Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

2. BAQARA (sigir) SURASI. 17–20 OYATLAR

09.07.2020   8150   4 min.
2. BAQARA (sigir) SURASI. 17–20 OYATLAR

مَثَلُهُمۡ كَمَثَلِ ٱلَّذِي ٱسۡتَوۡقَدَ نَارٗا فَلَمَّآ أَضَآءَتۡ مَا حَوۡلَهُۥ ذَهَبَ ٱللَّهُ بِنُورِهِمۡ وَتَرَكَهُمۡ فِي ظُلُمَٰتٖ لَّا يُبۡصِرُونَ١٧

  1. Ular xuddi yoqqan o‘ti atrofini endi yoritganida Alloh nurlarini o‘chirib, o‘zini qorong‘ilikda qoldirgan kimsaga o‘xshab hech narsani ko‘rishmaydi.

Ushbu oyati karima yo‘ldan adashganlar haqidagi juda chiroyli zarbulmasaldir. Zimiston cho‘lda ketayotgan kishi qo‘lidagi bir dona gugurt cho‘pini arang yoqqanida u atrofni bir zumga yoritadi-da, bitta shamol kelib uni o‘chirib qo‘ysa, atrof yana hech narsani ko‘rib bo‘lmaydigan zulmatga aylanadi. Munofiqlar haqni ko‘ra olmay imon nurini kufr va nifoqlari bilan o‘chirib qo‘yganlari uchun Alloh azza va jalla ularni kufr zulmatlarida tanho qoldirib, tark etdi. Bunday kimsalar haqida Vohidiy aytadi: "Aldamoqchi bo‘lganlarga o‘zlariga yarasha muomala qilinadi. Ya’ni, xuddi mo‘minlarga berilgani kabi ularga ham nur beriladi. Yo‘lga tushganlarida esa nurlari o‘chib qoladi-da, zulmatda qolib, yo‘ldan adashib ketishadi".

صُمُّۢ بُكۡمٌ عُمۡيٞ فَهُمۡ لَا يَرۡجِعُونَ١٨

  1. Kardirlar, soqovdirlar va ko‘rdirlar, endi ular zinhor qaytishmaydi.

Yomon ishlari sababidan Alloh taolo munofiqlarning ozgina nurini ham shundoq o‘chiradiki, endi ularga Allohning nuri hargiz nasib bo‘lmaydi. Chunki ular o‘z rasvoliklari, yomon fe’llari, fasod ishlari va Alloh taologa shirk keltirganlari tufayli abadiy zalolat zulmatlarida kar, soqov va ko‘r kimsalar kabi qolishadi. Haqiqatan, ularning quloqlari kar bo‘lgani uchun o‘zlariga qilinayotgan da’vat va va’z-irshodlarni eshitishga qodir emaslar. Ular soqov bo‘lishgani uchun Allohga imonlarini izhor etishga, Uning zikrini qilishga tillari aylanmaydi. Ko‘zlari ko‘r bo‘lgani uchun to‘g‘ri yo‘lni, hidoyat yo‘lini ko‘ra olmay, kufr va shirk botqoqliklarida izg‘ishadi. Shu bois haq yo‘lni topolmay, g‘aflatda o‘tib ketishadi. Sizlar ularni hidoyatga chorlashga urinmanglar, ular endi bu noto‘g‘ri yo‘llaridan aslo qaytishmaydi.

أَوۡ كَصَيِّبٖ مِّنَ ٱلسَّمَآءِ فِيهِ ظُلُمَٰتٞ وَرَعۡدٞ وَبَرۡقٞ يَجۡعَلُونَ أَصَٰبِعَهُمۡ فِيٓ ءَاذَانِهِم مِّنَ ٱلصَّوَٰعِقِ حَذَرَ ٱلۡمَوۡتِۚ وَٱللَّهُ مُحِيطُۢ بِٱلۡكَٰفِرِينَ١٩

  1. Ular osmondan yomg‘ir yoqqanida, qorong‘ilik bosganida, momaqaldiroq va chaqmoq bo‘lganida qattiq ovoz tufayli o‘lishdan qo‘rqib, barmoqlarini quloqlariga tiqib olgan odamga o‘xshashadi. Alloh esa kofirlarni o‘rab-qamrab oluvchidir.

Inson tabiatan qo‘rqoq bo‘lgani uchun qattiq yomg‘ir yoqqanida, qorong‘ulik bosganida, momaqaldiroq gumburlaganida yoki chaqmoq chaqqanida yuragini vahima bosib, bu dahshatli tovushlarni eshitmaslik uchun barmoqlarini qulog‘i ichiga tiqib oladi. Kofir va munofiqlar ham Alloh diniga qilingan da’vatlarni eshitmaslik uchun quloqlarini berkitib, ko‘zlarini yumib olishadi. Ammo bu qilmishlari ularni muqarrar hisob-kitobdan ham, oxirat azoblaridan ham qutqarib qolmaydi. Alloh taolo kofir kimsalarni o‘rab-qamrab oluvchidir, ular Allohning muqarrar azobidan hech qayoqqa qochib qutula olmaydilar, U Zot kofirlarni albatta mag‘lub va halok qiladi.

يَكَادُ ٱلۡبَرۡقُ يَخۡطَفُ أَبۡصَٰرَهُمۡۖ كُلَّمَآ أَضَآءَ لَهُم مَّشَوۡاْ فِيهِ وَإِذَآ أَظۡلَمَ عَلَيۡهِمۡ قَامُواْۚ وَلَوۡ شَآءَ ٱللَّهُ لَذَهَبَ بِسَمۡعِهِمۡ وَأَبۡصَٰرِهِمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ قَدِيرٞ٢٠

  1. Chaqmoq ko‘zlarini olib qo‘yay, dedi. U yorug‘ bersa yurib olishadi, qorong‘i bo‘lsa to‘xtab qolishadi. Agar Alloh xohlasa, ularning ko‘z va quloqlarini olib qo‘yardi. Alloh har narsaga qodirdir.

Bu ikkinchi misoldan ko‘rinadiki, Islom dinida avval biroz kulfat-mashaqqat ko‘rilsa ham, nihoyasi tamoman rohat-farog‘atdir. Go‘yo yomg‘ir kabiki, oldiniga qorong‘ulik, guldurak chaqmoq-momaqaldiroqlar bilan keladi, oxiri dunyoni ne’matga serob qiladi. Islomning ibtidoiy holatlaridan qo‘rqqan munofiqlar goh musulmon, goh kofir bo‘lib, oqibatda barcha saodatdan, hatto insoniylikdan ham mahrum bo‘lishdi. Alloh taolo aytadi: “Momaqaldiroq ham Unga maqtov bilan, farishtalar ham Undan qo‘rqqan hollarida tasbeh aytadi. U yashinlarni yuborib, ular bilan O‘zi xohlagan kishilarni Alloh xususida tortishib turganlarida uradi. Uning ushlashi qattiqdir”. (Ra’d, 13).

Tafsiri irfon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

24.08.2026   5449   1 min.
Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.


Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.


Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.


Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:

  • Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;

  • Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;

  • Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.


Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati

Mustaqillik bayrami arafasida Qashqadaryoda bosh imomlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
O'zbekiston yangiliklari