Shu yil 12 avgust kuni Toshkent viloyat Adliya boshqarmasi tomonidan Olmaliq shahri «Evalak» MFY Faxriylar ko‘chasi 50-uyda joylashgan «Hilol» masjidi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, uning ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.
Ta’kidlash joizki, shu kunga qadar 150 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan Olmaliq shahrida bitta masjid faoliyat ko‘rsatayotgan edi.
Mazkur masjid ochilishi bilan Toshkent viloyatidagi masjidlar soni 225 taga , Respublikamizdagi masjidlar soni esa 2071 taga yetadi.
Alloh taolo ushbu jome masjidni xalqimizga muborak aylasin, toatu ibodatlarni bardavom qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati