Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

01.05.2020 y. Zakot berish – ulkan savob!

14.08.2020   3163   8 min.
01.05.2020 y. Zakot berish – ulkan savob!

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ لله الَّذِي أَوْضَحَ لَنَا مَعَالِمَ الزَّكَاةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّدٍ سَيِّدِ الْأَنَامِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ البَرَرَةِ الْكِرَامِ، اَمَّا بَعْدُ

ZAKOT BЕRISH ULKAN SAVOB!

(ZAKOTGA OID HUKMLAR)

Muhtaram jamoat! Zakot – Islomning besh ruknidan biri bo‘lib, shariat farz qilgan amaldir. Zakot  lug‘atda “poklash”, “o‘sish” degan ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa – “Muayyan mollardan ma’lum qismini Alloh taolo belgilab bergan muayyan toifa kishilarga mulk qilib berish”dir. “Zakot” so‘zining ma’nolaridan bevosita ko‘rinib turibdiki, zakoti berilgan molga baraka kiradi, ko‘payadi, o‘sib, ziyoda bo‘laveradi. Zakoti ado etilgan mollarni Alloh taolo asraydi.

Qur’oni Karimning o‘ttiz ikki joyida zakot  berishga buyruq bo‘lib, shundan yigirma sakkiztasi namoz bilan birga zikr qilingan. Shu e’tibordan zakotning martabasi namozning martabasi bilan tengdir. Demak, musulmon inson namoz bilan zakotning orasini ajratmaydi. Bu haqda Alloh Taolo Qur’oni karimda shunday degan:

وَأَقِيمُوا الصَّلَاةَ وَآتُوا الزَّكَاةَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ

 (سورة النور/56).

ya’ni: “Namozni to‘kis ado qilinglar, zakotni beringlar va Rasulga itoat qilinglar, shoyadki, rahm qilinsangiz”(Nur surasi, 56-oyat).

Ramazon oyi xayru saxovat va mehr-oqibat oyi bo‘lganligi uchun hamda bu oyda bajariladigan barcha amallarga ajrlar bir necha barobar ko‘paytirib berilishidan umid qilib mo‘min-musulmonlar zakotlarini aynan ushbu oyda berishga odatlanishgan. Quyidagi oyati karima zakot berish – farz ekanligiga dalil hisoblanadi.

خُذْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ صَدَقَةً تُطَهِّرُهُمْ وَتُزَكِّيهِمْ بِهَا  ...

(سورة التّوبة/103).

ya’ni: “Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling...” (Tavba surasi, 103-oyat)

Zakot boy va kambag‘alni bir-biriga yaqinlashtiradi, boy kishi yordam qilish sevinchi bilan yashasa, kambag‘al esa o‘z qalbida boyga nisbatan muhabbat va hurmat hissini tuyadi va xasislik o‘rtadan ko‘tariladi.

Shayton zakot beruvchi kishiga go‘yo molini qirqdan birini bersa, moli ozayib ketgandek tuyiltirishi mumkin. Biroq molni faqirga berish bilan mol hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi. Bunga qo‘yidagi hadis yaqqol dalil hisoblanadi:

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar:

"مَا نَقَصَ مَالٌ مِنْ صَدَقَةٍ قَطُّ"

(رواه الإمام الترمذي).

ya’ni: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh aytadilar: “Alloh taolo o‘z bandasiga jon va mol ne’matini bergandir. Badan ibodatlari jon – ne’matining shukridir, moliyaviy ibodatlar esa – mol ne’matining shukridir”.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida zakotga doir ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

  • Zakot berish hur, aqliraso,balog‘atga yetgan, nisob miqdoricha mablag‘ga ega, nisobga ega bo‘lganiga bir yil to‘lgan musulmon zimmasiga farz bo‘ladi.
  • Boyligi shariat belgilab qo‘ygan ma’lum miqdorga, ya’ni nisobga yetgan musulmon kishi hijriy-qamariy bir yil o‘tishi bilan asliy hojatlaridan ortiqcha boyligining qirqdan bir qismini, ya’ni 2,5 foizini shar’an belgilangan joylarga berishi farzi ayndir.
  • Zakotning sharti ikkitadir: birinchisi – zakot oluvchiga zakotni mulk qilib berish, ya’ni o‘sha berilayotgan mol-mulk oluvchining moli bo‘lmaguncha zakot ado bo‘lmaydi. Shuning uchun ham zakotni ko‘prik, yo‘l, suv ombori kabi ko‘pchilik foydalanadigan narsalarga sarflanmaydi. Ikkinchisi esa – zakot miqdorini molidan ajratish paytida yoki faqirga berishda zakot, deb niyat qilishdir.
  • Zakotni kimlarga berib bo‘lmaydi: zakotni nisob miqdoricha moli bo‘lgan kishiga, ota-onasi, bobo-momosiga, o‘g‘il-qizlariga va ularning farzandlariga, er-xotin bir-biriga berishi mumkin emas.
  • Kimlarga bergan afzal: ushbu savolga “Fatovoi hindiya” kitobida shunday javob berilgan: “Zakot va fitrni berishda eng afzali avvalo aka-uka, opa-singillar hisoblanadi. So‘ng – ularning farzandlari. Ulardan keyin amaki-ammalar, so‘ng – ularning farzandlari. Tog‘a-xolalar va ularning farzandlari, so‘ng – yuqoridagilardan tashqari qarindoshlar. Ulardan keyin qo‘shnilar, kasbdoshlar, keyin hamshaharlar yoki qishloqdoshlar haqlidirlar.
  • Qarzdor kishining qarzi qo‘lidagi molidan ko‘p bo‘lsa, qo‘lidagi moli o‘ziniki bo‘lmay, haqdorlarniki sanaladi. Undan zakot bermaydi. Agar qo‘lidagi moli qarzidan ko‘p bo‘lib, farazan qarzini chiqarganidan keyin qolgan mol nisobga yetsa, qolgan molidan zakot beradi.
  • Pul yoki tijorat mollarining qiymati nisobga yetib, bir yil o‘tsa, zakot berishi farz bo‘ladi.
  • “Tijorat mollari” deganda “sotish niyatida olingan har qanday mol-mulklar” nazarda tutiladi. Ularning aynan o‘zidan zakot chiqarish mumkin. Lekin qiymatini berish afzaldir. Masalan, kiyim-kechak, dori-darmonlar kabi narsalarni savdosi bilan shug‘ullanuvchi kishi, sotayotgan mahsulotini o‘zidan zakot berishi mumkin. Ammo o‘tmay qolgan, sifatsiz mollarni zakotga berish yaxshi emas.
  • Tijorat mollaridan zakot chiqarishda o‘sha kundagi qiymati qancha bo‘lsa, shu qiymatning hisobidan zakot chiqariladi. Uning qanchaga sotib olgani yoki kelgusida qanchaga sotilishiga qarab hisoblanmaydi.
  • Bir kishining ozgina tillo, ozgina kumush, ozgina puli bo‘lsa, ularning barchasi qo‘shilganda nisobga yetsa zakot berish farz bo‘ladi.
  • Oltin xoh ishlov berilib, taqinchoq yoki buyum holatiga keltirilgan bo‘lsin, xoh yombi holida, xoh tabiiy qazilma holatida bo‘lsin, nisobga yetsa, zakot beriladi. Tillo taqinchoqlardan tilloning o‘zi zakot qilib berilsa, taqinchoqlarning vazniga qarab zakot chiqariladi. Masalan, 100 gramm tillodan 2,5 gramm tillo zakotga beriladi. Agar taqinchoqlarning zakotini pul bilan beriladigan bo‘lsa, taqinchoqlarning bozordagi qiymatiga qarab zakot chiqaradi. Masalan, bozorda qiymati qancha bo‘lsa, shuni qirqdan birini zakotga beradi. Taqinchoqlar xoh ishlatilayotgan bo‘lsin, xoh ishlatilmayotgan bo‘lsin, ulardan zakot beriladi. Chunki ular hamyondagi pul bilan bir xildir (“Raddul muhtor”).
  • Zakot farz bo‘lgan vaqtda uni ado etmagan bo‘lsa, necha yil o‘tsa ham zakoti zimmasidan soqit bo‘lmaydi.
  • Yashab turgan uy-joylari, iste’moldagi kiyimlari, minilib turadigan ulov (mashina), oziq-ovqat, pardoz buyumlari (agar tilla, kumushdan yasalmagan bo‘lsa), gavhar, marjon, yoqut, zumrad (agar sotish uchun saqlanmayotgan bo‘lsa) kasb-hunar asboblari kabi narsalardan zakot berilmaydi.
  • Ishlab chiqaruvchi korxonalarda ikki xil mol bo‘ladi. Birinchisi – xomashyolar. Ikkinchisi – tayyor mahsulotlar. Zakot berish paytida ikkalasining qiymati hisobga olinadi. Lekin, ishlab chiqarish dastgohlari, asbob-uskuna va jihozlaridan zakot berilmaydi.
  • Ijaraga berilgan bino, do‘kon va ulovlardan zakot berilmaydi. Balki ulardan tushgan mablag‘ tillo, pul va tijorat mollariga qo‘shib hisoblanadi.
  • Chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilsa va nisobga yetsa, ulardan ham zakot beriladi. Tuyaning soni 5 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y beriladi. Qora molning soni 30 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta bir yoshli buzoq beriladi. Qo‘y va echkining soni 40 ta bo‘lsa nisobga yetgan bo‘lib, undan zakot uchun bitta qo‘y yoki echki beriladi. Tijorat niyatida uyda boqilayotgan hayvonlarni soni qancha bo‘lishidan qat’iy nazar, ularning qiymati hisoblanadi. Agar qiymati nisobga yetsa, qirqdan biri zakot uchun beriladi (“Sharhul viqoya”).
  • Chorva mollarini sotish niyatida boqayotgan bo‘lsa, ularning necha bosh ekaniga qarab emas, balki o‘sha kundagi qiymatini hisoblab, bir yilga to‘lgan bo‘lsa, zakot chiqariladi (“Olamgiriya, Badoye”).

Alloh taolo Ramazon oyini barchamizga muborak qilsin! Bu oydagi savobli amallarni bizga oson qilib, gunohlardan forig‘ bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

25.06.2025   930   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.

Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.

  • - Aholi vakillari tomonidan turli masalalar bo‘yicha shar’iy hukmlar, ularning amaliy tatbiqlari yuzasidan savollar berildi;
  • - Nikoh, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi kabi mavzulardagi murojaatlar ko‘rib chiqildi;
  • - Ayrim ehtiyojmand fuqarolar tomonidan tushgan moddiy ko‘mak so‘rovlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi;
  • - Sohani yanada rivojlantirish, masjidlarni obod qilish, yoshlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibotlarni kuchaytirish kabi bir qator konstruktiv takliflar bildirildi.

Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati