بسم الله الرحمن الرحيم
SAXOVAT – JANNATGA YETAKLOVCHI FAZILAT
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي حَثَّ عِبَادَهُ الْمُؤْمِنِينَ عَلَى السَّخَاءِ وَالْكَرَمْ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي كَانَ مِنْ خُلُقِهِ الْجُودُ وَالْكَرَمْ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
Hurmatli jamoat! Dinimiz ta’limotlarida dunyo hayoti imtihon, sinov maydoni hisoblanadi. Shuning uchun dunyoda hamma mo‘min yoki hamma boy emas, yoki umr faqat yaxshi kunlardan iborat emas. Bu Alloh taoloning irodasi va adolati. Bu adolatning sirini anglashdan banda ojiz. Alloh taolo bandalariga uning taqdiri va taqsimiga rozi bo‘lish, imon keltirib, solih amallar qilishni buyuradi.
Dunyodagi imtihondan yaxshi o‘tish uchun boriga shukr qilish, haloldan topib, ezgulikka sarflash, saxiy bo‘lishni buyuradi. Uni baxillikdan, haddan oshib ketishdan qaytaradi. Kambag‘allikda tushkunlikka tushmaslik, Allohning rahmatidan umid uzmaslik, sabr-toqatli bo‘lish, halol kasb-kor bilan ahvolini o‘nglashni buyuradi.
Saxovat – bu ikki toifa o‘rtasini bog‘lovchi, ularni ulfat qiluvchi va har ikkisini dunyo imtihonidan yaxshi o‘tishiga yordam beruvchi amallardan biridir. Qur’oni karimning 70 dan ortiq oyatlarida odamlarga infoq-ehson qilish, ya’ni saxovat haqida gap ketadi. Isrof va baxillik qilmasdan ehson qilinsa, albatta Alloh taolo uning o‘rnini to‘ldiradi. Bu haqda oyati karimada shunday deyiladi:
قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ
ya’ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
"مَا مِنْ يَوْمٍ يُصْبِحُ الْعِبَادُ فِيهِ إِلاَّ مَلَكَانِ يَنْزِلانِ، فَيَقُولُ أَحَدُهُمَا: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُنْفِقًا خَلَفًا، وَيَقُولُ الآخَرُ: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُمْسِكًا تَلَفًا" (متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه(
ya’ni: “Bandalar tongga yetadigan har bir kunda ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Ey, Alloh! Infoq-ehson qiluvchining moliga xalaf (o‘rnini to‘ldiruvchi) bergin”, - desa, boshqasi: “Ey, Alloh! Baxilning moliga talofat bergin” – deydi” (Muttafaqun alayh). Darqiqat, Alloh taolo farishtalar tomonidan saxiy va baxil haqida qilingan duoni ijobat qiladi. Chunki farishtalarning duosi qabul.
Yana bir hadisi qudsiyda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:
"قَالَ الله تَعَالَى: أنفِق يَا ابْنَ آدَمَ يُنْفَقْ عَلَيْكَ" (متفقٌ عَلَيْهِ عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Alloh taolo aytdi: “Ey, Odam bolasi! Infoq qil, senga ham infoq qilinadi”.” (Muttafaqun alayh). Albatta, Alloh taolo va’dasiga xilof qilmaydi, infoq qilganga o‘zining fazli bilan rizq yetkazadi.
Saxovatdagi yana bir asosiy qoidalardan biri ehsondan keyin minnat va aziyatning bo‘lmasligidir. Mana shunday go‘zal yaxshilikning mukofotini Alloh taolo o‘z zimmasiga oladi:
الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ ثُمَّ لَا يُتْبِعُونَ مَا أَنْفَقُوا مَنًّا وَلَا أَذًى لَهُمْ أَجْرُهُمْ عِنْدَ رَبِّهِمْ
وَلَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ
ya’ni: “Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, keyinchalik bergan narsalari ketidan minnat va ozor yetkazmaydigan kishilar uchun Parvardigorlaridan mukofot bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 262-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ehsondan keyingi minnat va aziyat yomonligidan ogohlantirib shunday deydilar:
ثَلَاثَةٌ لَا يُكَلِّمُهُمْ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ الْمَنَّانُ بِمَا أَعْطَى وَالْمُسْبِلُ إِزَارَهُ وَالْمُنَفِّقُ سِلْعَتَهُ بِالْحَلِفِ الْكَاذِبِ (رواه الامام احمد في مسنده عَنْ أَبِي ذَرّ رضي الله عنه)
ya’ni: “Uch kishi borki, Alloh taolo ularga Qiyomat kuni gapirmaydi ham, qaramaydi ham, ularni (gunohlardan) poklamaydi ham va ularga alamli azob bo‘ladi. Ular – berganini minnat qiluvchi, izorini (kiyimini kibr bilan) sudrab yuruvchi va molini yolg‘on qasam bilan o‘tkazuvchi kishilardir” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).
Dinimizda maqtalgan olijanob xislatlardan yana biri o‘zi yaxshi ko‘rgan narsadan o‘zgaga ham ehson qilishdir. Yaxshilikning mukofoti jannatdir. Unga yetish uchun saxiylikning mana shu dovonidan o‘tish kerak bo‘ladi. Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Abu Talha Ansoriylar ichida xurmo bog‘lari ko‘p kishi edi. Uning eng sevimli bog‘i Bayroha edi. Bog‘ masjid (nabaviya)ning ro‘parasida bo‘lib, unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirar va shirin suvlaridan ichar edilar. “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar... (Oli Imron surasi, 92-oyat)” oyati tushganda Abu Talha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga borib: “Ey, Allohning Rasuli! Alloh taolo sizga, “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar”, oyatini tushirdi. Mening eng sevimli molim esa Bayroha bog‘idir. U Alloh yo‘liga sadaqa bo‘lsin! Uning savobi va (oxiratga) zaxira bo‘lishini Allohdan umid qilaman! Bog‘ni Alloh sizga bildirgan joyga sarflang!” – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bay-bay, juda foydali mol, juda foydali mol! Gapingni eshitdim, bog‘ni qarindoshlaringga bo‘lib berishingni ma’qul ko‘raman”- dedilar. Abu Talha: “Shunday qilaman, ey Allohning Rasuli!” – dedilarda bog‘ni qarindoshlari va amakisining o‘g‘illariga bo‘lib berdilar” (Muttafaqun alayh).
Saxovatning eng yuqori darajasi o‘zi muhtoj bo‘lib turib ehson qilishdir. Bu ishni “iysor” (lug‘aviy ma’nosi, “ustun qo‘yish”) deyiladi. Saxiylikning ziddi – baxillikdir. Kim baxillikdan saqlansa, u najot topuvchilardan bo‘ladi.
O‘zida bor narsalarni o‘zgalar bilan baham ko‘rish haqida bizga Payg‘ambarimiz alayhissalom go‘zal ishora beradilar:
طَعَامُ الاثْنَيْنِ كَافِي الثَّلاَثَةِ ، وَطَعَامُ الثَّلاَثَةِ كَافِي الأربَعَةِ )متفقٌ عَلَيْهِ عن أبي هريرة رضي الله عنه) .
ya’ni: “Ikki kishining taomi uch kishiga, uch kishining taomi esa to‘rt kishiga yetadi” (Muttafaqun alayh).
Demak, hech qachon ota-ona, yaqinlar va qo‘ni-qo‘shnilarimizga saxovatni unutmasligimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlardagi karantin holatida qiynalib qolganlar va muhtojlarga yordam berish yanada savobli ishdir. Aksincha, narx-navoni sun’iy ravishda oshirish, ayrim mahsulotlarni haddan oshiq ko‘p g‘amlab qo‘yish – qiyinchilikda faqat o‘zini o‘ylash va xudbinlikdir.
Sahih rivoyatlarda Usmon raziyallohu anhuning bir karvon oziq-ovqatni qiyinchilik kunida muhtojlarga ehson sifatida taqatganlari rivoyat qilingan. Saxovatlik boylarimiz xususan karantin kunlarida mana shunday jannatiy zotlardan o‘rnak olishsa ayni muddao bo‘lar edi. Chunki bu bilan ham o‘zimiz uchun oxiratga zaxira tayyorlaymiz, ham muhtojlarning ko‘nglini ovlaymiz.
Koronavirus yuqumli kasalligi shiddat bilan tarqalayotgan paytda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘rishi lozim. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom kasallik tarqagan vaziyatda sabablarni ushlash, kishi salomatligi uchun zarur choralarni ko‘rish lozimligini ta’kidlab shunday marhamat qilganlar:
إِنَّ هَذَا الْوَبَاءَ رِجْزٌ أَهْلَكَ اللَّهُ بِهِ الْأُمَمَ قَبْلَكُمْ وَقَدْ بَقِيَ مِنْهُ فِي الْأَرْضِ شَيْءٌ يَجِيءُ أَحْيَانًا وَيَذْهَبُ أَحْيَانًا فَإِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ فَلَا تَخْرُجُوا مِنْهَا وَإِذَا سَمِعْتُمْ بِهِ فِي أَرْضٍ فَلَا تَأْتُوهَ" (رواه الامام احمد عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, bu vabo – Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan bir ozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agar bir yerda vabo paydo bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar. Agar bir yerda vabo borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Muhtaram azizlar! Ayni paytda sog‘liqni saqlash mutaxassislari fuqarolarimizdan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rashmoqda. Ushbu ko‘rsatmalarga amal qilish har birimiz uchun juda muhimdir.
Dinimizda ham kasallik tarqalish xavfi bo‘lganda har kim uyida o‘tirishi, duo-tazarruni uyida, oilasi bilan qilishi, ko‘chaga zaruratsiz chiqmasligi tavsiya etiladi. Albatta, barcha narsa Allohning taqdiri bilan bo‘lishiga imon keltirgan holda, ishlarni Allohga topshiriladi, sabablarni ushlanadi. Hadisi shariflarda ham yuqimli kesallik urchigan paytlarda uydan chiqmaslikka chaqirilgan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:
فَلَيْسَ مِنْ رَجُلٍ يَقَعُ الطَّاعُونُ فَيَمْكُثُ فِي بَيْتِهِ صَابِرًا مُحْتَسِبًا يَعْلَمُ أَنَّهُ لَا يُصِيبُهُ إِلَّا مَا كَتَبَ اللَّهُ لَهُ
إِلَّا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ الشَّهِيدِ
"Kim to’un (pandemiya) tarqalganda uyida sabr qilib, savob umidida o‘tirsa, hamda o‘ziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, unga shahidning ajrichalik savob bo‘ladi" (Imom Ahmad rivoyatlari).
Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan boshqa bir rivoyatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vabo haqida shunday deganlar:
الْفَارُّ مِنْهُ كَالْفَارِّ يَوْمَ الزَّحْفِ وَمَنْ صَبَرَ فِيهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ شَهِيدٍ
ya’ni: “Vabodan qochgan kishi huddi urishdan qochgan kishi kabidir. Kim vabo paytida sabr qilsa unga shahidning ajri bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: "Hadisning mazmuni shuni taqozo qiladiki, kim mazkur sifatlar bilan tavsiflansa, garchi vabodan vafot etmasa ham, unga shahidning ajri hosil bo‘ladi" (“Fathul Boriy” kitobi).
Demak, kasallik tarqagan shu kunlarda Alloh taologa suyangan holda, undan savob umid qilib, sabr qilib uyda o‘tirgan, vahima qo‘zg‘amagan, kasallikning tarqamasligiga o‘z hissasini qo‘shganlarga Alloh taolo katta manfaatlar xazinasi ochar ekan.
Muhtaram azizlar! Kasallik bu – sinovdir. U shunday sinovki, u nafaqat kishilarni, balki butun xalqni sinaydi. Mana shunday kunlarda har birimiz sabr-matonatli bo‘lmog‘imiz, bo‘sh vaqtlarimizni iloji boricha foydali ishlarga sarflashimiz darkor. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
اسْتَعِينُواْ بِالصَّبْرِ وَالصَّلاَةِ (البقرة الاية:45)
ya’ni: “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz” (Baqara surasi 45-oyat).
Ayniqsa, bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Nabiy alayhissalomning musibatli va og‘ir kunlarda qanday yo‘l tutishlari haqida Xuzayfa raziyallohu anhu shunday deydilar:
كان النبي صلى الله عليه وسلم إذا حزبه أمر صلى
ya’ni: “Biror qayg‘uli ish bo‘lsa odatda Nabiy sallallohu alayhi vasallam (nafl) namoz o‘qir edilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, muhtojlarga hojatmandning hojatini chiqarish, qarzdorning qarzidan qutulishiga yordam berish, yetimlar holidan xabar olish ham har bir insonning, har bir musulmonning muhim vazifasidir.
Muhtaram azizlar! Banda zikr va istig‘forni ko‘p aytishi uning turli balo qazolardan omonda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo “Anfol” surasida shunday marhamat qilgan:
وَمَا كَانَ اللَّهُ مُعَذِّبَهُمْ وَهُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
ya’ni: “Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azoblovchimas”.
Bugungi kunda gunohlarimizga sidqidildan tavba qilsak, faqir-muhtojlarga sadaqa ulashsak, Qur’oni karimni xatm qilib Allohga yolborsak, inshaalloh bu balo boshimizdan ariydi.
Alloh taolo barchamizga tavfiq berib, saxovatli bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin, yurtimizga kelgan bu sinovlarni aritsin, barcha bemorlarga O‘zi shifo bersin! Omin!
(5 qismdan iborat)
(faqat ASOSIYLARI) ni ULUG‘ USTOZ ULAMOLARIMIZ bayon qilib berganlar:
(1-qism)
KALOMULLOH – QUR’ONI KARIMDA
MЕHRIBON PARVARDIGORIMIZ
MARHAMAT QILADI:
►«Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad shunda rahm qilingaysiz!» (A’rof surasi 7/204 oyat);
►«Yurganingda o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir» (Luqmon surasi 31/19 oyat);
►«Allohning rahmati sababli Siz, ey, Muhammad, sahobalarga muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, gunohlari uchun kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!» (Oli Imron surasi 3/159 oyat);
►«Ey, Muso! Siz o‘zingiz va birodaringiz Horun Mening oyatlarimni odamlarga olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir’avnning oldiga boringiz, chunki u «Men – xudoman», deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki halok qilishimdan qo‘rqsa» (Toho surasi 20/42-44 oyatlar);
►«Ularning ko‘p shivirlashib gaplashishlarida yaxshilik yo‘qdir. Magar sadaqa berishga, ezgulikka yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lsalar, bu yaxshidir. Kimda-kim Alloh rizosi uchun shu ishlarni qilsa, unga ulkan mukofot berajakmiz» (Niso surasi 4/114);
►«Mo‘minlar najot topdilar. Ular namozlarida o‘zlarini kamtar tutuvchidirlar. Ular behuda so‘z va ishlardan yuz o‘giruvchidirlar» (Mu’minun surasi 23/1-3 oyatlar);
►«Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat);
►«Faqat Allohgagina sig‘inasiz, ota-ona, qarindosh, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga shirinso‘z bo‘ling...» (Baqara surasi 2/83 oyat);
►«Zotan, o‘ng va chap tomonda o‘tirgan ikki yozib turuvchi farishta qabul qilib yozib tururlar. U biror so‘zni talaffuz qilsa, albatta, uning oldida hoziru nozir bo‘lgan bir kuzatuvchi (so‘zni yozib oluvchi farishta) bordir» (Qof surasi 50/17-18 oyatlar);
►«Holbuki, sizlarning ustingizda barcha so‘zingiz va ishingizni yodlab turuvchi farishtalar bor. Ular nomai a’molga yozuvchi ulug‘ zotlardir. Ular siz qilayotgan ishlarni bilurlar» (Infitor surasi 82/10-12 oyatlar);
►«Kimki tavba qilib ezgu ishlarni qilsa, bas, albatta, u Alloh rizosi va mag‘firatiga qaytgan bo‘lur. Ular (Rahmonning suyukli bandalari) yolg‘on guvohlik bermaslar va behuda so‘z yo ish oldidan o‘tgan vaqtlarida olijanoblik bilan undan yuz o‘girgan holda o‘tarlar» (Furqon surasi 25/71-72 oyatlar);
►«Ey, mo‘minlar! Allohdan qo‘rqingiz va to‘g‘ri so‘zlangiz! Shunda Alloh ishlaringizni o‘nglar va gunohlaringizni mag‘firat etar. Kimki Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsa, bas, u ulug‘ yutuqqa erishibdi» (Ahzob surasi 33/70-71 oyatlar).
JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ
RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM
MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:
>«Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gap gapirsin yoki jim tursin!» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
>«Jim turgan najot topibdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Haq bo‘la turib, janjalni tark etgan kishiga — jannat yonidagi bir uyga kafilman!
> Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga — jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman!
> Chiroyli xulqli kishiga — jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman!» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Haqiqiy musulmon – boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan ozor ko‘rmagan odamdir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
> «Kim sukut qilsa, najot topdi» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Kimning gap-so‘zi ko‘p bo‘lsa, ko‘p gapirsa, ko‘p xato qiladi. Ko‘p xato qilgan odamning gunohi ortadi. Gunohi ko‘p odamga do‘zax munosibroqdir»;
> «Bandaning musulmonligi go‘zal bo‘lishining belgilaridan biri — uni o‘ziga aloqasi yo‘q narsalardan sukut qilishi» (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari);
> «Odam bolasining har bir so‘zi unga qarshi hisoblanadi, faqat yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish yoki Allohni zikr qilish bundan mustasno» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Mo‘minlarning imoni eng mukammali — xulqi go‘zal bo‘lganlaridir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Ota-onaga duo qilishni tark etish rizqni kesadi»;
> «Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan» (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
> «Uch toifa kishining qo‘lga kiritgan narsasida baraka bo‘lmaydi va qayerda bo‘lsa ham xorlanadi:
> Mening nomimni eshitganda salavoti sharif aytmagan;
> Ramazon oyiga hurmat ko‘rsatmagan;
> Ota-onasi tirik bo‘la turib, ularni xursand qilmagan»;
> «Yarimta xurmo bilan bo‘lsa ham o‘zingizni do‘zaxdan saqlang! Agar kimki buni topolmasa – shirin so‘z bilan!»;
> «O‘ziga tegishli bo‘lmagan narsalarni tark etishi – kishining yaxshi musulmon ekanligidan dalolatdir» (Imom Termiziy rivoyatlari);
> «Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular: sihat-salomatlik va xotirjamlikdir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
> «Yer yuzidagilarga rahm qiling, osmondagi Zot sizga rahm qilgusidir»;
> «Bir kishiga tabassum bilan yaxshi so‘z aytish – sadaqadir» (Imom Buxoriy rivoyatlari);
> «Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat biling: keksaligingizdan oldin yoshligingizni, betobligingizdan oldin salomatligingizni, faqirligingizdan oldin boyligingizni, bandligingizdan oldin bo‘sh vaqtingizni, o‘limingizdan oldin tirikligingizni!» (Imom Hokim rivoyatlari);
> «Qo‘shnilaringiz sizni “yaxshi odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yaxshisiz. Agar ular sizni “yomon odam” deyishayotgan bo‘lsa, demak, siz – yomon odamsiz»;
> «Sadaqaning afzali – kelisholmay qolganlarning o‘rtasini isloh qilishdir» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Biror kishi bor aybingizni aytib, sizni haqoratlasa, siz uni unda bor aybi bilan ham haqoratlamang. Shunda buning savobi sizga, gunohi unga bo‘lur»;
> «Kim agar birovning aybini aytib, odamlarga oshkor qilsa, to o‘zi ham shu aybni qilmasdan dunyodan ketmaydi»;
> «Kimiki biror mo‘min kishining aybi yoki gunohini bilib turib, uni fosh etmay yashirsa, go‘yo tirigicha ko‘milgan go‘dakni tiriltirganchalik savobga ega bo‘lur» (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);
> «Kimki bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh dunyo-yu oxiratda uning aybini yashiradi»;
> «Har bir qilinadigan yaxshilikka sadaqa savobi berilur»;
> «Qaysi kishi o‘zganing aybini ko‘rib, uni yashirsa, xuddi tiriklay ko‘milgan qizni qabridan qutqargan kabi bo‘ladi» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);
> «Kimki bir chumchuqni bekordan-bekor o‘ldirsa, Qiyomat kunida u chumchuq Arsh oldiga kelib, baland ovoz bilan: “Parvardigorim, bu bandadan so‘ragin, nima uchun meni behuda o‘ldirdi ekan?” – deydi»;
> «Zolim bilan birga yurgan odam jinoyat sodir qilibdi»;
> «Birodaringiz zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering!» (zulm ildiziga bolta urish – ham zolimga, ham mazlumga yordamdir);
> «Maslahatni aql egalaridan so‘ranglar – to‘g‘ri yo‘l topasizlar. Ularning aytganidan chiqmang – pushaymon bo‘lasizlar»;
> «Kim bir musulmonning gunohini yashirsa, Alloh uning gunohini dunyoda ham, oxiratda ham yashiradi»;
> «Kimniki Alloh Taolo do‘st tutsa, unga odamlarning hojatlari tushadigan qilib qo‘yadi»;h
> «Siz yaxshilikni unga munosib bo‘lganga ham, bo‘lmaganga ham qilavering. Agar siz ezgulikka loyiq odamni topsangiz, demak, u ezgulik ahlidir, agar unday odamni topmasangiz, demak, siz o‘zingiz ezgulik ahlidansiz»;
> «Kimki biror gunoh ish qilishni niyat qilsa-yu, so‘ngra niyatidan qaytsa, unga bir yaxshilik savobi yozilajak»;
> «Butun umr ezgulikni tilanglar!»;
> «Odamlarning yaxshisi – kishilarga manfaati ko‘p tekkanidir»;
> «Ummatimning rahmdillaridan va shafqatlilaridan fazilat istanglar! Chunki sizlar ularning qanotlari ostida yashaysizlar»;
> «Mazlumning duosidan saqlaninglar, garchi u kofir bo‘lsa ham. Chunki uning duosi to‘siqsizdir»;
> «Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam — Xudoga ham shukr qila olmaydi»;
> «Sizlardan birortangiz o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘min bo‘la olmaydi» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);
> «Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin»;
> «Kimki yaxshilik ko‘chatini qadasa, orzu qilgan hosilini yig‘ib oladi va kimki yomonlik urug‘ini sepsa, afsus-nadomat mevasini terib oladi»;
> «Gunohli gapni eshitgan kishi ham uni aytganning sherigidir»;
> «Biror banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh taolo Qiyomat kuni uning ayblarini yashiradi» (Imom Muslim rivoyatlari);
> «Kim o‘zining haq ekanini bilib turib, tortishuvni to‘xtatmasa, imonda haqqoniylik darajasiga yetmagan bo‘ladi»;
> «Janjalni avval tugatgan kishiga jannatdan bir saroy beriladi»;
> «Kim haqsiz bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning chetidan bir saroy beriladi.
> Kim haq bo‘la turib janjalni to‘xtatsa, unga jannatning o‘rtasidan bir saroy beriladi»;
> «Kim musulmon birodarining aybini yashirsa, Alloh uning aybini Qiyomat kuni yashiradi. Kim musulmon birodarining aybini oshkor qilsa, Alloh uning aybini oshkor qiladi, hatto uni o‘z uyida ham sharmanda qiladi» (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
SAHOBAI KIROMLARDAN NAQL:
♦ «Biz Rasulullohning oldilarida hisob-kitobidan qo‘rqqanimiz uchun ko‘p sukut qilardik».
♦ Soib raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldim. Bas, odamlar meni maqtay boshladilar va go‘zal axloqlar bilan zikr qila boshladilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
— “Rost aytdingiz! Otam, onam sizga fido bo‘lsin! Siz sherigim edingiz. Qanday ham yaxshi sherik edingiz.
Xilof ham qilmas edingiz. Talashib-tortishmas ham edingiz” dedim» (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari).
: ushbu hadisi sharifning roviysi Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhu avvallari Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning sheriklari bo‘lgan edilar. Ikki sherik bir-birlarini juda ham yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ular bir-birlarini vasf qilishda boshqalardan ko‘ra afzal edilar.
Soib ibn Abu Soib raziyallohu anhuning Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga qilgan vasflarida U Zotning talashib-tortishish odatlari yo‘qligi aytilmoqda.
ULUG‘LARDAN HIKMATLAR:
⇒ «Sukut – hikmat, lekin unga amal qilganlar juda oz».
⇒ «Kishi faqat kerakli gapni aytsin. Keraklisi kam, keraksizi ko‘pdir».
⇒ «Insonni yiqitadigan narsalarning eng ko‘pisi — tilidir».
⇒ «Kim “Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ummatman, U Zotga ergashaman, U Zotdan o‘rnak olaman”, desa, hech ham talashib-tortishuvchi bo‘lmasin!».
«Sunnat ermish, kofir bo‘lsa, berma ozor,
Ko‘ngli qottig‘, dil ozordin Xudo bezor,
Alloh haqi, ondog‘ qulg‘a sijjin tayyor,
Donolardin eshitib, bu so‘z aydim mano»
(Hoja Ahmad Yassaviy).
⇒ «Har kim gapiradi, lekin kam odam sukutning qiymatini tushunadi».
⇒ «Jannatda faqat pok so‘z. Shuning uchun dunyoda ham pok so‘z — yoxud sukut afzal».
⇒ «Kishi sukut orqali o‘z yuragini, aqlini, vaqtini va obro‘yini saqlab qoladi».
⇒ «Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay»
⇒ «Ko‘p so‘z — ko‘p xato. Sukut — qutqaruv».
⇒ «Aqlli kishi avval o‘ylaydi, keyin gapiradi».
⇒ «Bilimning ko‘pchiligi – so‘zda emas, sukutdadir».
⇒ «Agar bo‘lsang ipak kabi muloyim,
Muloyim sen bo‘lsang, quling bo‘layin.
Qulog‘imga bergan panding olayin,
Kishiga qattiq so‘z aytuvchi bo‘lma»
⇒ «Sukut orqali inson gunohdan, xusumatdan, fitnadan saqlanadi».
⇒ «Tilni himoya qiladigan eng kuchli devor — sukut».
⇒ «Odamning yaxshiligi uning tilida namoyon bo‘ladi».
⇒ «Agarchi ul oyoq ostidadur xor –
Xudo maxluqidur, og‘ritma zinhor!
Takabbur qilmag‘il, ey, bema’oniy,
Faloniy o‘g‘lidurman deb faloniy!»
(So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).
⇒ «Tilga ega bo‘lgan inson — axloqiga ega bo‘lgan inson».
⇒ «Sukut – taqvo alomatlaridan».
⇒ «Sukut — ibodat sifatida ham bo‘lishi mumkin».
⇒ «Burung‘i holig‘a qilma nazzora,
Ani Tangrim aziz etsa na chora?!?
Ishonma otag‘a, qolma talabdin!
Qiyomatda so‘ralmasdir nasabdin»
So‘fi Ollohyor quddisa sirruhu).
⇒ «Mo‘minning sifati — foydasiz gapdan saqlanish va sukut bilan nafsini himoya qilish».
⇒ «Agar so‘z yaxshilikka olib bormasa, sukut afzal».
⇒ «Gapni faqat yaxshi va haq so‘z bilan aytish darkor. Nojoiz, qattiq, fitnaga olib keladigan so‘zdan sukut qilish – Alloh amriga muvofiq».
⇒ «Agar sen qiblaga burmasang yuzni,
Besh mahal sajdayu namozing bekor.
Jannatga hech qachon tikmagil ko‘zni
Agar bir mo‘minga yetkazsang ozor»
(Abdulla Oripov).
⇒ «Sidq va xulqning belgisi — nazorat qilingan til».
⇒ «So‘zda tejamkorlik — kamso‘zlik va sukutga yaqin bo‘lgan odob».
⇒ «Agar so‘z rost va haq bo‘lmasa, sukut afzal».
⇒ «Qo‘pol so‘z — ilon gazagidek zararli».
⇒ «Makkaga yetti qat borgancha bo‘lur,
Boshini silasang o‘ksik insonni»
(Abdulla Oripov).
⇒ «Bekorchi va behuda so‘zlarni gapirish ham nafs kasalligidir».
⇒ «Sukut qiladigan odam kam gunoh qiladi, chunki har so‘z qayd qilinadi».
⇒ «Behuda so‘z ham “behuda ishlar”dan. Mo‘min bundaydan o‘zini olib qochadi».
⇒ «Qo‘pol so‘zdan sukut qilgan inson o‘zini ham, boshqani ham azobdan saqlaydi».
⇒ «Kamgap bo‘ling! Og‘zi yopiq baliqni hech kim qarmoqqa tushira olmaydi. Siz ham og‘zingizni yoping. Chunki qanchadan-qancha insonlar sizning xatolaringizni ovlash payida yurgan bo‘ladi. Siz xuddi mayin yomg‘ir kabi bo‘lingki, yomg‘ir qayerga yog‘sa, o‘sha yerga manfaat yetkazadi».
(Davomi bor...)
Ibrohimjon domla Inomov