وَإِذۡ ءَاتَيۡنَا مُوسَى ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡفُرۡقَانَ لَعَلَّكُمۡ تَهۡتَدُونَ٥٣
Alloh taolo Muso alayhissalom qavmini kechirganidan keyin u kishiga va qavmiga Tavrotni nozil qildi. Tavrot (ibroniycha "tora", ya’ni qonun, shariat ma’nosida) Allohning hidoyat kitobi bo‘lib, uning asliy nusxasida Isroil avlodlari Allohning tavhidiga chaqirilgan, yahudiylarni odob-axloqqa, insoniy fazilatlarni egallashga, payg‘ambarlariga itoat etishga va Allohga ibodat qilishga buyurilgan. Ammo keyinchalik Tavrot odamlar qo‘li bilan o‘zgartirilgan, ba’zi hukmlar olib tashlangan, keraksiz narsalar qo‘shib yuborilgan. "Furqon" so‘zi Haq va botilni, yaxshi va yomonni ajratuvchi, mo‘jiza ma’nolarini anglatadi. Bu oyatda esa Muso alayhissalomga nozil qilingan shariat ma’nosida kelgan.
وَإِذۡ قَالَ مُوسَىٰ لِقَوۡمِهِۦ يَٰقَوۡمِ إِنَّكُمۡ ظَلَمۡتُمۡ أَنفُسَكُم بِٱتِّخَاذِكُمُ ٱلۡعِجۡلَ فَتُوبُوٓاْ إِلَىٰ بَارِئِكُمۡ فَٱقۡتُلُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ ذَٰلِكُمۡ خَيۡرٞ لَّكُمۡ عِندَ بَارِئِكُمۡ فَتَابَ عَلَيۡكُمۡۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلتَّوَّابُ ٱلرَّحِيمُ٥٤
Muso alayhissalom qavmining buzoqqa sig‘inib, o‘ziga jabr qilganini aytganidan keyin: "Endi Allohga tavba qilinglar va bir-birlaringni o‘ldiringlar, shunday qilganingiz Alloh huzurida sizlarga yaxshiroqdir", deydi. Ibn Kasirning yozishicha, "Erta tongda, g‘ira-shirada buzoqqa ibodat qilmaganlar qo‘llarida qilich tutgan holda buzoqqa ibodat qilganlarni qilichdan o‘tkaza boshlashdi va bir kechaning tongida yetmish ming kishini halok etishdi" (Ibn Kasir. "Qisasul-anbiyo", Qohira nashri, 284-bet). Ba’zi rivoyatlarda uch ming kishi halok bo‘lgani aytiladi. Shundan keyingina Alloh ularning tavbalarini qabul qildi.
وَإِذۡ قُلۡتُمۡ يَٰمُوسَىٰ لَن نُّؤۡمِنَ لَكَ حَتَّىٰ نَرَى ٱللَّهَ جَهۡرَةٗ فَأَخَذَتۡكُمُ ٱلصَّٰعِقَةُ وَأَنتُمۡ تَنظُرُونَ٥٥
Muso alayhissalom bilan birga muloqotga borganlar Musoning Alloh taologa qilgan munojotini, Allohning Musoga qilgan takallumini, amr va qaytariqlarini o‘z quloqlari bilan eshitishdi. Muso alayhissalom Allohdan vahiyni qabul qilib olib, ulamolar yoniga qaytib keldi. Ular esa hazrati Musodan Allohni ochiq-ravshan ko‘rsatishni talab qilib turib olishdi. Bani Isroildan yetmish oqsoqol Muso alayhissalomning so‘zlariga ishonmay yengiltaklik qilib turganida barchalarini yashin urib halok bo‘ldi. Ibn Abbos roziyallohu anhumoning rivoyatlariga qaraganda, Muso alayhissalom miyqotga tanlagan yetmish kishi Isroil avlodlarining ulamolari bo‘lib, ular bilan birga Muso, Horun, Yusha’, Nozob, Abiyhular bor edi.
ثُمَّ بَعَثۡنَٰكُم مِّنۢ بَعۡدِ مَوۡتِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ٥٦
Alloh taolo Muso alayhissalomning noshukr qavmi buzoqqa sig‘inib, O‘ziga shirk keltirganidan keyin barchalarini faqat halok qilish bilangina kechirishini bildirgan edi. Shunda buzoqqa sig‘inmaganlar unga sig‘inganlarni o‘ldirishdi, Alloh taolo ularga bergan va’dasiga vafo qilib, halok bo‘lganlarning barini O‘z izni bilan qayta dunyoga keltirdi, ya’ni ular halok bo‘lishganidan keyin Alloh taolo ularning shukr qilishlari uchun qaytadan yana tiriltirdi.
وَظَلَّلۡنَا عَلَيۡكُمُ ٱلۡغَمَامَ وَأَنزَلۡنَا عَلَيۡكُمُ ٱلۡمَنَّ وَٱلسَّلۡوَىٰۖ كُلُواْ مِن طَيِّبَٰتِ مَا رَزَقۡنَٰكُمۡۚ وَمَا ظَلَمُونَا وَلَٰكِن كَانُوٓاْ أَنفُسَهُمۡ يَظۡلِمُونَ٥٧
Alloh taolo Bani Isroilga ne’matlarni to‘kis ato qilgan. Ularni jazirama issiqdan himoya qilish uchun ustlariga bulutlarni soyabon qilib qo‘ydi. Har kuni subhi sodiqdan quyosh ko‘tarilgunicha osmondan har bir kishiga bir so’ miqdorida (ikki yarim kiloga yaqin) "manna taranjubin" degan shirinlik yog‘ar edi. Odamlar kun bo‘yi shuni tanovul qilishardi. "Salva" esa bedana kabi kichik parranda bo‘lib, shom payti uylar atrofida to‘planib qolar edi, qorong‘i tushganidan keyin ularni bemalol tutib, kabob qilib yeyishar edi. Mujohid: "Manna ko‘rinishi limonga o‘xshash shirin meva, salvo – qush", deydi. Sa’id ibn Zayd bunday degan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Manna zamburug‘i va uning suvi ko‘zga shifodir", deganlar (Buxoriy rivoyati). Lekin Isroil avlodlari Alloh taolo bergan shunday ne’matlardan bahramand bo‘lib ham Allohga shirk keltirishdi va o‘zlariga zulm qilishdi.
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV