بسم الله الرحمن الرحيم
SABR – NAJOTNING KALITI
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ رب العالمين، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ محمد الأمين وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
Hurmatli jamoat! Ma’lumki, 2020 yilda dunyoni qamrab olgan COVID-19 Koronavirus pandemiyasi tinch va osuda hayotga odatlangan mamlakatlar aholisi uchun jiddiy sinov bo‘ldi. Koronavirus yuqumli kasalligi shiddat bilan tarqalayotgan paytda har bir musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘rishi lozim. Shariatimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi.
Ayni paytda sog‘liqni saqlash mutaxassislari fuqarolarimizdan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rashmoqda. Ushbu ko‘rsatmalarga amal qilish har birimiz uchun juda muhimdir.
Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanishi bilan ba’zilar o‘zlarini bozorlarga, do‘konlarga urdi. Erta-indin ocharchilik bo‘ladigandek, uzoq vaqtga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab olishdi. Vaholanki, bu mahsulotlar u kishilarning bir necha oylik iste’moliga ham yetadi. Tabiiyki, ortiqcha mahsulotlarning sifati buzilib, iste’molga yaroqsiz holga keladi. Bu esa, isrof hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda isrof haqida shunday marhamat qilgan:
إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُورًا
ya’ni: “Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukur edi” (Isro surasi, 27-oyat).
Shunday ekan, bunday paytda kishi oilasiga kifoya qiladigan zaruriy oziq-ovqatlarni olib, boshqalar ham olishiga imkon qoldirishi dinimizda maqtalgan amal hisoblanadi. O‘zlari xush ko‘rgan narsani o‘zgalarga ilinadigan mo‘minlar haqida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan:
وَيُؤْثِرُونَ عَلَى أَنْفُسِهِمْ وَلَوْ كَانَ بِهِمْ خَصَاصَةٌ وَمَنْ يُوقَ شُحَّ نَفْسِهِ فَأُولَئِكَ هُمُ الْمُفْلِحُونَ
ya’ni: “O‘zlarida ehtiyoj bo‘la turib, boshqa muhtojlarni o‘zlaridan ustun qo‘yadilar. Kimki o‘z nafsi baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar (oxiratda) najot topuvchidirlar” (Hashr surasi, 9-oyat).
Bu oyati karimada madinalik musulmonlar qanchalik oliyhimmat muruvvatli va saxiy ekani ta’rif etilgan. Zero, dinimizda kishi muhtoj bo‘la turib, narsalarini o‘zga muhtojlarga ehson qilishi saxovat va karamning eng yuqori cho‘qqisi hisoblanadi.
Azizlar bu sinovli kunlarda barchamiz sabr qilib, birdam bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, inshaalloh tez kunlarda qiyinchilik ortidan yengillik va farovonlik keladi. Chunki, Alloh taolo Qur’oni karimda bandalariga bir qiyinchilik ortidan albatta, yengillik kelishini bayon qilib, shunday degan:
فَإِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا. إِنَّ مَعَ الْعُسْرِ يُسْرًا
ya’ni: “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir. Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir (Sharh surasi, 5-6-oyatlar).
Bu oyatni tafsir qilgan ulamolarimiz albatta, bir qiyinchilikdan keyin ikki yengillik bor, deydilar. Tafsiri Tabariyda shunday deyiladi: “Bu oyati karima nozil bo‘lganda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
أبْشِرُوا أتاكُمُ اليُسْرُ، لَنْ يَغْلِبَ عُسْرٌ يُسْرَيْنِ
ya’ni: “Xursand bo‘linglar! Sizlarga yengillik keladi. Hargiz bir qiyinchilik ikki yengillikdan ustun kelmaydi” (“Tafsiri Tabariy”).
Darhaqiqit, Alloh taolo bandalarini qiyinchilikka tashlab qo‘ymaydi, balki tezda yengillik beradi. Alloh taolo oyati karimada shunday marhamat qiladi:
سَيَجْعَلُ اللَّهُ بَعْدَ عُسْرٍ يُسْرًا
ya’ni: “Albatta Alloh tezda tanglikdan keyin yengillikni paydo qilur” (Taloq surasi, 7-oyat).
Alloh taolo mana shunday oz muddatli qiyinchilik kunlarida sabr qilgan, ibodatlarda qoim bo‘lgan, muhtojlarga yordam bergan va chiroyli xulqlarini saqlab qolganlarga oxirat saodatini va’da qiladi:
وَالَّذِينَ صَبَرُوا ابْتِغَاءَ وَجْهِ رَبِّهِمْ وَأَقَامُوا الصَّلَاةَ وَأَنْفَقُوا مِمَّا رَزَقْنَاهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً
وَيَدْرَءُونَ بِالْحَسَنَةِ السَّيِّئَةَ أُولَٰئِكَ لَهُمْ عُقْبَى الدَّارِ
ya’ni: “Parvardigorlarining roziligini istab, (turli mashaqqatlarga) sabr qilib, namozlarini barkamol ado etgan va Biz rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilgan hamda yomonlikka yaxshilik qaytaradigan zotlar, aynan o‘shalar uchun dunyo oqibati (jannat) bordir” (Ra’d surasi, 22-oyat).
Gohida inson yomonlik deb o‘ylagan narsa unga yaxshilik bo‘lib chiqadi. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
عَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَهُوَ خَيْرٌ لَكُمْ وَعَسَى أَنْ تُحِبُّوا شَيْئًا وَهُوَ شَرٌّ لَكُمْ وَاللَّهُ يَعْلَمُ وَأَنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
ya’ni: “Sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar” (Baqara surasi, 216-oyat).
Dunyoda xursandchilik bilan xafachilik doim yonma-yon yuradi, lekin Alloh taolo bandalariga yetgan aziyatlar sababli ularning darajalari ko‘tarilishi, qalblari poklanishi va gunohlari yuvilib ketishini xohlaydi. Bu haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom bir nechta hadislarida marhamat qilganlar. Jumladan:
ما يصيبُ المؤمنَ من شوكةٍ فما فوقها، إلَّا رفعه اللهُ بها درجةً، أو حطَّ عنه خطيئةً
(رواه الإمام مسلم)
ya’ni:“Mo‘min kishiga biror tikan kirsa yoki undan kattaroq musibat yetsa, albatta, Alloh ana shu sababli uning darajalarini ko‘taradi yoki uning xatolarini o‘chiradi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Boshqa bir hadisda shunday deyiladi:
إن عِظَم الجزاء من عِظَم البلاء، وإن الله إذا أحب قوماً ابتلاهم، فمن رضي فله الرضا،
ومن سخط فله السخط
(رواه الإمام الترمذي والإمام ابن ماجه)
ya’ni: “Savobning ulug‘ligi balo-musibatning kattaligiga qarabdir. Agar Alloh bir qavmni yaxshi ko‘rsa, ularga sinov yuboradi. Kim bunga rozi bo‘lsa, Alloh ham undan rozi bo‘ladi. Kim sinov-musibatdan g‘azablansa, unga ham g‘azab bo‘ladi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Demak, inson musibatlarni Alloh taolodan bilib, sabr-toqatli va shukrli bo‘lsa, jazavaga tushmasa, o‘z holatidan g‘azablanmasa, unga Alloh taoloning roziligi, yordami va fazli bo‘ladi.
Azizlar! Shuni ham yaxshi tushunib olishimiz kerakki, ba’zi bir sinov imtihonlarni banda o‘ziga Alloh taoloning g‘azabi deb bilmasligi kerak. Balki yaxshi gumon qilib, tezda bu balolarning ketishi va izidan yaxshiliklar olib kelishini umid qilishi lozim. Balolarni eng ko‘p daf qiladigan narsa Alloh taologa yaxshi gumon bilan duo qilishdir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam dedilar:
يقول الله تعالى: "أنا عند ظن عبدي بي، وأنا معه إذا ذكرني"
(رواه الإمام البخاري عن أبي هريرة رضي الله عنه) .
ya’ni: “Alloh aytadi: “Men bandamning Men haqimdagi gumonidaman va Meni eslaganida u bilan birga bo‘laman” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Hofiz Ibn Hajar “Fathul-Boriy” nomli kitobida yuqoridagi hadisni bunday sharhlaganlar:“Men bandamni Men haqimdagi gumoniga qarab mukofotlayman. Agar u Mening rahmatimni umid qilsa va uni afv qilishim hamda kechirishimni gumon qilsa, unga umid qilgan narsalari beriladi. Chunki bu ne’matdan umid qiluvchi inson faqat mo‘min insondirki, u o‘ziga munosib mukofot ato qiluvchi Rabbisi borligini biladi. Agar banda Mening rahmatimdan umidini uzsa va Meni jazolaydi, azoblaydi, deb o‘ylasa, unga shu ish bo‘ladi”.
Payg‘ambarimiz alayhissalom va Abu Bakr raziyallohu anhu Makka mushriklaridan qochib, Savr g‘orida yashiringanlarida mushriklar ularni ta’qib qilib kelishadi. Shu paytda Abu Bakr raziyallohu anhu sarosimaga tushib, yig‘lab yuboradilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Mahzun bo‘lmang, albatta Alloh biz bilan. Alloh uchinchisi bo‘lgan ikki kishi haqida nima gumonda bo‘lasiz?” – dedilar. Ya’ni, Alloh biz bilan birga, bizni hech qachon yordamsiz tashlab qo‘ymaydi, deya yaxshi gumonda bo‘ldilar.
Payg‘ambar alayhissalomga ergashgan har bir mo‘min-musulmon har qanday qiyinchilik paytlarda ham umidsizlikka tushmasligi, odamlarni ham sarosimaga solmasligi, “Ushbu ishlarda Alloh bizga yordamchi bo‘ladi”, – deya yaxshi gumonda bo‘lishi lozim bo‘ladi.
Balo-ofatlar va turli kasalliklar paytida kishi o‘zini qanday tutishi haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom quyidagi so‘zlarini aytadilar:
"إِنَّ الدُّعاءَ يَـنْـفَعُ مِمَّا نَـزَلَ ومِمَّا لمْ يَنْزِلْ، فَـعَـلَـيكُم عِبادَ اللهِ بالدُّعاءِ"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Albatta duo nozil bo‘lgan va kelajakda nozil bo‘ladigan musibatlarda naf beradi. Ey, Allohning bandalari! Duoga mahkam bo‘linglar!” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Ulug‘lardan birlari kishiga sinov va turli kasalliklar paytida quyidagi amallarni tavsiya qilganlar:
"ومِنْ أَعْظَمِ عِلاجات المرضِ: فِعْلُ الخيرِ والإِحسان، والذِّكْـرُ، والدُّعاءُ، والتَّـضَرُّعُ، والابتهالُ إلى الله، والتَّوبةُ، ولهذه الأمور تأثيرٌ في دَفْعِ العِلَل، وحُصُولِ الشِّفاءِ"
ya’ni: “Kasallikni eng ustuvor davosi: yaxshilik va ehson qilish, zikr, duo, tavba-tazarru’, Allohga yig‘lab yolborishdir. Mazkur amallar kasallik daf bo‘lishi va shifoning hosil bo‘lishida juda katta ta’sirga egadir”.
Bilol raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar:
"عليكُمْ بِقيامِ اللَّـيْـلِ؛ فإِنَّـهُ دَأبُ الصَّالِحينَ قَبلكُم، وإِنَّ قِيامَ اللَّيلِ قُربَـةٌ إلى اللهِ، ومَنْهاةٌ عنِ الإِثْمِ، وتكفِيرٌ للسَّيِّـئاتِ، ومَطْرَدَةٌ لِلدَّاءِ عنِ الجَسَد"
(رواه الإمام الترمذي)
ya’ni: “Kechasi qoim bo‘lishni o‘zingizga lozim tutinglar. Bu sizlardan oldingi solihlarning odatidir. Kechasida qoim bo‘lish Allohga qurbat, gunohdan to‘suvchi, xatolarga kafforat va jasaddan kasallikni daf qiluvchidir” (Imom Termiziy rivoyatlari.)
Muhtaram jamoat! Mana shunday sinovli kunlarda ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish, boquvchisiz oilalarga ko‘mak berish eng savobli amallardan sanaladi.
Allohga hamdlar bo‘lsinki, hukumatimiz miqyosida bunga katta e’tibor qaratilmoqda. Muhtaram Yurtboshimiz “Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon loyihasini tayyorlashga ko‘rsatma berdilar. Ushbu farmon loyihasiga ko‘ra yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, kam ta’minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlarini ko‘paytirish va narxlari oshishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Nu’mon ibn Bashir raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning bir birlariga mehr-muhabbat, rahm-shafqat va mehribonligining misoli xuddi bir jasad kabiki, uning birorta a’zosi og‘risa, jasadning qolgan (a’zolar)i uning uchun bedorlik hamda istma ila bezovta bo‘lishadi”, – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Ushbu hadisda musulmonlarning haqqi qay darajada ulug‘ ekani, ularga o‘zaro mehr-shafqat va yordam ko‘rsatish lozimligi bayon qilinmoqda. Bir a’zo og‘riganda boshqa a’zolar rohatlana olmaganidek, bir insonga qiyinchilik yetganida qolgan musulmonlar o‘zlariga yetgan musibatdek qabul qilishlari, yordamga shoshishlari lozimligi ta’kidlanmoqda.
Qavmu qarindosh va mahalla ichida boquvchisi yo‘q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib, mashaqqat va tashvishlarini aritish ham mo‘minning og‘irini yengil qilishga kiradi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:
وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ
(رواه الإمام الطبراني)
ya’ni: “Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi)” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Dinimiz ezgulik, yaxshilik, mehr-muruvvat, xayru saxovat dinidir. Muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish, o‘zganing ehtiyojini o‘zinikidan ustun ko‘rish dinimizda eng yuksak qadrlanadigan, barchaga o‘rnak qilib ko‘rsatiladigan chinakam islomiy fazilatdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining joylardagi vakilliklari tomonidan qurbonliklar so‘yilib, go‘shtlari muhtoj oilalarga xayriya sifatida tarqatildi. Saxovatpesha xalqimiz tomonidan ham tinimsiz xayriyalar tashkil etilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab ibratli ishlar amalga oshirilmoqda.
Lekin mana shunday sinovli kunlarda yana bir kamchiligimiz ko‘zga tashlanib qolmoqda. U ham bo‘lsa ayrimlarimiz tomonidan imkoniyati bo‘la turib o‘zini muhtoj qilib ko‘rsatish, tama’ qilish holatlari yuzaga chiqib qolmoqda.
Imom Ahmad ibn Hanbal raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiyimiz alayhissolatu vassalom: “Kim o‘zida yetarli narsa bo‘laturib odamlardan tilansa, Qiyomat kuni yuzi tirnalgan holda keladi”, – dedilar.
Eng muhimi, ayni kunlarda mo‘min-musulmonlar vahimaga tushmasdan, bosiqlik bilan ish yuritsak, Allohga tavakkul qilib, gunohlarimizga sidqidildan tavba qilsak, Qur’oni karimni xatm qilib, Allohga yolborsak, inshaalloh, bu sinov boshimizdan tez kunlarda ariydi.
Alloh taolo dunyo xalqlarini, jumladan, yurtdoshlarimizni bunday kasallik va ofatdan tez kunlarda xalos qilib, osuda va farovon turmush tarzini nasib aylasin! Omin!
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar