Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

2. BAQARA (sigir) surasi, 53–57 OYATLAR

22.07.2020   7698   5 min.
2. BAQARA (sigir) surasi, 53–57 OYATLAR

وَإِذۡ ءَاتَيۡنَا مُوسَى ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡفُرۡقَانَ لَعَلَّكُمۡ تَهۡتَدُونَ٥٣

  1. Hidoyat topishingiz uchun Biz Musoga Kitob va Furqonni berganimizni eslanglar.

Alloh taolo Muso alayhissalom qavmini kechirganidan keyin u kishiga va qavmiga Tavrotni nozil qildi. Tavrot (ibroniycha "tora", ya’ni qonun, shariat ma’nosida) Allohning hidoyat kitobi bo‘lib, uning asliy nusxasida Isroil avlodlari Allohning tavhidiga chaqirilgan, yahudiylarni odob-axloqqa, insoniy fazilatlarni egallashga, payg‘ambarlariga itoat etishga va Allohga ibodat qilishga buyurilgan. Ammo keyinchalik Tavrot odamlar qo‘li bilan o‘zgartirilgan, ba’zi hukmlar olib tashlangan, keraksiz narsalar qo‘shib yuborilgan. "Furqon" so‘zi Haq va botilni, yaxshi va yomonni ajratuvchi, mo‘jiza ma’nolarini anglatadi. Bu oyatda esa Muso alayhissalomga nozil qilingan shariat ma’nosida kelgan.

وَإِذۡ قَالَ مُوسَىٰ لِقَوۡمِهِۦ يَٰقَوۡمِ إِنَّكُمۡ ظَلَمۡتُمۡ أَنفُسَكُم بِٱتِّخَاذِكُمُ ٱلۡعِجۡلَ فَتُوبُوٓاْ إِلَىٰ بَارِئِكُمۡ فَٱقۡتُلُوٓاْ أَنفُسَكُمۡ ذَٰلِكُمۡ خَيۡرٞ لَّكُمۡ عِندَ بَارِئِكُمۡ فَتَابَ عَلَيۡكُمۡۚ إِنَّهُۥ هُوَ ٱلتَّوَّابُ ٱلرَّحِيمُ٥٤

  1. Musoning o‘z qavmiga: "Ey qavmim, buzoqqa sig‘inib, o‘zlaringga jabr qildinglar, endi bir-biringizni o‘ldirish bilan Yaratuvchingizga tavba qilinglar. Shunday qilganingiz Yaratuvchi huzurida sizlarga yaxshiroqdir" deganini eslanglar. Shunday qilib, Alloh taolo tavbalaringizni qabul qildi, U albatta kechiruvchidir, rahmlidir.

Muso alayhissalom qavmining buzoqqa sig‘inib, o‘ziga jabr qilganini aytganidan keyin: "Endi Allohga tavba qilinglar va bir-birlaringni o‘ldiringlar, shunday qilganingiz Alloh huzurida sizlarga yaxshiroqdir", deydi. Ibn Kasirning yozishicha, "Erta tongda, g‘ira-shirada buzoqqa ibodat qilmaganlar qo‘llarida qilich tutgan holda buzoqqa ibodat qilganlarni qilichdan o‘tkaza boshlashdi va bir kechaning tongida yetmish ming kishini halok etishdi" (Ibn Kasir. "Qisasul-anbiyo", Qohira nashri, 284-bet). Ba’zi rivoyatlarda uch ming kishi halok bo‘lgani aytiladi. Shundan keyingina Alloh ularning tavbalarini qabul qildi.

وَإِذۡ قُلۡتُمۡ يَٰمُوسَىٰ لَن نُّؤۡمِنَ لَكَ حَتَّىٰ نَرَى ٱللَّهَ جَهۡرَةٗ فَأَخَذَتۡكُمُ ٱلصَّٰعِقَةُ وَأَنتُمۡ تَنظُرُونَ٥٥

  1. "Ey Muso, Allohni aniq ko‘rmagunimizcha hargiz senga ishonmaymiz" deb qarab turganlaringizda sizlarni yashin urganini ham eslanglar.

Muso alayhissalom bilan birga muloqotga borganlar Musoning Alloh taologa qilgan munojotini, Allohning Musoga qilgan takallumini, amr va qaytariqlarini o‘z quloqlari bilan eshitishdi. Muso alayhissalom Allohdan vahiyni qabul qilib olib, ulamolar yoniga qaytib keldi. Ular esa hazrati Musodan Allohni ochiq-ravshan ko‘rsatishni talab qilib turib olishdi. Bani Isroildan yetmish oqsoqol Muso alayhissalomning so‘zlariga ishonmay yengiltaklik qilib turganida barchalarini yashin urib halok bo‘ldi. Ibn Abbos roziyallohu anhumoning rivoyatlariga qaraganda, Muso alayhissalom miyqotga tanlagan yetmish kishi Isroil avlodlarining ulamolari bo‘lib, ular bilan birga Muso, Horun, Yusha’, Nozob, Abiyhular bor edi.

ثُمَّ بَعَثۡنَٰكُم مِّنۢ بَعۡدِ مَوۡتِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَشۡكُرُونَ٥٦

  1. Keyin shoyad shukr qilsangizlar, deb o‘lganingizdan so‘ng qayta tiriltirdik.

Alloh taolo Muso alayhissalomning noshukr qavmi buzoqqa sig‘inib, O‘ziga shirk keltirganidan keyin barchalarini faqat halok qilish bilangina kechirishini bildirgan edi. Shunda buzoqqa sig‘inmaganlar unga sig‘inganlarni o‘ldirishdi, Alloh taolo ularga bergan va’dasiga vafo qilib, halok bo‘lganlarning barini O‘z izni bilan qayta dunyoga keltirdi, ya’ni ular halok bo‘lishganidan keyin Alloh taolo ularning shukr qilishlari uchun qaytadan yana tiriltirdi.

وَظَلَّلۡنَا عَلَيۡكُمُ ٱلۡغَمَامَ وَأَنزَلۡنَا عَلَيۡكُمُ ٱلۡمَنَّ وَٱلسَّلۡوَىٰۖ كُلُواْ مِن طَيِّبَٰتِ مَا رَزَقۡنَٰكُمۡۚ وَمَا ظَلَمُونَا وَلَٰكِن كَانُوٓاْ أَنفُسَهُمۡ يَظۡلِمُونَ٥٧

  1. Va bulutni ustingizga soyabon qildik, sizlarga manna va salvani tushirdik: "Sizlarga rizq qilib berganlarimizning pokizasini yenglar". Bizga zulm qilishmadi, o‘zlarigagina zulm qilishdi.

Alloh taolo Bani Isroilga ne’matlarni to‘kis ato qilgan. Ularni jazirama issiqdan himoya qilish uchun ustlariga bulutlarni soyabon qilib qo‘ydi. Har kuni subhi sodiqdan quyosh ko‘tarilgunicha osmondan har bir kishiga bir so’ miqdorida (ikki yarim kiloga yaqin) "manna taranjubin" degan shirinlik yog‘ar edi. Odamlar kun bo‘yi shuni tanovul qilishardi. "Salva" esa bedana kabi kichik parranda bo‘lib, shom payti uylar atrofida to‘planib qolar edi, qorong‘i tushganidan keyin ularni bemalol tutib, kabob qilib yeyishar edi. Mujohid: "Manna ko‘rinishi limonga o‘xshash shirin meva, salvo – qush", deydi. Sa’id ibn Zayd bunday degan: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Manna zamburug‘i va uning suvi ko‘zga shifodir", deganlar (Buxoriy rivoyati). Lekin Isroil avlodlari Alloh taolo bergan shunday ne’matlardan bahramand bo‘lib ham Allohga shirk keltirishdi va o‘zlariga zulm qilishdi.

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

13.08.2026   63574   2 min.
“Network News Pakistan”: 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi

Pokistonning “Network News Pakistan” elektron nashri “O‘zbekiston turizmi o‘sish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi” sarlavhali axborot maqolani e’lon qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

 Unda Butunjahon sayohat va turizm kengashining (World Travel & Tourism Council – WTTC) “Sayohat va turizmning 2026 yilga qadar iqtisodiy ta’sirini o‘rganish” hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda Markaziy Osiyo dunyoning eng tez rivojlanayotgan sayyohlik mintaqasiga aylangani ta’kidlangan.

“WTTC o‘z tadqiqotlarini dunyoni 13 ta yirik mintaqaga bo‘lgan holda olib boradi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo turizm sohasini rivojlantirishning bir nechta asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bu ko‘rsatkichlarning barchasi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchiga aylandi”, – deyilgan manbada.

 Nashrda qayd etilishicha, 2025 yilda turizmning Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotiga qo‘shgan umumiy hissasi 17,7 foizga, sohaning bevosita hissasi esa 19,6 foizga oshgan. Mintaqada turistik xizmatlar eksporti (visitor exports) yil davomida 26,4 foizga o‘sib, 9,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.

Mintaqadagi turistik xizmatlar eksporti umumiy hajmining deyarli yarmi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, 2025 yilda O‘zbekistonga 4,8 milliard AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlarni eksport qilgan. WTTC ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston Markaziy Osiyo aholisi uchun eng ommabop sayohat yo‘nalishi bo‘ldi.

 “Umuman olganda, bu ko‘rsatkichlar turizmning mintaqaviy xarakterga ega ekanini anglatadi. Markaziy Osiyo aholisi ko‘pincha o‘z mintaqasi ichida sayohat qiladi”, – deyiladi maqolada.

“Network News Pakistan” WTTC prognoziga tayanib yozishicha, 2036 yilga borib turizm sohasining Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan umumiy hissasi 29,7 milliard AQSH dollariga yetadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari