Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) dedilar:
الإِيمانُ بِضْعٌ وستُّونَ شُعْبَةً والحَياءُ شعْبةٌ مِنَ الإِيمَانِ
“Imon oltmishdan ortiq bo‘lakdan iborat. Hayo imonning bir sho‘basidir” (Imom Buxori rivoyati). Boshqa rivoyatda “Imon oltmishdan ortiq yoki yetmishdan ortiq bo‘lakdan iborat”, deyilgan.
“Imon oltmishdan ortiq bo‘lakdan iborat”. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) komil imonni sifatlab, uni shoxlari va hosili ko‘p daraxtga o‘xshatdilar. Chunki daraxtning qadr-qimmati shoxlari va mevasi bilandir. Imonning eng oliy darajasi “La ilaha illalloh”, eng quyi pog‘onasi yo‘ldan ozor beruvchi narsani olib tashlashdir. Imonning asosi tasdiq va iqror bo‘lganidek, daraxtning negizi tanadir. Shox-butoqlari yo‘q daraxt meva ham, soya ham bermaydi. Imon birgina tasdiq va iqrordan iborat bo‘lsa, xuddi daraxtning tanasiga o‘xshaydi. Unday daraxtda na soya, na hosil yo‘q. Masalan, imon sho‘balaridan – namoz, ro‘za, zakot, xaj kabi ulug‘ ibodatlarni daraxtning katta shoxlariga o‘xshatsak, u yirik shabbalardan mayda-mayda novdalar o‘sib, meva beradi va o‘sha katta shoxlar qiymatini oshiradi. Bu, biror ibodatni mukammal ado etish uchun, uning farzlari, vojiblari, sunnatlari va hatto mustahablarini ham o‘z o‘rnida bajarish kerak, deganidir. Mabodo mazkur amallardan birortasi qoldirilsa, ibodat nuqson bilan tugaydi va hokazo.
Ulamolarimiz hadisdagi “biz’un” so‘zi uchdan to‘qqizgacha bo‘lgan adadlarni qamraydi, deyishgan. Shunga ko‘ra, “oltmishdan ortiq” jumlasidan oltmish uchdan oltmish to‘qqizgacha bo‘lgan adadlar tushuniladi. Demak, ana shulardan biri hayodir.
“Hayo imonning bir sho‘basidir”. Hadisi sharifda imonning sho‘balaridan aynan hayo zikr qilindi. Zero, u barcha fazilatlar boshi va imonning qolgan bo‘laklariga undovchi sifatdir. Uning ahamiyati beqiyos. Sharm bandani dunyo sharmandachiligi va oxirat azobidan ogoh etib, ma’siyatlardan to‘sadi. Ulamolar hayoni ta’riflab bunday deyishgan: “Hayo shunday xulqki, u go‘zal amallarni qilishga va yomonliklarni tark etishga undaydi”. Shu bois, dinni o‘rganish, haqni gapirishda hayo qilinmaydi.
Hayo ikki xildir: tug‘ma va kasb qilinadigan. Hadisi sharifda aynan kasb qilinadigan hayo nazarda tutilgan. Chunki tug‘ma hayo inson tabiatida bor. Qachon kishi kasb qilingan sharmni o‘ziga singdirolsa, u bora-bora tabiiy hayoga aylanadi.
Bu borada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizga o‘rnakdirlar. U zoti bobarakotda hayoning ikki turi ham mujassam edi. Tug‘ma hayoda chimildiqdagi qizdan ham sharmliroq, kasb qilinadiganida esa, eng yuqori maqomda edilar. Buyuk sahobalardan hazrat Usmon (roziyallohu anhu) ham juda hayoli bo‘lganlar. Hatto u zotdan farishtalar ham uyalgan.
Hayo barcha yaxshiliklar boshidir, u eng go‘zal ziynatdir, imon alomatlaridandir, Allohning sifatlaridan hamda U Zot suygan xulqdir. Shu yuksak fazilatning ketishiga ma’siyatlar sabab bo‘ladi. Sharmning yo‘qolishi barcha yaxshiliklarning ketishi, demakdir. Alloh asrasin, hayosizlik sharmandalikdir. Zero, Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
ما كان الحياء في شيء إلا زانه ولا كان الفحش في شيء إلا شانه
“Hayo nimada bo‘lsa, albatta uni ziynatlaydi. Hayosizlik nimada topilsa, albatta uni sharmanda qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Navaviy (rahimahulloh) “Sharhi Arba’in”da hayoning imon bilan bog‘liqligini bunday tushuntirganlar: “Haqiqiy hayo shuki, banda birinchi bo‘lib Allohdan chinakam uyalishi lozim. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga:
اسْتَحْيُوا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالُوا : إِنَّا لَنَسْتَحْيِي مِنَ اللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ ، قَالَ : لَيْسَ ذَاكَ ، وَلَكِنْ مَنِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ فَلْيَحْفَظِ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى ، وَلْيَحْفَظِ الْبَطْنَ وَمَا حَوَى ، وَلْيَذْكُرِ الْمَوْتَ وَالْبَلاءَ ، وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا ، فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ
“Allohdan chinakam hayo qilinglar”, dedilar. Ular: “Yo Rasululloh, biz hayo qilamiz, alhamdu lilloh”, deyishdi. Shunda u zot: “Yo‘q, u (namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi amallaringiz) haqiqiy uyalish emas. Haqiqiy sharm bosh va undagi (miya, ko‘z, qo‘loq, burun, og‘iz, til kabi) barcha a’zoni (Alloh qaytargan narsalardan) saqlash, qorin va undagi (ozuqa, farj singari) barcha a’zoni (haromdan) tiyish hamda o‘limni va undan keyingi chirish (azob-uqubat)ni eslashdir. Kimki bularga amal qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilibdi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ko‘zini nomahramlarga qarashdan, qulog‘ini harom gap-so‘zlarni eshitishdan, tilini g‘iybat, yolg‘on, bo‘hton kabi gunohlardan va man qilingan narsalarni iste’mol qilishdan hamda boshqa a’zolarini haromdan tiygan, o‘limni eslab, undan keyingi mashaqqatlarni unutmagan kishigina, gunohga qo‘l urmaydi va har bir amalini oxirati uchun qiladi. Hatto tafakkurini ham dunyo va oxiratga manfaatli amallarga sarflaydi. Zero, Allohdan chinakam hayo qilmagan odam boshqalardan aslo uyalmaydi. Boshqa hadisi sharifda ta’kidlanishicha, Allohdan chinakam hayo qilish, obro‘li odamlardan uyalgandan ko‘ra kuchliroq bo‘lishi kerak.
Ulamolar ta’kidlashicha, haqiqiy hayo ehsonga o‘xshaydi. Ehson nima o‘zi? Sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan bu borada so‘rashganida, u zot:
الإِحْسَانُ أَنْ تَعْبُدَ اللَّهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ ، فَإِنْ لَمْ تَكُنْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ
“Ehson – Alloh taoloni ko‘rib turganingdek ibodat qilishingdir. Agar U Zotni ko‘rolmasang, U Zot seni ko‘rib turibdi (degan e’tiqodda bo‘lishingdir)”, dedilar. Bu oliy darajaga erishish uchun haqiqiy hayoni o‘zimizda shakllantirishimiz va butun vujudimiz bilan Allohga yuzlanishimiz kerak. Afsuski, ko‘pchiligimiz bundan mahrummiz, g‘aflatdamiz. Imon sho‘basining asoslariga imkon qadar e’tibor beramizu, uning mevalari hisoblanmish hayoga beparvomiz.
Haqiqiy hayoga farz, vojib, sunnat ibodatlarni imqon qadar mukammal bajarish va toqatga yarasha nafl ibodatlar, sunnat hamda nafl ro‘zalar tutish orqali erishiladi. Bu fazilatga yetishmoqchi kishi o‘zini tarbiyalab, hoyu-havasga uchmasdan hayotning mashaqqatlariga sabr qilsagina maqsadga erishadi, inshaalloh. Zero, endigina namoz o‘qiyotgan kishi bilan yillar davomida ibodat qilayotgan odam orasida Yer bilan osmoncha farq bor. E’tibor bersak, birinchi o‘qigan namozimiz bilan hozirgi qilayotgan ibodatlarimizni taqqoslasak, o‘rtada tafovut juda katta. Beixtiyor xayolimizdan: “O‘sha damlar namoz o‘qidim, ro‘za tutdim, deb yurgan ekanman-da”, degan o‘y o‘tadi. Bu degani, Allohga shukrki, haqiqiy hayo sari intilayotganimizdan darakdir.
Xullas, hayo deganda, “uyalish, tortinish” deb tushunmaslik kerak. Shuningdek, faqat avratlarni yopib yurish ham emas, balki shu bilan birga har bir holatda kamida Alloh taoloning ko‘rib turganini his qilib yashash, gunohlardan uzoqda bo‘lish bilan namoyon bo‘ladi. Shu ruhda tarbiyalangan inson birovga, garchi u bilmasa-da, ko‘rmasa-da, xiyonat etmaydi, obro‘sini to‘kmaydi, zulm qilmaydi, haqini toptamaydi. Ichi bilan tashi bir bo‘ladi. Birov bor payda boshqacha, yo‘g‘ida esa boshqacha muomala qilmaydi va hokazo.
Or-nomusli kishi jamoat joylarida ham, yolg‘iz qolganda ham o‘zini bir xil tutadi, o‘zgarmaydi. Odamlar ko‘z o‘ngida qilmagan gunohni Parvardigoridan qo‘rqqani uchun tanholigida ham sodir etmaydi. Shunday sifatga ega odamda salobat paydo bo‘ladi. Viqorli insonni ko‘rgan odam o‘z-o‘zidan uyaladi. Hatto, gunoh qilishga mukkasidan ketgan kishi ham uning oldida ma’siyatdan to‘xtaydi. Hayosizlarda esa, bu fazilat yo‘q. Hatto yoshi ulug‘ bo‘lsa ham, oldida yoshi kichiklar tap tortmasdan fahsh so‘zlarni gapirishadi, odobsizlik qilishadi. Aksincha, yoshi katta sharm-hayosiz kishilar imon-e’tiqodli, uyatchan odam yoniga kelganda, garchi o‘zidan kichik bo‘lsa-da, uning oldida odob saqlaydi.
Shunday ekan, hayoga e’tiborsiz bo‘lmaylik va undan g‘aflatda ham qolmaylik. Shunda ikki dunyo saodatiga erishamiz, inshoalloh. Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin, va haqiqiy hayo bilan ziynatlasin, hech qachon ulardan ayirmasin. Omin!
O‘MI matbuot xizmati
Ummatga qilingan so‘nggi vasiyat
“Hajjatul vado’” ya’ni “Vado xutbasi” lug‘atda “Vidolashuv xutbasi”, “xayrlashuv, ayriliq xutbasi-xitobi” degan ma’nolarni bildiradi.
Hijriy o‘ninchi yilning 9 zulhijja oyida (milodiy 632 yil 8 mart) Payg‘ambarimiz alayhissalom so‘nggi haj ibodatini ado etganlarida xutba qilganlar. Unda Makkada jami 124 ming musulmon to‘plangan edi.
U zot alayhissalom Qasvo degan tuyalariga minib, Arafot vodiysida ummatga so‘nggi vasiyatlarini bayon etganlar. Bu xitob faqat o‘sha joyda to‘plangan hojilargagina emas, balki qiyomatga qadar keladigan butun insoniyatga qaratilgan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatga bunday vasiyat qildilar:
“Ey insonlar! So‘zimni yaxshilab tinglang... Bu yildan so‘ng sizlar bilan bu yerda yana ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Buguningiz qanday ham muqaddas kun, bu oylar qanday ham muqaddas oy, bu shahar (Makka) qanday ham muqaddas bir shahar bo‘lsa, Robbingiz bilan ko‘rishgunga qadar qonlaringiz, mollaringiz, obro‘larinigiz ham ayni shaklda muqaddasdir va bir-birlaringizga haromdir!
Ey sahobalarim! Ertaga Robbingizga ro‘para bo‘lib va bugungi holingiz haqida javob berursiz. Mendan so‘ngra eski zalolatlarga qaytib, bir-biringizning bo‘yningizga urmangiz!...
Ey insonlar! Ayollaringizga yaxshi muomala qilishingizni va Allohdan qo‘rqishingizni tavsiya qilaman. Chunki ular amringiz ostidadir. Siz ularni Allohning bir omonati o‘laroq oldingiz va ularning nomuslarini va iffatlarini Alloh oldida so‘z beraroq halol etingiz.
Yaxshi bilingki, sizning ayolingizda haqqingiz bo‘lganidek, ularning ham sizda haqlari bor.
Ey mo‘minlar! So‘zimni tinglang. Yaxshi tushinib oling. Batahqiq Robbingiz birdir. Otalaringiz ham bittadir. Alloh huzurida eng xayrligingiz, Allohdan eng ko‘p qo‘rqqaningizdir.
Arablarning ajamdan, ajamning esa arabdan, oq irqlining qora irqlidan, qora irqlining oq irqdan hech qanday ustunligi yo‘qdir. Ustunlik yolg‘iz taqvodadir.
Ey insonlar! Allohdan qo‘rqing, rahbar qilib ustingizga burni, qulog‘i kesik bir qulni saylab qo‘ysa, Allohning Kitobi ila hukm etgani qadar uni tinglang va unga itoat eting!
Ey insonlar! Sizga bir omonat qoldirayapman-ki, uni mahkam ushlasangiz yo‘lingizdan adashmaysiz! U omonat Allohning Kitobi va payg‘ambarining sunnatidir.
Ey mo‘minlar! Allohdan qo‘rqing! Besh vaqt namozingizni o‘qing! Ramozon oyidagi ro‘zalaringizni tuting!
Mollaringizning zakotini bering! O‘zlaringizdan bo‘lgan amr sohiblariga itoat eting-ki, Robbingizni jannatiga kirursiz.
Ey insonlar! Haddan oshishlikdan saqlaning. O‘tgan ummatlarning halokatining sababi, dinlarida haddan oshish edi.
Bu sanadan so‘ngra yana siz bilan bu yerda ko‘rishish-ko‘rishmasligimni bilmayman.
Ey insonlar! Ertaga men xaqimda sizdan so‘raganlarida nima deysiz? Risolatni yetkazdimmi? Ilohiy vazifani ado qildimmi?”, dedilar.
Bunga butun as’hobi kirom shunday javob berdilar: “Albatta, qasam ichamizki siz Allohning xabarini tablig‘ etdingiz, vazifani bajardingiz. Bizga tavsiya va nasihatda bo‘ldingiz. Hammasiga shohidlik beramiz!”
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak ko‘rsatgich barmoqlarini samoga ishorat qildirib, jamoatga boqib bunday dedilar: “Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim! Shohid bo‘l Robbim!”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vidolashuv xutbasini yakunlagach, Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi:
“Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne’matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).
Nabiy alayhissalom vado hajidan qaytishda yo‘lda xastalandilar. Xastaliklari 13 kun davom etdi. Hijriy 11 yili robi’ul avval oyining dushanba kuni Oisha onamizning xonalarida muborak ruhlarini Allohga topshirdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar...
Sollallohu alayhi vasallam
Davron NURMUHAMMAD