Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu salomlar yo‘llaymiz.
O‘tgan kuni “azon.uz” saytida “Shamsiddinxon Boboxonov” bosmaxonasi va “Movarounnahr” nashriyoti faoliyati to‘g‘risida e’lon qilingan maqolaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z munosabatini bildiradi.
Xabaringiz bor, joriy yilning boshida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan “Shamsiddinxon Boboxonov” nomli bosmaxona ta’sis etilgan edi. Uni tashkil qilingani to‘g‘risida qariyb ikki yildan buyon matbuotda xabar berib kelinadi. Jumladan, 2019 yil 19 sentyabrda “Muftiy hazrat yangi qurilish ishiga duo berdi”, 28 oktyabrda “Muftiy hazrat bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi” nomli maqolalar e’lon qilingan. Joriy yili esa bosmaxona tomonidan chop etilayotgan “Vabo insonlar uchun bir sinov” kabi kitoblar taqdimoti orqali mazkur bosmaxona haqida televideniya va bosma nashrlarda bir necha bor xabar berib kelinmoqda.
Mazkur bosmaxonani qurishdan maqsad, birinchidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlari, shuningdek tizimda faoliyat yuritayotgan diniy soha xodimlarining ijodiga mansub asarlar, kitoblar, qo‘llanmalarni chop etishni osonlashtirish, ikkinchi tomondan esa, Diniy idoraning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash edi. Soha vakillari nashr ishlaridan tushadigan foydaning salmoqli qismi bosmaxonalar hissasiga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunishadi.
Ushbu bosmaxonani qurish, zarur texnika va uskunalar sotib olish uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan investitsiya mablag‘lari yo‘naltirildi. Natijada, mazkur korxona joriy yil boshidan shu kungacha sarflangan xarajatlarning qariyb uchdan bir qismini qopladi. Shuningdek, mablag‘lar maqsadli sarflanishi orqali moliyaviy tejamkorlikka ham erishildi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning bahor faslida O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlarini chop etish o‘z vaqtidan biroz kechikdi. Bu holat respublikada pandemiya sabab e’lon qilingan fors-major holati bilan bog‘liq bo‘lib, bosmaxona xodimlari ham boshqa fuqarolar singari karantinga rioya etgan holda uyda qoldilar. Hozirgi kunda karantin talablari asosida ish-faoliyat joriy etilgan. Gazeta va jurnallarni mushtariylarga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Movarounnahr” nashriyoti va “Shamsiddinxon Boboxonov” bosmaxonasining ta’sischisi sifatida mazkur korxonalarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun istiqbolli rejalarni amalga oshirish, shu jumladan, xo‘jalik yuritish shaklini o‘zgartirish va yo‘naltirish kabi huquqlarga ega.
Nashriyotni bosmaxona tarkibiga qo‘shib yuborish orqali “Shamsiddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyini qayta tashkil etishdan asosiy maqsadlar quyidagilar hisoblanadi:
- bosma mahsulotlar tayyorlashning to‘liq majmui va yagona boshqaruvini joriy etish. Bu mahsulot sifatini tushirmagan holda umumiy ish jarayonini tezlashtirish va ishlab chiqarish unumdorligini oshiradi;
- chop etilayotgan mahsulotlarga nashriyot va bosmaxona tomonidan ikki marta ustama narx qo‘yilishini bartaraf etish;
- doimiy va yirik miqdordagi buyurtmachilar bilan ishlashda muntazam hamkorlikni o‘rnatish va kelishuv asosida narxlarni belgilash;
- nashriyot va bosmaxonaning qo‘shimcha xarajatlarini kamaytirish, ortiqcha mehnat sarfini qisqartirish. Jumladan, buxgalteriya, iqtisod, marketing va ombor kabi shtatlarni maqbullashtirish;
- bosma mahsulotlar tayyorlash ishini tezlashtirish, jumladan, tahrirlash, sahifalash, sayqallash, bezaklash va chop etish kabilarni tizimlashtirish;
- marketing va reklama ishlarini jadal olib borish;
- hujjatlar aylanmasini soddalashtirish;
- bank xizmat haqi va soliq yukini qisqartirish (masalan, ikki tashkilotdan emas, balki bir tashkilotdan soliq to‘lash);
- nashriyot va bosmaxona o‘rtasidagi o‘zaro manfaatlar to‘qnashuvi borasida yuzaga keladigan salbiy omillarni bartaraf etish;
- moliya-xo‘jalik sarflarini tejash;
- O‘MI tizimida faoliyat yuritayotgan soha vakillarining ijodiga mansub mahsulotlarni chop etish ishini osonlashtirishdir.
Ayni kunlarda “Movarounnahr” nashriyoti “Shamsiddinxon Boboxonov” bosmaxonasi tarkibiga qo‘shib yuborish orqali qayta tashkil etilayotgan “Shamsiddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish bosqichlari davom etmoqda. Shuningdek, Fuqarolik kodeksining tegishli moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonuni talablari asosida to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish va mazkur jarayonni amalga oshirish uchun tanlangan “Qo‘shib yuborish”ga tayyorgarlik tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Movarounnahr” nashriyoti zimmasidagi barcha shartnomaviy burch va majburiyatlar, xususan, obunachilarga nashrlarni o‘z vaqtida yetkazish vazifasi yangi tashkil etilayotgan korxona zimmasida bo‘lishi alohida belgilab qo‘yilgan. Mazkur tartibotlar mukammal tarzda yakuniga yetgandan so‘ng yangi korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar Davlat xizmatlari agentligiga taqdim etiladi. Matbaa-ijodiy uyi ishlab chiqaradigan mahsulotlarga “Movarounnahr” MCHJning vorisi sifatida “Movarounnahr” savdo belgisi qo‘yilishi loyiha hujjatlarida mavjud. Ya’ni, “Movarounnahr” savdo belgisi (brendi) saqlab qolinadi va amaliyotda qo‘llanishi davom etadi.
Mazkur o‘zgarishlar har jihatni hisobga olib, iqtisodiy bilim va tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.
E’lon qilingan maqolalarda izoh beriladigan yana ikki masalaga e’tibor qaratamiz. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligidagi ikki tashkilotni birlashtirishda “qo‘shib yuborish” amaliyotini qo‘llashning boisi mazkur shakl muddat va iqtisodiy jihatdan (yangi tashkilot ochish hisob raqamlarni tugatish, yangilarini ochish, barcha shartnomalarni yopish va boshqalar bilan bog‘liq) maqsadga muvofiq ekani hisoblanadi. Ayni vaqtda nashriyotda ham, bosmaxonada ham inventarizatsiya o‘tkazilgan.
Shuningdek, “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining davriy nashrlari sifatida chop etib kelinmoqda. Matbaa-ijodiy uyini tashkil etish ushbu tahririyatlarning hozirgi faoliyatiga va ijodiy erkinliklariga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha ijobiy nuqtayi nazardan muvofiqlashtirib boriladi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida yaxshi niyatlar va yirik loyihalar ila xo‘jalik yurituvchi korxona sifatida ish boshlayotgan “Shamsiddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi xalqimiz va dinimiz manfaatlari yo‘lida xizmat qilishi uchun ayni pallada, muhtaram jurnalist, bloger, ijod ahli va soha mutaxassislarining xolis fikrlari, albatta o‘z o‘rnidagi tanqid va takliflarini samimiy qabul qilamiz.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatini rivojlantirish, sohadagi mavjud muammolar va ularning yechimlarini yoritishga doir maqolalarni tayyorlashda Diniy idora Matbuot xizmati yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma’lum qilamiz.
Haq taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi