Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

17.04.2020 y. Ramazon – rahmat oyi

14.08.2020   6325   13 min.
17.04.2020 y. Ramazon – rahmat oyi

بسم الله الرحمن الرحيم

الْحَمْدُ للهِ الَّذِي مَنَّ عَلَى عِبَادِهِ بِمَوَاسِمِ الْخَيْرَاتِ، لِيَغْفِرَ لَهُمْ بِذَلِكَ الذُّنُوبَ وَالسَّيِّئَاتِ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى أَشْرَفِ الْمَخْلُوقَاتِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ مَدَى الأَوْقَاتِ، اَمَّا بَعْدُ

Ramazon – rahmat oyi

Muhtaram azizlar! Diyorimizga oylarning sultoni, mehr-shafqat, saxovat ramzi, Qur’oni karim oyi – mohi Ramazon kirib kelmoqda. Alloh taolo barchamizga ushbu oyni muborak qilib, O‘zi rozi bo‘ladigan ko‘plab ibodatlarni bajarishimizga muvaffaq aylasin!

Ramazon oyida Alloh taolo bizga ro‘za tutishni farz qilgan. Bu haqda Qur’oni karimda bunday bayon qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِنْ قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ

(سورة البقرة/183).

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).

Ramazon barakotidan unda bir nafl ibodat qilinsa, farz ibodatini savobi berilishi, bir farz ibodat qilinsa, yetmishta farzni savobi berilishi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga shunday nasihat qilganlar:

"يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّهُ قَدْ أَظَلَّكُمْ شَهْرٌ عَظِيمٌ شَهْرٌ مُبَارَكٌ فِيهِ لَيْلَةٌ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ فَرَضَ اللَّهُ صِيَامَهُ وَجَعَلَ قِيَامَ لَيْلِهِ تَطَوُّعًا فَمَنْ تَطَوَّعَ فِيهِ بِخِصْلَةٍ مِنَ الْخَيْرِ كَانَ كَمَنْ أَدَّى فَرِيضَةً فَمَا سِوَاهُ وَمَنْ أَدَّى فِيهِ فَرِيضَةً كَانَ كَمَنْ أَدَّى سَبْعِينَ فَرِيضَةً وَهُوَ شَهْرُ الصَّبْرِ وَالصَّبْرُ ثَوَابُهُ الْجَنَّةُ وَهُوَ شَهْرُ الْمُوَاسَاةِ وَهُوَ شَهْرٌ يُزَادُ رِزْقُ الْمُؤْمِنِ فِيهِ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ عِتْقُ رَقَبَةٍ وَمَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ" قِيلَ: يَا رَسُولَ اللهِ لَيْسَ كُلُّنَا يَجِدُ مَا يُفَطِّرُ الصَّائِمَ قَالَ: "يُعْطِي اللَّهُ هَذَا الثَّوَابَ مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا عَلَى مَذْقَةِ لَبَنٍ أَوْ تَمْرَةٍ أَوْ شَرْبَةِ مَاءٍ وَمَنْ أَشْبَعَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مَغْفِرَةٌ لِذُنُوبِهِ وَسَقَاهُ اللَّهُ مِنْ حَوْضِي شَرْبَةً لاَ يَظْمَأُ حَتَّى يَدْخُلَ الْجَنَّةَ وَكَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ مِنْ غَيْرِ أَنْ يَنْقُصَ مِنْ أَجْرِهِ شَيْئًا وَهُوَ شَهْرٌ أَوَّلُهُ رَحْمَةٌ وَأَوْسَطُهُ مَغْفِرَةٌ وَآخِرُهُ عِتْقٌ مِنَ النَّارِ وَمَنْ خَفَّفَ عَنْ مَمْلُوكِهِ فِيهِ أَعْتَقَهُ اللَّهُ مِنَ النَّارِ"

(أخرجه الإمام البيهقي عَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ رضي الله عنه).

ya’ni: “Ey, insonlar! Ulug‘, muborak oy sizlarga soya solib turibdi. Bu oyda ming oydan ko‘ra yaxshiroq bir kecha bor. Alloh taolo bu oyning ro‘zasini farz qildi, kechasi bedor bo‘lishni nafl qildi. Kim unda biror bir yaxshilik ila Allohga yaqinlik hosil qilsa, xuddi boshqa oylarda farzni ado qilganga o‘xshaydi. Kim unda bir farz amalni ado etsa (boshqa oylarda) yetmishta farzni ado qilgandek bo‘ladi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda mo‘min kishining rizqi ziyoda bo‘ladi. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning Rasuli! Hammamiz ham ro‘zadorga beradigan iftorlik topa olmaymiz-ku”, – deyishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Alloh taolo bu savobni ro‘zadorga bir yutum sut yo bir dona xurmo yo bir qultum suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham beradi, kim ro‘zadorni to‘ydirsa, bu uning gunohlariga kafforat bo‘ladi va Alloh taolo uni mening havzimdan sug‘oradiki, undan keyin to jannatga kirguncha chanqamaydi. Iftorlik qilib berganga ham ro‘zadorning ajridan biror narsa kamaytirilmagan holda, uning ajriga teng savob bo‘ladi. Bu oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri jahannamdan ozod bo‘lishdir. Kim Ramazon oyida qo‘l ostidagi (xizmatchisi)ga yengillik qilsa, Alloh taolo uni mag‘firat qiladi va uni do‘zaxdan ozod qiladi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ramazon ro‘zasini tutganlar jannatning alohida bir eshigidan kirishi xushxabarini berib, shunday marhamat qilganlar:

"إِنَّ فِي الْجَنَّةِ بَابًا يُقَالُ لَهُ الرَّيَّانُ يَدْخُلُ مِنْهُ الصَّائِمُونَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ لا يَدْخُلُ مِنْهُ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ يُقَالُ أَيْنَ الصَّائِمُونَ فَيَقُومُونَ لا يَدْخُلُ مِنْهُ أَحَدٌ غَيْرُهُمْ مِنْهُ فَإِذَا دَخَلُوا أُغْلِقَ فَلَمْ يَدْخُلْ مِنْهُ أَحَدٌ"

(رَوَاهُ الإمَامُ البُخَارِيُّ عَنْ سَهْلِ بْنِ سَعْدٍ رضي الله عنه).

ya’ni: “Jannatning Rayyon degan bir eshigi bor. Qiyomat kuni undan ro‘zadorlargina kiradi. Ulardan boshqa biror kishi Rayyon eshigidan kirolmaydi. Shunda “Ro‘zadorlar qani?” deyiladi. Shunda ro‘zadorlar undan kirib boshlaydilar, ro‘zadorlardan boshqa hech kim kirolmaydi Ularning oxirgisi kirib bo‘lishi bilan eshik berkitiladi. Undan boshqa hech kim kirmaydi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shu kunlarda ro‘za tutish istagidagi insonlarni karantin sharoiti bir oz xavotirga solmoqda. Lekin xavotirga o‘rin yo‘q, karantinda ro‘za tutish odatiy ro‘zadan farq qilmaydi. Qo‘llarni tez-tez yuvish, antiseptik vositalardan foydalanish ro‘zani ochmaydi. Shuningdek, zarurat bo‘lsa og‘izni chayqashning ham zarari yo‘q. Tomoqdan (halqumdan) suv o‘tmasa, ro‘za buzilmaydi.

Shuningdek, karantin sababli masjidlarga, jamoat namozlariga chiqishning imkoni bo‘lmaganda, televizor yoki radiodan imomga iqtido qilib taroveh yoki juma namozini o‘qish joizmi degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shariatimiz ko‘rsatmalariga binoan radio yoki televizor orqali imomga iqtido qilib, juma, taroveh yoki besh vaqt farz namozlarini o‘qish durust emas. Chunki, bu holatda imomga iqtido qilish shartlari topilmaydi. Ya’ni, namozda imomga iqtido qilish durust bo‘lishi uchun imom bilan unga ergashuvchining makoni bitta bo‘lishi, ya’ni bir joyda turishlari shart.

Islom ummatiga sunnat bo‘lgan, Ramazon oyining qiyomi – Taroveh namozini karantin vaqtida masjidda ado qilish imkoniyati bo‘lmagani bois, uyda yolg‘iz ado etish ham joiz. Lekin xonadon ahli bilan jamoat bo‘lib ado qilish afzaldir. Taroveh namozida ham imomdan tashqari bir kishi bo‘lsa, jamoat bilan ado qilingan bo‘ladi va jamoat savobi hosil bo‘ladi”.

Dinimizda ro‘zadorga iftorlik berish ulkan savob hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim bir ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, unga ham o‘sha ro‘zador ega bo‘lgan savobga teng ajr beriladi”.

Shunday ekan, karantin sababli ziyofat qilib berishning imkoni bo‘lmaganda, iftorlik xarajatlarini homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali muhtoj va kambag‘al ro‘zadorlarga berish bilan kishi ularga iftorlik qilib berganni savobini oladi. Chunki, iftorlik qilish deganda, faqatgina dasturxon yozib, to‘p-to‘p odam aytishni tushunmaslik kerak. Hozirgi kunda kambag‘al, muhtoj kishilarga taom yoki kerakli mablag‘ni berish eng yaxshi iftorlikdir.

         Muhtaram azizlar! Odatda, har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan nisob miqdori Ramazon oyida e’lon qilinar edi. Lekin, yurtimizda Koronavirus epidemiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida karantin e’lon qilindi va bu aksariyat aholining daromadlari qisqarishiga olib keldi.

Tabiiyki, bunday paytda aholining moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qismini qo‘llab quvvatlash juda muhim va ayni paytda ajr-savobi ko‘p bo‘lgan amaldir. Xalqning boshiga mashaqqat kelganda, Ramazon oyi kelishini kutib turmasdan, boy-badavlat kishilar mollarining zakotini muhtojlarga berishlari ayni muddao bo‘ladi.

Shuning uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati zakot nisobini Sha’bon oyida chiqarishga qaror qildi. Zero, Sha’bon oyi ham fazilatli oylardan biridir. Qolaversa, hozirgi sinovli davrda zakot berish muhtojlarga yanada manfaatli bo‘lib, zakotning savobini bir necha barobar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

Ushbu qarorga binoan, 2020 yil uchun ZAKOT nisobi 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘m deb belgilandi. Mazkur qiymatning qirqdan biri 531 250 (besh yuz o‘ttiz bir ming ikki yuz ellik) so‘mga teng bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan kishi, jami mablag‘ining qirqdan birini zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga beradi.

Aziz vatandoshlar! Bugungi sinovli kunlarda, kambag‘al va muhtojlarning ehtiyojlari yanada ortgan bir paytda mablag‘lari nisobga yetgan kishilar zimmalaridagi farz zakotni tezroq ado qilishlari maqsadga muvofiqdir. Chunki, zakoti berilgan mol har qanday balo va ofatlardan saqlanishi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"حَصِّنُوا أَمْوَالَكُمْ بِالزَّكَاةِ وَدَاوُوا مَرْضَاكُمْ بِالصَّدَقَةِ وَأَعِدُّوا لِلْبَلاءِ الدُّعَاءَ"

(رواه الإمام أبو داود عَنِ الْحَسَنِ الْبَصْرِي رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya’ni: Mollaringizni zakot berish bilan himoya qiling. Kasallaringizni sadaqa berish bilan davolangiz va turli balo-ofatlarga duoni hozirlangiz” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).

Demak, bunday sinovli kunlarda zakot bergan kishi birinchi navbatda molini xatardan asraydi va kambag‘allarning mushkillarini oson qiladi, ularning duolarini oladi.

Boshqa bir hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"إِذَا أَدَيْتَ زَكَاةَ مَالِكَ فَقَدْ قَضَيْتَ مَا عَلَيْكَ"

(رواه الإمام الترمذي عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ)

ya’ni: “Qachon molingizni zakotini ado qilsangiz, albatta, zimmangizdagi burchni bajaribsiz, dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Zakot zimmasiga farz bo‘lgan kishi uni muhtojlarga bermasligi bilan gunohkor bo‘ladi, farzni tark qilgan kishiga aylanadi. Imom Muhammad rahmatullohi alayh: “Zakotni qasddan bermay kechiktirib yurgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi”, deganlar.

Shayton odamlarni, xususan zakot beruvchilarni kambag‘allik bilan qo‘rqitadi. Zakot sababli moli kamayib ketadi deb vasvasa qiladi. Biroq mol-davlat faqirga berish bilan hargiz kamaymaydi. Balki egasi o‘ylamagan tomonidan Alloh taolo molini ziyoda qiladi.

Zakot berishi vojib bo‘lgan kishi o‘z vaqtida zakotini chiqarmasa, moli halokatga uchrashi haqida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

"مَا خَالَطَتِ الْزَكَاةُ مَالًا قَطُّ إِلَّا أَهْلَكَتْهُ"

(رواه الإمام البخاري عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُا)

ya’ni: “Qachon bir molga zakot aralashsa, albatta, uni halok qiladi

(Imom Buxoriy rivoyatlari). Demak,  zakot berish qolgan molning o‘sishiga, ko‘payishiga, eng muhimi, barakali bo‘lishiga va turli balo ofatlardan saqlanishiga sabab bo‘ladi.

Zakotni vakil orqali ham muhtojlarga berish mumkin. Hozirgi kunda ham ko‘plab xayriya markazlari tashkil etilgan bo‘lib, jamiyatdagi muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlab kelishmoqda. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining qoshida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilgan. Bu tashkilot tomonidan karantin holatida zakot mablag‘larini qabul qilish va tarqatish mexanizmlari ishlab chiqildi.

Fuqarolardan zakot mablag‘lari Paynet, Rayme, Click, UPay, MBank, Uzcard, Milliy, Agrobank va Oson mobil to‘lov tizimlari hamda joylarga joylashtirilgan tijorat banklarining infokioskalari orqali maxsus “Zakot” hisob raqamiga qabul qilinadi.

“Vaqf” fondida to‘plangan mablag‘lar haqida onlayn rejimida ma’lumotlar berib boriladi.

Zakot mablag‘lari fuqarolarning murojaatlariga muvofiq arizachilarning bank plastik kartalariga pul o‘tkazish yo‘li orqali o‘tkazib beriladi. Bugungi karantin holatini e’tiborga olib bu uslubning joizligi haqida ulamolar fatvo berganlar.

Zakot mablag‘larini haqdorlarga yetkazilishi haqida “Vaqf” fondi saytida onlayn rejimida har haftada moliyaviy hisobot hamda OAVda axborotlar berib boriladi.

Qayd etish kerakki, zakotni o‘zaro tug‘ilish aloqasi bo‘lganlar, ya’ni, ota-onasi, bobo-momosi, o‘g‘il-qizlari va nabiralari, er-xotinlik aloqalari bo‘lganlar, ya’ni, er yoki xotinga berishi mumkin emas. Aka-uka, opa-singillarga esa, zakot berish mumkin.

Zakot berishni yaqin qarindoshlardan boshlansa, ham Alloh taoloning buyrug‘i ado bo‘ladi, ham qarindosh-urug‘lik rishtalari mustahkamlanadi. Silai rahmga amal qilish – Alloh taoloni rozi qiladigan ishlardan biridir.

Alloh taolo kelayotgan Ramazon oyini barchamizga muborak qilsin! Bu oydagi savobli amallarni bizga oson qilib, gunohlardan forig‘ bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

12.08.2026   29600   3 min.
“Solombo Times”: O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirish davlat siyosatiga aylangan

Shri-Lankaning “Solombo Times” nashrida “O‘zbekistonda Yangi uyg‘onish davri: kelajak texnologiyalari yordamida buyuk o‘tmishni qayta tiklash” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Shri-Lankalik taniqli jurnalist Fazan Navaz tomonidan yozilgan ushbu materialda so‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, “Uchinchi Renessans” g‘oyasini amalga oshirishga qaratilgan islohotlar va ularning samarali natijalari xususida so‘z yuritilgan.

Muallifning yozishicha, Markaziy Osiyo markazida sokin, ammo ulkan ahamiyatga ega inqilob yuz bermoqda. Bu kurash qurol-yarog‘ bilan emas, balki qo‘lyozmalar, muzeylar va mikrochiplar yordamida amalga oshirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston Samarqand va Buxoro kabi shaharlar jahon ilm-fani, she’riyati va falsafasining yetakchi markazlari bo‘lgan O‘rta asrlardagi “Oltin asr” shon-shuhratini qayta tiklashga intilmoqda.

Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, O‘zbekiston ming yildan ziyod tarixga ega madaniy merosni asrash, qayta tiklash va keng ommaga yetkazish uchun sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan faol foydalanmoqda.

Nashrda O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi hamda uni saqlash bo‘yicha islohotlarga to‘xtalib o‘tilgan. Qayd etilganidek, bu zamin insoniyat tarixidagi eng buyuk allomalarga beshik bo‘lgan. Astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek Samarqandda yulduzlarni hayratlanarli darajada aniq kuzatish imkonini bergan rasadxona barpo etgan. Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi olimlari esa Yevropada Renessans boshlanishidan ancha avval matematika va tibbiyot sohalarida yuksak yutuqlarga erishgan edi.

O‘zbekiston yetakchisi bu tarixiy merosni tez-tez tilga olib, Mirzo Ulug‘bekni nafaqat buyuk olim, balki ilm-fanni eng yuksak qadriyat deb bilgan davlat arbobi sifatida ta’riflaydi. Davlat rahbari bugungi yangilanish jarayonini “Uchinchi Renessans” deb atab, uni O‘zbekistonning ilmu ma’rifat va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini qayta tiklashga qaratilgan umummilliy loyiha sifatida baholaydi. Tarixchilar ta’biri bilan aytganda – bu atama mintaqada avval mavjud bo‘lgan ikki buyuk yuksalish davridan keyingi navbatdagi uyg‘onish bosqichini anglatadi.

Muallifning fikricha, O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish shunchaki gap emas, balki davlat siyosatiga aylangan. 

“Bu ulkan maqsadning eng yorqin ramzi joriy yil Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazidir. 2026 yil mart oyida 40 mamlakatdan tashrif buyurgan 1500 dan ortiq mutaxassis ishtirokida qurib bitkazilgan mazkur markaz o‘z bag‘rida islom olamining eng noyob yodgorliklaridan biri – VII asrga mansub Usmon Mus'hafini saqlaydi. Shuningdek, bu yerda ilmiy laboratoriyalar, restavratsiya ustaxonalari va arxivlar faoliyat yuritadi. Markaz allaqachon dunyodagi eng chiroyli yangi muzeylardan biri sifatida e’tirof etilgan”, – deya qayd etgan jurnalist.

 Materialda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yondashuvining boshqalardan ajratib turadigan muhim jihati –  bu sun’iy intellektdan iqtisodiy taraqqiyot vositasi sifatidagina emas, balki madaniy merosni muhofaza qilish vositasi sifatida ham foydalayotganidadir.

Sun’iy intellekt turizm sohasini ham tubdan o‘zgartirmoqda. Bu tashabbus 2026 yilda mamlakatga 12 million sayyohni jalb qilish rejasining bir qismi hisoblanadi.

Fazan Navaz o‘z maqolasini “Uchinchi Renessans” o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga to‘liq erishadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biroq bugunning o‘zidayoq O‘zbekiston qanday yo‘ldan odimlab borayotgani aniq ko‘rinib turibdi”, – degan so‘zlar bilan yakunlagan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari