Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

27.03.2020 y. Saxovat – jannatga yetaklovchi fazilat

13.08.2020   3578   13 min.
27.03.2020 y. Saxovat – jannatga yetaklovchi fazilat

بسم الله الرحمن الرحيم

SAXOVAT – JANNATGA YETAKLOVCHI FAZILAT

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي حَثَّ عِبَادَهُ الْمُؤْمِنِينَ عَلَى السَّخَاءِ وَالْكَرَمْ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي كَانَ مِنْ خُلُقِهِ الْجُودُ وَالْكَرَمْ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ

Hurmatli jamoat! Dinimiz ta’limotlarida dunyo hayoti imtihon, sinov maydoni hisoblanadi. Shuning uchun dunyoda hamma mo‘min yoki hamma boy emas, yoki umr faqat yaxshi kunlardan iborat emas. Bu Alloh taoloning irodasi va adolati. Bu adolatning sirini anglashdan banda ojiz. Alloh taolo bandalariga uning taqdiri va taqsimiga rozi bo‘lish, imon keltirib, solih amallar qilishni buyuradi.

Dunyodagi imtihondan yaxshi o‘tish uchun boriga shukr qilish, haloldan topib, ezgulikka sarflash, saxiy bo‘lishni buyuradi. Uni baxillikdan, haddan oshib ketishdan qaytaradi. Kambag‘allikda tushkunlikka tushmaslik, Allohning rahmatidan umid uzmaslik, sabr-toqatli bo‘lish, halol kasb-kor bilan ahvolini o‘nglashni buyuradi.

Saxovat – bu ikki toifa o‘rtasini bog‘lovchi, ularni ulfat qiluvchi va har ikkisini dunyo imtihonidan yaxshi o‘tishiga yordam beruvchi amallardan biridir. Qur’oni karimning 70 dan ortiq oyatlarida odamlarga infoq-ehson qilish, ya’ni saxovat haqida gap ketadi. Isrof va baxillik qilmasdan ehson qilinsa, albatta Alloh taolo uning o‘rnini to‘ldiradi. Bu haqda oyati karimada shunday deyiladi:

قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ

ya’ni: “Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:

"مَا مِنْ يَوْمٍ يُصْبِحُ الْعِبَادُ فِيهِ إِلاَّ مَلَكَانِ يَنْزِلانِ، فَيَقُولُ أَحَدُهُمَا: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُنْفِقًا خَلَفًا، وَيَقُولُ الآخَرُ: اللَّهُمَّ أَعْطِ مُمْسِكًا تَلَفًا" (متفق عليه عن أبي هريرة رضي الله عنه(

ya’ni:Bandalar tongga yetadigan har bir kunda ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Ey, Alloh! Infoq-ehson qiluvchining moliga xalaf (o‘rnini to‘ldiruvchi) bergin”, - desa, boshqasi: “Ey, Alloh! Baxilning moliga talofat bergin” – deydi(Muttafaqun alayh). Darqiqat, Alloh taolo farishtalar tomonidan saxiy va baxil haqida qilingan duoni ijobat qiladi. Chunki farishtalarning duosi qabul.

Yana bir hadisi qudsiyda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deydilar:

"قَالَ الله تَعَالَى: أنفِق يَا ابْنَ آدَمَ يُنْفَقْ عَلَيْكَ" (متفقٌ عَلَيْهِ عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Alloh taolo aytdi: “Ey, Odam bolasi! Infoq qil, senga ham infoq qilinadi”.” (Muttafaqun alayh). Albatta, Alloh taolo va’dasiga xilof qilmaydi, infoq qilganga o‘zining fazli bilan rizq yetkazadi.

Saxovatdagi yana bir asosiy qoidalardan biri ehsondan keyin minnat va aziyatning bo‘lmasligidir. Mana shunday go‘zal yaxshilikning mukofotini Alloh taolo o‘z zimmasiga oladi:

الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ ثُمَّ لَا يُتْبِعُونَ مَا أَنْفَقُوا مَنًّا وَلَا أَذًى لَهُمْ أَجْرُهُمْ عِنْدَ رَبِّهِمْ

وَلَا خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلَا هُمْ يَحْزَنُونَ  

ya’ni: “Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, keyinchalik bergan narsalari ketidan minnat va ozor yetkazmaydigan kishilar uchun Parvardigorlaridan mukofot bordir. Ularga xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar” (Baqara surasi, 262-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ehsondan keyingi minnat va aziyat yomonligidan ogohlantirib shunday deydilar:

ثَلَاثَةٌ لَا يُكَلِّمُهُمْ اللَّهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَلَا يَنْظُرُ إِلَيْهِمْ وَلَا يُزَكِّيهِمْ وَلَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ الْمَنَّانُ بِمَا أَعْطَى وَالْمُسْبِلُ إِزَارَهُ وَالْمُنَفِّقُ سِلْعَتَهُ بِالْحَلِفِ الْكَاذِبِ (رواه الامام احمد في مسنده  عَنْ أَبِي ذَرّ رضي الله عنه)

ya’ni: “Uch kishi borki, Alloh taolo ularga Qiyomat kuni gapirmaydi ham, qaramaydi ham, ularni (gunohlardan) poklamaydi ham va ularga alamli azob bo‘ladi. Ular – berganini minnat qiluvchi, izorini (kiyimini kibr bilan) sudrab yuruvchi va molini yolg‘on qasam bilan o‘tkazuvchi kishilardir” (Imom Ahmad “Musnad” kitobida rivoyat qilgan).

Dinimizda maqtalgan olijanob xislatlardan yana biri o‘zi yaxshi ko‘rgan narsadan o‘zgaga ham ehson qilishdir. Yaxshilikning mukofoti jannatdir. Unga yetish uchun saxiylikning mana shu dovonidan o‘tish kerak bo‘ladi. Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Abu Talha Ansoriylar ichida xurmo bog‘lari ko‘p kishi edi. Uning eng sevimli bog‘i Bayroha edi. Bog‘ masjid (nabaviya)ning ro‘parasida bo‘lib, unga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirar va shirin suvlaridan ichar edilar. “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha  olmaysizlar... (Oli Imron surasi, 92-oyat)” oyati tushganda Abu Talha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga borib: “Ey, Allohning Rasuli! Alloh taolo sizga, “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha  olmaysizlar”, oyatini tushirdi. Mening eng sevimli molim esa Bayroha bog‘idir. U Alloh yo‘liga sadaqa bo‘lsin! Uning savobi va (oxiratga) zaxira bo‘lishini Allohdan umid qilaman! Bog‘ni Alloh sizga bildirgan joyga sarflang!” – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bay-bay, juda foydali mol, juda foydali mol! Gapingni eshitdim, bog‘ni qarindoshlaringga bo‘lib berishingni ma’qul ko‘raman”- dedilar. Abu Talha: “Shunday qilaman, ey Allohning Rasuli!” – dedilarda bog‘ni qarindoshlari va amakisining o‘g‘illariga bo‘lib berdilar” (Muttafaqun alayh). 

Saxovatning eng yuqori darajasi o‘zi muhtoj bo‘lib turib ehson qilishdir. Bu ishni “iysor” (lug‘aviy ma’nosi, “ustun qo‘yish”) deyiladi. Saxiylikning ziddi – baxillikdir. Kim baxillikdan saqlansa, u najot topuvchilardan bo‘ladi.

O‘zida bor narsalarni o‘zgalar bilan baham ko‘rish haqida bizga Payg‘ambarimiz alayhissalom go‘zal ishora beradilar:

طَعَامُ الاثْنَيْنِ كَافِي الثَّلاَثَةِ ، وَطَعَامُ الثَّلاَثَةِ كَافِي الأربَعَةِ  )متفقٌ عَلَيْهِ عن أبي هريرة رضي الله عنه) .

ya’ni: “Ikki kishining taomi uch kishiga, uch kishining taomi esa to‘rt kishiga yetadi” (Muttafaqun alayh).

Demak, hech qachon ota-ona, yaqinlar va qo‘ni-qo‘shnilarimizga saxovatni unutmasligimiz kerak. Ayniqsa, shu kunlardagi karantin holatida qiynalib qolganlar va muhtojlarga yordam berish yanada savobli ishdir. Aksincha, narx-navoni sun’iy ravishda oshirish, ayrim mahsulotlarni haddan oshiq ko‘p g‘amlab qo‘yish – qiyinchilikda faqat o‘zini o‘ylash va xudbinlikdir.

Sahih rivoyatlarda Usmon raziyallohu anhuning bir karvon oziq-ovqatni qiyinchilik kunida muhtojlarga ehson sifatida taqatganlari rivoyat qilingan. Saxovatlik boylarimiz xususan karantin kunlarida mana shunday jannatiy zotlardan o‘rnak olishsa ayni muddao bo‘lar edi. Chunki bu bilan ham o‘zimiz uchun oxiratga zaxira tayyorlaymiz, ham muhtojlarning ko‘nglini ovlaymiz.

Koronavirus yuqumli kasalligi  shiddat bilan tarqalayotgan paytda musulmon kishi Alloh taoloning taqdir qilgani yuzaga chiqishiga qattiq ishongan holda, kasallikdan saqlanish chora tadbirlarini ko‘rishi lozim. Vabo va shu kabi tez tarqaladigan kasalliklar chiqqan joyga kirilmaydi va qattiq zarurat bo‘lmasa, u yerdan chiqib ketilmaydi. Tibbiy soha vakillari ko‘rsatmalariga to‘la amal qilinadi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom kasallik tarqagan vaziyatda sabablarni ushlash, kishi salomatligi uchun zarur choralarni ko‘rish lozimligini ta’kidlab shunday marhamat qilganlar:

إِنَّ هَذَا الْوَبَاءَ رِجْزٌ أَهْلَكَ اللَّهُ بِهِ الْأُمَمَ قَبْلَكُمْ وَقَدْ بَقِيَ مِنْهُ فِي الْأَرْضِ شَيْءٌ يَجِيءُ أَحْيَانًا وَيَذْهَبُ أَحْيَانًا فَإِذَا وَقَعَ بِأَرْضٍ فَلَا تَخْرُجُوا مِنْهَا وَإِذَا سَمِعْتُمْ بِهِ فِي أَرْضٍ فَلَا تَأْتُوهَ" (رواه الامام احمد عَنْ أُسَامَةَ بْنِ زَيْدٍ رضي الله عنه)

ya’ni: “Albatta, bu vabo – Alloh u bilan sizdan avvalgi qavmlarni halok qilgan azobdir. Yer yuzida undan bir ozi qolgan. Gohida keladi, gohida ketadi. Agar bir yerda vabo paydo bo‘lsa, u yerdan chiqib ketmanglar. Agar bir yerda vabo borligini eshitsangiz, u yerga bormanglar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Muhtaram azizlar! Ayni paytda sog‘liqni saqlash mutaxassislari  fuqarolarimizdan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rashmoqda. Ushbu ko‘rsatmalarga amal qilish har birimiz uchun juda muhimdir.

Dinimizda ham kasallik tarqalish xavfi bo‘lganda har kim uyida o‘tirishi, duo-tazarruni uyida, oilasi bilan qilishi, ko‘chaga zaruratsiz chiqmasligi tavsiya etiladi. Albatta, barcha narsa Allohning taqdiri bilan bo‘lishiga imon keltirgan holda, ishlarni Allohga topshiriladi, sabablarni ushlanadi. Hadisi shariflarda ham yuqimli kesallik urchigan paytlarda uydan chiqmaslikka chaqirilgan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

فَلَيْسَ مِنْ رَجُلٍ يَقَعُ الطَّاعُونُ فَيَمْكُثُ فِي بَيْتِهِ صَابِرًا مُحْتَسِبًا يَعْلَمُ أَنَّهُ لَا يُصِيبُهُ إِلَّا مَا كَتَبَ اللَّهُ لَهُ

إِلَّا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ الشَّهِيدِ

"Kim to’un (pandemiya) tarqalganda uyida sabr qilib, savob umidida o‘tirsa, hamda o‘ziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, unga shahidning ajrichalik savob bo‘ladi" (Imom Ahmad rivoyatlari).

Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilingan boshqa bir rivoyatda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam vabo haqida shunday deganlar:

الْفَارُّ مِنْهُ كَالْفَارِّ يَوْمَ الزَّحْفِ وَمَنْ صَبَرَ فِيهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ شَهِيدٍ

ya’ni: “Vabodan qochgan kishi huddi urishdan qochgan kishi kabidir. Kim vabo paytida sabr qilsa unga shahidning ajri bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Ibn Hajar Asqaloniy aytadilar: "Hadisning mazmuni shuni taqozo qiladiki, kim mazkur sifatlar bilan tavsiflansa, garchi vabodan vafot etmasa ham, unga shahidning ajri hosil bo‘ladi" (“Fathul Boriy” kitobi).

Demak, kasallik tarqagan shu kunlarda Alloh taologa suyangan holda, undan savob umid qilib, sabr qilib uyda o‘tirgan, vahima qo‘zg‘amagan, kasallikning tarqamasligiga o‘z hissasini qo‘shganlarga Alloh taolo katta manfaatlar xazinasi ochar ekan.

Muhtaram azizlar! Kasallik bu – sinovdir. U shunday sinovki, u nafaqat kishilarni, balki butun xalqni sinaydi. Mana shunday kunlarda har birimiz sabr-matonatli bo‘lmog‘imiz, bo‘sh vaqtlarimizni iloji boricha foydali ishlarga sarflashimiz darkor. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:

اسْتَعِينُواْ بِالصَّبْرِ وَالصَّلاَةِ  (البقرة الاية:45)

ya’ni: “(Allohdan) sabr va namoz ila yordam so‘rangiz” (Baqara surasi 45-oyat).

Ayniqsa, bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashsak maqsadga muvofiq bo‘ladi. Nabiy alayhissalomning musibatli va og‘ir kunlarda qanday yo‘l tutishlari haqida Xuzayfa raziyallohu anhu shunday deydilar:

كان النبي صلى الله عليه وسلم إذا حزبه أمر صلى

ya’ni: “Biror qayg‘uli ish bo‘lsa odatda Nabiy sallallohu alayhi vasallam (nafl) namoz o‘qir edilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Shuningdek, muhtojlarga hojatmandning hojatini chiqarish, qarzdorning qarzidan qutulishiga yordam berish, yetimlar holidan xabar olish  ham har bir insonning, har bir musulmonning muhim vazifasidir.

Muhtaram azizlar! Banda zikr va istig‘forni ko‘p aytishi uning turli balo qazolardan omonda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo “Anfol” surasida shunday marhamat qilgan:

وَمَا كَانَ اللَّهُ مُعَذِّبَهُمْ وَهُمْ يَسْتَغْفِرُونَ

ya’ni: “Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azoblovchimas”.

Bugungi kunda gunohlarimizga sidqidildan tavba qilsak, faqir-muhtojlarga sadaqa ulashsak, Qur’oni karimni xatm qilib Allohga yolborsak, inshaalloh bu balo boshimizdan ariydi.

Alloh taolo barchamizga tavfiq berib, saxovatli bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin, yurtimizga kelgan bu sinovlarni aritsin, barcha bemorlarga O‘zi shifo bersin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Duoda qo‘lni yuzga surtish

25.06.2025   3329   1 min.
Duoda qo‘lni yuzga surtish

 Ba’zilar duodan so‘ng qo‘lni yuzga surtishni bid’at sanaydilar. Jumhur ulamolar nazdida duodan so‘ng ikki qo‘lni yuzga surtish mustahab amal sanaladi. Bunga mazkur hadis dalolat qiladi.    

INFOGRAFIKA