Voqea – qiyomat nomlaridan biri. Voqea surasida qiyomat qoim bo‘lganda ro‘y beradigan hodisalar bayon etilgan, oxiratda bandalar oladigan mukofotlari, jannat ne’matlari, do‘zax ahlining azob-uqubatlari tafsiloti keltirilgan.
Ibn Asokir naql qilishicha, Abdulloh ibn Ma’sud roziyallohu anhu vafot etishi arafasida betob bo‘lib qoldi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhumo uni ko‘rgani borib, hol-ahvol so‘radi:
– Nimadan shikoyating bor?
– Gunohlarimdan.
– Nimani xohlaysan?
– Parvardigorim rahmatini.
– Senga tabib buyuraymi?
– Tabib (ya’ni, Alloh) meni betob qildi.
– U holda senga sovg‘a-salom buyurtiraymi?
– Hojati yo‘q.
– Senga kerak bo‘lmasa, qizlaringga qoladi.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu bunga javoban bunday dedi:
– Qizlarim kambag‘al bo‘lib qolishlaridan qo‘rqyapsanmi? Men ularga har kecha Voqea surasini o‘qishni buyurganman. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har kecha Voqea surasini o‘qisa, zinhor qashshoqlikka uchramaydi”, deganlarini eshitganman.
Tunda Voqea surasini boshidan oxirigacha ixlos bilan o‘qigan odam qashshoqlik ko‘rmaydi: rizqi keng bo‘ladi, kasb-koriga baraka kiradi. Tajribada sinab ko‘rganlar buning haqiqat ekanini ta’kidlashgan.
Voqea surasi keng rizqqa sabab bo‘lishi haqida bundan boshqa rivoyatlar ham bor. Jumladan, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Voqea boylik surasidir. Uni (o‘zingiz) o‘qing, farzandlaringizga ham o‘rgating”, deganlar (Ibn Mardavayh rivoyati).
O‘MI matbuot xizmati
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati