وَإِن كُنتُمۡ فِي رَيۡبٖ مِّمَّا نَزَّلۡنَا عَلَىٰ عَبۡدِنَا فَأۡتُواْ بِسُورَةٖ مِّن مِّثۡلِهِۦ وَٱدۡعُواْ شُهَدَآءَكُم مِّن دُونِ ٱللَّهِ إِن كُنتُمۡ صَٰدِقِينَ٢٣
O‘sha paytda arablar nihoyatda so‘zga usta, shoirtabiat, zukko va balog‘at bilan so‘zlovchi bo‘lishgan. Shu bois Muhammad alayhissalom Makka mushriklariga Qur’on oyatlarini tilovat qilganlarida ular "Muhammad ham bir shoir-da, bularni o‘zi yozgan bo‘lsa kerak" deya uning ilohiy vahiy ekaniga ishonishmagan. Shuning uchun Parvardigor aytyaptiki, Qur’oni karimning Alloh taolo tarafidan tushirilganiga shak-shubha qilsangiz, uning barobarida emas, balki kichik bir surasiga o‘xshash narsani keltiringlar-chi! Agar bandamiz va elchimiz Muhammadga (alayhissalom) tushirgan Kitob, ya’ni Qur’oni karim xususida shubha-gumonlarga borib, uni Payg‘ambarning o‘zi yozgan deb o‘ylayotgan bo‘lsangizlar, o‘zlaringiz ham uning birgina surasiga o‘xshagan narsani yozinglar-chi! Yoki rostgo‘ylik da’vosida bo‘lsangiz va Allohdan boshqa guvohlaringiz bo‘lsa, ularni ham guvohlikka chaqiringlar-chi!
فَإِن لَّمۡ تَفۡعَلُواْ وَلَن تَفۡعَلُواْ فَٱتَّقُواْ ٱلنَّارَ ٱلَّتِي وَقُودُهَا ٱلنَّاسُ وَٱلۡحِجَارَةُۖ أُعِدَّتۡ لِلۡكَٰفِرِينَ٢٤
Agar Qur’on suralariga o‘xshash bir sura keltira olmasangizlar (keltira olmaysizlar ham!), aniq bilingki, bu Allohning Kitobidir. Allohning azobidan najot topish uchun Unga shakkoklik qilmanglar. Aks holda Allohga va Uning Kitobiga kufr keltirgan kimsalar uchun hozirlab qo‘yilgan, yoqilg‘isi odamlar va toshlardan bo‘lgan do‘zax azobiga giriftor bo‘lasizlar. Qur’oni karim oyatlari ilohiy kalom bo‘lgani uchun unda insonlar har qancha tirishsa ham uddalay olmaydigan fikrlar musaffoligini, oyatlar musiqaviy ohangini, Qur’on tili fasohatli, ma’noga boy, tashbehlarga to‘laligini, undagi nutq ta’sirchanligini ko‘ramiz. Bunday fasohatli so‘z tizimi arab olamida Islomgacha ham, Islomdan keyin ham bo‘lmagan edi. Qur’on fasohati, uning inson aqli va tafakkurini ojiz qoldirishi, Allohning kalomidagi juda ko‘p fikr va kashfiyotlarning hozirgi asrimizga kelib ilm-fan kishilari tomonidan kashf etilishi ham u maxluq so‘zi emasligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun Qur’oni karimdagi birorta so‘zning o‘rnini almashtirish yoki boshqasini qo‘yish mumkin emas. Go‘yo har bir so‘z millionlarcha kalom ichidan har tomonlama o‘ylanib, taroziga solinib tanlab olinganday. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan Qur’on mazmuni haqida so‘rashganida bunday deganlar: "Unda (Qur’onda) sizdan oldin bo‘lgan narsalarning axbori va sizdan keyingi narsalarning xabari va o‘rtalaringizdagi narsalarning hukmi bor. U ajratuvchidir, hazl emasdir. Kim bir jabbordan qo‘rqib, uni tark qilsa, Alloh uni sindiradi. Kim Undan boshqadan hidoyat izlasa, Alloh uni zalolatga ketkazadi. U – Allohning metin arqonidir. U – hikmatli zikrdir. U – sirotul mustaqiymdir. U – uning ila havoi nafslar toymaydigan, U – uning ila tillar tutilmaydigan, U – ulamolar Undan to‘ymaydigan, U – ko‘p tarqalish bilan eskirmaydigan va ajoyibotlari tugamaydigan ilohiy kalomdir".
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va "takbiri tahrima" aytib, namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi.
Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan:
Voil ibn Hujr roziyalloxu anhu: "Men Nabiy sollallohu alayhi va sallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Anas ibn Molik roziyalloxu anhu rivoyat qilgan hadisda: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallam namozga kirishda takbir aytib, so‘ngra ikki qo‘llarini ko‘tarib, bosh barmoqlarini quloqlariga barobar qilar edilar" (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan "qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, deganlar. Bu haqda “Raddul Muhtor”, “Lubob fiy sharhil kitob”, “Fatavoi Qozixon”, “Sharhul Viqoya”, “Majma’ul anhur” shu kabi bir qancha mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda bayon qilingan.
Uychi tuman "Xizirobod" jome masjidi
imom-xatibi Sherzod Rahimov
Manba: t.me/softalimotlar