وَإِذۡ أَخَذۡنَا مِيثَٰقَكُمۡ وَرَفَعۡنَا فَوۡقَكُمُ ٱلطُّورَ خُذُواْ مَآ ءَاتَيۡنَٰكُم بِقُوَّةٖ وَٱذۡكُرُواْ مَا فِيهِ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ٦٣
Isroil avlodlari Misrdan chiqqan kundan boshlab uchinchi oyda, bahorning dastlabki kunlarida Turi Sino tog‘i yonidagi vodiyga tushishdi. Bani Isroil Tiyh vodiyida sargardonlikda yurganida Alloh taolo ularga rizq-ro‘zlarini vaqtida yetkazish, issiqda bulutlarni soyabon qilish, ko‘tarib olib yuriladigan toshdan ichimlik suvi chiqarib berish kabi ne’matlardan bahramand qildi. Shundan so‘ng Alloh taolo Tur tog‘ining o‘ng tomonida rozlashdi (gaplashdi) va unga o‘nta kalima-vazifa topshirdi. Qavm Alloh bilan Muso o‘rtasidagi suhbatni eshitib turgan bo‘lsa-da, ma’nosini tushunmadi. Muso alayhissalom qavmlariga Alloh buyurgan o‘nta vazifani tushuntirib berdilar. Bular quyidagilar edi: e’tiqodni yolg‘iz Allohga qilish; ibodatni tanho Allohga qilish; Alloh nomi bilan yolg‘on qasam ichmaslik; shanba kuni hurmatini saqlash; otalarga yaxshilik qilish; onalarga yaxshilik qilish; qotillik qilmaslik; zino qilmaslik; o‘zganing haqiga yolg‘on guvohlik bermaslik; hasad qilmaslik. Isroil avlodlariga ana shu hukmlarni yodda tutish va amal qilish buyurildi.
ثُمَّ تَوَلَّيۡتُم مِّنۢ بَعۡدِ ذَٰلِكَۖ فَلَوۡلَا فَضۡلُ ٱللَّهِ عَلَيۡكُمۡ وَرَحۡمَتُهُۥ لَكُنتُم مِّنَ ٱلۡخَٰسِرِينَ٦٤
Ammo Bani Isroil Allohga bergan va’dalarini buzdi. Muso alayhissalom Tur tog‘iga Alloh taolo bilan rozlashgani ketganida ular kutishdan zerikib Somiriy ismli kohinning aldoviga uchishdi, u oltindan yasab bergan buzoqqa sig‘ina boshlashdi. Qur’oni karimda bunday marhamat etiladi: "Muso qavmiga g‘azablangan va afsuslangan holda qaytib kelib: "Ey qavmim, Parvardigoringiz sizlarga (Tavrot nozil etishi haqida) chiroyli va’da qilmaganmidi? Sizlarga vaqt uzun (ko‘rinib) ketdimi yoki sizga Parvardigoringiz tomonidan g‘azab yetishini xohlab, menga bergan va’dangizni buzdingizmi?" (Toho, 86). Ulamolardan Abu Bakr ibn Abdulloh aytadilar: "Allohning farishtalari tog‘ni ko‘tarib, Isroil avlodlari qavmiga tahdid qilgach, keyin azob ko‘tarilganida Yer yuzidagi jamiki tog‘lar, toshlar va daraxtlar silkinib ketdi. Yahudiylarning birortasi huzurida Tavrot tilovat qilinsa, darhol uni qaltiroq bosishi va boshini ko‘tarib osmonga qarashi ana shu dahshatli kundan odat bo‘lib qolgan" (Ibn Kasir. "Qisasul-anbiyo", Qohira, "Dorul-Manor", 290-bet).
وَلَقَدۡ عَلِمۡتُمُ ٱلَّذِينَ ٱعۡتَدَوۡاْ مِنكُمۡ فِي ٱلسَّبۡتِ فَقُلۡنَا لَهُمۡ كُونُواْ قِرَدَةً خَٰسِِٔينَ٦٥
Alloh taoloning Bani Isroildan olgan ahdida shanba kunining hurmatini saqlash ham bor edi. Ma’lumki, yahudiylar e’tiqodi bo‘yicha haftaning oltinchi kuni shanba (sabbat, shabbat ham deyiladi) to‘laligicha Alloh taologa ibodat qilishga bag‘ishlanishi lozim edi. Shu kuni barcha hayotiy masalalar, shu jumladan, dala ishlari, savdo-sotiq, taom tayyorlash, ov qilish kabi barcha ishlar taqiqlangan edi. Tavrot, ya’ni Eski Ahdga ko‘ra (Chiqish kitobi, 31,14) shanba kuni hurmatini poymol qilganlar o‘limga hukm etilardi. Yahudiylarning shanba kuni hurmatini poymol qilishgani tafsir kitoblarida keng bayon etilgan: shanba kuni boshqa ishlar qatori baliq ovlash ham man qilingan edi. Ulardan ayrimlari shanba kuni baliqlarni maxsus kavlangan hovuzlarga qamab, qorong‘i tushishi bilan tutib olishardi. Mana shu gunohlari uchun Alloh taolo ularni sharmandali holga tushirdi: maymunlarga aylantirib qo‘ydi.
فَجَعَلۡنَٰهَا نَكَٰلٗا لِّمَا بَيۡنَ يَدَيۡهَا وَمَا خَلۡفَهَا وَمَوۡعِظَةٗ لِّلۡمُتَّقِينَ٦٦
Alloh taoloning g‘azabiga uchragan qavmlarning qilmishlariga yarasha olgan jazolari ularning zamondoshlariga ham, ulardan keyin keladigan taqvoli kishilarga ham yaxshigina ibrat bo‘lishi lozim. Oradan necha asrlar o‘tib, o‘sha gunohkor qavmdan tarqagan "daho"lar "bizlar maymundan tarqaganmiz" da’vosi bilan chiqishdi va dahriyona siyosatlari bilan musulmonlarni ham yo‘ldan urmoqchi bo‘lishdi. Ammo ular niyatlariga yeta olishmadi, Alloh taolo o‘sha maymundan tarqaganlarning o‘zlarini tarix sahnasidan surib tashladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ashraf Aliy Tahonaviy rahmatullohi alayhning bir shogirdi bo‘lib, u zot unga tazkiya va talqinga ijozat bergan edi. Bir kuni u o‘g‘ilchasini yetaklab ustozi ziyoratiga keldi. Salom-alikdan so‘ng o‘g‘lini tanishtirib, uning haqqiga duo qilishlarini so‘radi. Hazrat bolaning haqqiga duo qildilar. Gap orasida ustoz bolaning yoshini ham so‘rab qoldilar. Shogird «Bolam o‘n uch yoshda», dedi. Mamlakatdagi qonun bo‘yicha bolalarga o‘n uch yoshgacha chipta narxining yarmi to‘lanar, o‘n uchga to‘lgan kunidan boshlab ularning chiptasi ham kattalar kabi to‘la bahosiga xarid qilinar edi.
Hazrat bolaga chiptaning qaysi narxda olinganini so‘rab qoldilar. Shogirdi «Jussasi kichkina bo‘lgani uchun yarim narx to‘ladik», deb javob berdi. Shunda ustozning avzoyi birdan o‘zgarib, shunday dedilar: «Inna lillaahi va inna ilayhi roji’un! Sizga tasavvuf va tariqatning changi ham yetib kelmagan ekan. Siz haligacha harom-halolni ajratmabsiz. Bolani safarga olib chiqibsiz-u, lekin unga yo‘lkira to‘lashda harom ishga qo‘l uribsiz. Kattalar maqomiga yetgan bolaga yosh bolalarning chiptasini olib, yo‘l xizmati idorasining haqqini o‘g‘irlabsiz. O‘g‘rilik qiladigan. birovning haqqini tortib oladigan shaxs tasavvuf va tariqatda biror maqomga ega bo‘lmaydi. Shuning uchun sizga bergan ijozatimni bekor qilaman».
O‘sha shogird ibodatda mukammal kishi edi. Lekin ustoz chipta olishda, ya’ni muomalotda haromga yo‘l qo‘ygani tufayli unga bergan vakolatini bekor qildi.
Abdulmannon Andijoniy