofimizdagi insonlarga befarq bo‘lmaylik, o‘z saxovatimiz va ezgu amallarimiz bilan xalqimizga tayanch bo‘lishga, muborak Ramazon oyining fazilati va barokotlariga sazovor bo‘lishga harakat qilaylik!

Bu ulug‘ kunlarning barakotidan Alloh taolo yurtimizni tinch osmonimizni musaffo aylab, tez kunlarda Koronavirus kasalligidan dunyo xalqlari qatori bizning yurtdoshlarimizni ham xalos qilsin!  omin!

 

Ilova: Xotira va qadrlash – insoniy burch

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, ertaga yurtimizda alohida e’tibor qaratiladigan kunlardan bo‘lmish “Xotira va qadrlash kuni”dir. Bu kunda biz o‘tmishda o‘tgan ajdodlarimiz, xususan qatag‘on davri qurbonlari va Vatan ozodligi, xalqimizning farovonligi yo‘lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o‘tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olib, ruhlariga Qur’on tilovat qilib, haqlariga duoi xayrlar qilamiz. Tiriklarini esa qadrlariga yetib, nasihat va duolarini olib, xizmatlarini qilishga harakat qilamiz. O‘tganlarimizni har doim eslab, haqlariga duoda bo‘lishimiz – biz tiriklarni vazifalarimizdan biri hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam bu haqda shunday marhamat qiladilar:

"اذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ"

(رَوَاهُ الإمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَالإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: “O‘tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”  (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoi-xayrlar qilish ibodat hisoblanadi. Hayot yurgan kishilar ibodatda bo‘lib, solih amallar qilishsa, ularning vafot etgan yaqinlari xursand bo‘lishadi. Bu haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

"إِنَّ أَعْمَالَكُمْ تُعْرَضُ عَلَى أَقَارِبِكُمْ وَعَشَائِرِكُمْ مِنْ الْأَمْوَاتِ فَإِنْ كَانَ خَيْرًا اسْتَبْشَرُوا بِهِ وَإِنْ كَانَ غَيْرَ ذَلِكَ قَالُوا اللَّهُمَّ لَا تُمِتْهُمْ حَتَّى تَهْدِيَهُمْ كَمَا هَدَيْتَنَا"

(رَوَاهُ الإمَامُ أَحْمَدُ).

ya’ni: “Albatta amallaringiz o‘tib ketgan yaqinlaringiz va qarindoshlaringizga namoyish qilib turiladi. Agar (amallaringiz) yaxshi bo‘lsa, ular undan xursand bo‘lishadi. Agar undan boshqacha bo‘lsa, ular: “Allohim, bizni hidoyat qilganing kabi ularni ham hidoyat qilmacdan jonlarini olmagin”, deyishadi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Demak, bizdan o‘tib ketgan yaqinlarimiz Allohning huzurida xursand va yuzlari yorug‘ bo‘lishi uchun solih amallarda bo‘lishimiz o‘ta muhim ahamiyat kasb etar ekan. Zinhor va zinhor ularni Allohning huzurida xijolatga qo‘ymaylik!

Alloh taboraka va taolo barcha o‘tgan ajdodlarimizni O‘zining rahmatiga olib, ularning haqlariga qilayotgan duolarimizni ijobat aylab, hayotlarimizga uzoq umr, tinchlik va ofiyat ato etishini so‘rab qolamiz! Omin, yo Robbal olamin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   1040   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari