وَإِذَا لَقُواْ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ قَالُوٓاْ ءَامَنَّا وَإِذَا خَلَا بَعۡضُهُمۡ إِلَىٰ بَعۡضٖ قَالُوٓاْ أَتُحَدِّثُونَهُم بِمَا فَتَحَ ٱللَّهُ عَلَيۡكُمۡ لِيُحَآجُّوكُم بِهِۦ عِندَ رَبِّكُمۡۚ أَفَلَا تَعۡقِلُونَ٧٦
Yahudiylardan ba’zi munofiqlar o‘z Kitoblarida keltirilgan Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom tavsiflarini musulmonlarga xushomad tariqasida bayon qilib berishardi. Boshqa yahudiylar bundan xavotirga tushib: "Kitobingizdagi dalil-isbotlarni nega musulmonlarga bildiryapsiz, ular vositasida musulmonlar sizlarni mag‘lub qilishadi-ku!", deya o‘sha munofiqlarga e’tiroz bildirishar edi. Munofiq yahudiylardan bo‘ladimi, musulmonlardan bo‘ladimi, ularning dilidagi nifoq bir xil bo‘ladi, ustlari bir narsani gapirishsa, ichlarida boshqa narsani dillab turgan bo‘lishadi. Bu ochiq-oydin ikkiyuzlamachilikdir, munofiqlar aslo ishonchga sazovor bo‘lmasliklari belgisidir.
أَوَ لَا يَعۡلَمُونَ أَنَّ ٱللَّهَ يَعۡلَمُ مَا يُسِرُّونَ وَمَا يُعۡلِنُونَ٧٧
Alloh taolo insonlarning dilidagiyu xayolidagi narsalargacha, ularning xoh pinhon, xoh oshkora qilgan hamma qilmishlarini ko‘rib-bilib turadi. Bu haqda Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlari xabar beradi: "Dilingizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor qiling, Alloh uni biladi. Osmonlaru Yerdagi narsalarni ham biladi" (Oli Imron, 29); "Alloh albatta ko‘ngillar sirini biluvchidir" (Moida, 7); "Alloh sir tutganu oshkor qilgan narsalaringizni biladi" (An’om, 3); "Albatta U dillardagi sirlarning biluvchisidir" (Hud, 5). Yahudiylarning shunday "olim"lari bor ediki, ular o‘zlariga nozil qilingan Kitobni o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zgartiribgina qolmay, ilohiy vahiylarni o‘zlarining talqinlari, milliy tarixlari, turli irim-sirimlar, o‘zlari o‘ylab topgan ta’limotlar, falsafiy mushohadalar va qonunlar bilan buzib yuborishdi. Ular ana shu tayini yo‘q yozuvlarni Parvardigor kalomi sifatida taqdim etishdi va har bir yahudiyni bularga ishonishga majburlashdi. Axir, Alloh taolo ularning xoh oshkora, xoh yashirin qilgan barcha ishlariniyu dillaridagi g‘arazlarigacha yaxshi bilib turishini anglashmasmikin?!
Bugun, 7 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining barcha kurslari va oliy diniy ta’lim muassasalarining 1-kurs talabalari uchun yangi 2026-2027 o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ochilish tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur marosimlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, hududiy hokimlik mas’ullari, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, bosh imom-xatiblar, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Tadbirlar Qur’oni karim tilovati, xayrli duolar va davlat madhiyasi bilan boshlandi.
So‘zga chiqqan mutasaddilar barchani mustaqilligimizning 35 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Yurtboshimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga alohida e’tibor qaratilayotgani, xususan, yaqinda ham bir guruh ulamolar “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlangani yorqin dalil ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, joriy yilda Toshkent islom institutini ilk magistrlar tamomlagani, endilikda doktorantura tashkil etilishi rejalashtirilayotgani ham aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, diniy ta’lim muassasalari faoliyati yildan-yilga takomillashayotgani, jumladan, o‘quv dasturlari zamon talabiga qarab yangilab borilayotgani, kirish imtihonlari elektron test shaklida o‘tkazilib, eng munosib talabalar saralab olinayotgani, mudarris va talabalarga har jihatdan sharoitlar hozirlanayotgani, ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, talabalar astoydil o‘qib-o‘rganib, yaxshi mutaxassis bo‘lishga harakat qilishi lozimligiga urg‘u qaratildi.
Tadbirlar davomida diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga yangi qabul qilingan talabalar ham so‘zga chiqishdi.
1-kurs talabalariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin domla Xoliqnazar hazratlari nomidan esdalik sovg‘alari ulashildi.
Yakunda Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, mustaqilligimiz abadiy bo‘lishi hamda yangi o‘quv yili xayrli va manfaatli kechishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng o‘quv xonalarida “Mustaqillik darslari” boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati