يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّاسُ ٱعۡبُدُواْ رَبَّكُمُ ٱلَّذِي خَلَقَكُمۡ وَٱلَّذِينَ مِن قَبۡلِكُمۡ لَعَلَّكُمۡ تَتَّقُونَ٢١
Insonlar hech qanday sherigi bo‘lmagan, o‘zlari va oldin o‘tgan barcha ajdodlarining yagona yaratuvchisi Alloh taoloning O‘zigagina ibodat qilishga buyurilishgan. Bu bejiz emas, chunki Janobi Haqning uluhiyatida va yuksak sifatlarida sherigi bo‘lsaydi, u ham iloh sanalishi uchun ikki-uch iloh paydo bo‘lur edi. Oqibatda bu ilohlar bir-biri bilan ixtilof va kelishmovchiliklarga borar, ishlar sansolarga tushar, natijada butun dunyo nizomi buzilib, chegarasidan chiqib ketgan bo‘lur edi. Shu bois, uluhiyat va yaratuvchilik sifati Qodiru Zuljalol Alloh taoloning O‘zigagina xosdir. Bu haqda Qur’oni karim bunday deydi: "(Ey Muhammad), agar ulardan: «Osmonlaru Yerni yaratgan, quyosh va oyni bo‘ysundirgan kim?» deb so‘rasangiz, «Alloh», deyishadi. Unda qayoqqa o‘girilib ketishyapti?" (Ankabut, 61); "Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz" (Fotiha, 4); "Parvardigoriga ibodatda hech kimni sherik qilmasin" (Kahf, 110). Alloh taolo yuqoridagi oyatlarda uch toifaning ahvolini bayon etadi. Birinchisi mo‘minlar, ikkinchisi kofirlar, uchinchisi munofiqlarki, ular musulmon bo‘lib ko‘rinishsa-da, asli dillarida dinni inkor qilishadi. So‘nggi oyat bilan Alloh taolo butun insonlarga xitob qilib deydi: "Ey insonlar, butun olamlarning va ulardagi barcha maxluqotning egasi bo‘lgan Parvardigorga ibodat qilinglar, Unga boshqani aslo sherik qilmanglar, chunki sizlarga ma’lumki, Allohning tengi va sherigi yo‘qdir". Alqama aytadi: "Ey insonlar..." deb boshlanadigan har bir oyat makkiydir (ya’ni Makkada tushgandir), "Ey imon keltirganlar..." deb boshlanadigan har bir oyat esa madaniydir. Ya’ni, "Ey insonlar" Makka ahliga, "Ey imon keltirganlar" Madina ahliga xitobdir. Shu jumladan, yuqoridagi oyatda ham, quyida keluvchi 22-24-oyatlarda ham Makka mushriklariga xitob qilinyapti".
ٱلَّذِي جَعَلَ لَكُمُ ٱلۡأَرۡضَ فِرَٰشٗا وَٱلسَّمَآءَ بِنَآءٗ وَأَنزَلَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءٗ فَأَخۡرَجَ بِهِۦ مِنَ ٱلثَّمَرَٰتِ رِزۡقٗا لَّكُمۡۖ فَلَا تَجۡعَلُواْ لِلَّهِ أَندَادٗا وَأَنتُمۡ تَعۡلَمُونَ٢٢
Alloh taolo insonlarga behisob ne’mat va yaxshiliklarni ato etib qo‘ygan: Yerni yashashga qulay va mos qilib yoyiq holda to‘shagan, osmondan yog‘inlar (suv) yog‘dirib, yerdan buloq-chashmalar chiqarib qo‘ygan, bandalariga rizq qilib, meva, sabzavotlar, mazali go‘shtlar paydo qilgan. Agar bir-ikki oy yog‘in yog‘dirmay qo‘ysin-chi, odamlar bu ne’matlardan bahramand bo‘la olisharmikin? Alloh taolo aytadi: "U Yerni sizlarga beshik qilgan, unda sizlar uchun yo‘llar ochgan va osmondan suv tushirgan Zotdir. Biz u bilan turli o‘simliklar navlarini undirib chiqardik, toki yenglar va chorvalaringizni boqinglar. Bunda aql egalari uchun oyat-alomatlar bordir". (Toha, 53-54-oyatlar). Bu mo‘l-ko‘l rizq, behisob ne’matlarni berish evaziga Parvardigor insonlardan faqat bir narsani – O‘ziga toat-ibodatda bo‘lishni, O‘ziga hech kimni, hech narsani sherik qilmaslikni talab etadi. Ya’ni, bilaturib foyda ham, zarar ham bera olmaydigan butlaringiz bilan Allohga shirk keltirmangiz. Allohdan o‘zgasi sizlarga rizq bermasligini yaxshi bilib turibsizlar, shuningdek, Payg‘ambar da’vat etayotgan narsaning ham haq ekanini bilib turibsizlar. Shunday bo‘lgach, nega yana kufr va shirk yo‘lini tark etmayapsizlar?! Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladi: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: "Qanday gunoh Alloh taolo dargohida eng og‘iri?" deb so‘radim. U zot: "O‘zingni yaratgan Alloh taologa shirk keltirish", dedilar. Men: "Haqiqatan, bu eng ulkan gunoh", dedim-da: "Undan keyin qaysisi?" deb so‘radim. U zot: "Ovqatimga sherik bo‘lmasin, deb o‘z bolangni o‘ldirishing", dedilar. "Haqiqatan, bu ulkan gunohlardan", dedim-da: "Undan keyin-chi?" deb so‘radim. U zot: "Qo‘shningning jufti haloli bilan zino qilishingdir", deya marhamat qildilar" (Buxoriy rivoyati).
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati