Agar Zulhijja oyi boshlanganidan buyon ro‘za tutishga imkon topmagan bo‘lsangiz, ertaga 30 iyul kuni – Arafa ro‘zasini o‘tkazib yubormang.
Bu ro‘za o‘tgan va keyingi yildagi kichik gunohlarga kafforat bo‘ladi, ularni o‘chiradi, insha Alloh.
Arafa kuni Arafotda turgan hojilardan boshqa musulmonlarning ro‘za tutishi sunnati muakkada.
عَنْ أَبِي قَتَادَةَ الْأَنْصَارِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ سُئِلَ عَنْ صَوْمِ يَوْمِ عَرَفَةَ فَقَالَ: يُكَفِّرُ السَّنَةَ الْمَاضِيَةَ وَالْبَاقِيَةَ.
Abu Qatoda Al-Ansoriy roziyallohu anhuning hadisi: “Rosululloh sollallohu alayhi va sallamdan Arafa kuni ro‘zasi haqida so‘rashgandi, “U o‘tgan va keyingi yil(dagi kichik gunohlar)ga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar”. Muslim (1162/2636).
وَفِي رِوَايَةٍ لَهُ، أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ أَحْتَسِبُ عَلَى اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السَّنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ، وَالسَّنَةَ الَّتِي بَعْدَهُ
Yana Abu Qatoda Al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Arafa kuni ro‘zasi undan oldingi bir yil va keyingi bir yil(lik gunohlar)ga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, dedilar”. Muslim (1162/2635), Abu Dovud (2425), Termiziy (749).
30 iyul Toshkent vaqti bilan:
Og‘iz yopish: 03:44;
Og‘iz ochish: 19:42
Toshkentdan boshqa shaharlardagi vaqtlar farqi (daqiqa):
Avval: Chimkent (-1), Konibodom (-5), Xo‘jand (-6), Qo‘qon (-7), Jambul (-7), Namangan (-10), Farg‘ona (-10), Marg‘ilon (-10), Andijon (-11), O‘sh (-14), Jalolobod (-15), Bishkek (-21), Olma – ota (-21)
Keyin: Bekobod (+4), Turkiston (+4), Jizzax (+6), Guliston (+7). Denov (+7), Jomboy (+7), Samarqand (+9), Shahrisabz (+10), Kattaqo‘rg‘on (+12), Qarshi (+12), Nurota (+14), Navoiy (+19), Buxoro (+21), Xiva (+35), Nukus (+42)
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati