Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Qur’oni karimning yarmiga teng sura

06.07.2020   7704   8 min.
Qur’oni karimning yarmiga teng sura

«Qachonki, Yer o‘zining (eng dahshatli) zilzilasi bilan qimirlaganda. Yer (o‘z qaridagi konlaru murdalardan iborat) “yuk”larini (yuzaga) chiqarib tashlaganida va (qayta tirilishni inkor qiluvchi) inson (dahshatga tushib): “Unga ne bo‘ldi ekan?” – deb qolganida – ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar. (So‘zlashga) Rabbingiz vahiy (ruxsat) qilganini aytur. O‘sha kuni odamlar ularga (nomai) a’mollarini ko‘rsatilishi uchun to‘dato‘da bo‘lib chiqib kelurlar. Bas, kimki dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilgan bo‘lsa, (Qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorda yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rar” (Zalzala surasi, 1–8-oyatlar).

“Qachonki, Yer o‘zining (eng dahshatli) zilzilasi bilan qimirlaganda”. Ya’ni, butunligicha harakatga kelganida. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Birinchi bor sur chalinganda yer qimirlaydi”, deb aytgan. Mujohid rahimahulloh ham shu fikrni aytgan. Bunga Alloh taoloning: “U kunda larzaga keluvchi (sur) larzaga keladi. Ortidan ergashuvchi (ikkinchi bor sur ovozi) ergashur” (Noziot surasi, 6-7), oyatlari dalilShundan so‘ng yer ikkinchi bor qimirlaydi. Shunda u o‘zidagi o‘liklarni, ya’ni “yuk”larini chiqarib tashlaydi».

“Yer (o‘z qa’ridagi konlaru murdalardan iborat) “yuk”larini (yuzaga) chiqarib tashlaganida…” Abu Ubayda va Axfash: “Mayyit yer ostida bo‘lgani uchun unga yuk hisoblanadi”, deyishadi. Ibn Abbos va Mujohid aytishadi: «Ikkinchi bor sur chalinganida yer o‘z “yuk”larini, ya’ni o‘liklarini chiqarib tashlaydi. Shuning uchun Parvardigor jin va insonlarni “saqalan”, ya’ni: “Ey insu jinlar!” (Ar-Rahmon surasi, 31-oyat), deb atadi». Ulamolardan ba’zilari bunday deyishgan: «Qadimda arablar biron-bir qonxo‘r, zolimni ko‘rishsa, uni: “Yer yuzidagi “saqal”, ya’ni mashaqqat (og‘ir yuk)”, deb atashardi. U o‘lgach esa, yer o‘zidagi yukni olib tashladi”, deyishardi». Bir o‘rinda yer “yuk”laridan murod xazinalardir, deyilgan. Bu borada hadis ham vorid bo‘lgan: “Yer o‘zining oltin va kumushdan bo‘lgan xazinalarini uyum-uyum etib chiqarib tashlaydi”.

“Va (qayta tirilishni inkor qiluvchi) inson (dahshatga tushib): “Unga ne bo‘ldi ekan?” – deb qolganida…” Oyatdagi “inson”dan kofir nazarda tutilmoqda. Imom Zahhok rivoyatida Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu “inson” Asvad ibn Abdul Asaddir”, deb aytgan. Yana aytiladiki: «Oyatdagi “inson”dan murod qiyomat kunida, birinchi sur chalingandagi holatga guvoh bo‘luvchi har bir mo‘min va kofirdir. Ushbu hodisalar qiyomat alomatlari bo‘lib, ro‘yobga chiqmagunicha odamlar ularni avvaldan bila olmaydi. Shuning uchun bir-birlaridan: “Unga (yerga) ne bo‘ldi ekan?” deb so‘rashadi.

«Oyatdagi “inson”dan xossatan kofir nazarda tutilmoqda», degan fikrga ko‘ra, “zilzila” bu “qiyomatdir”. Sababi mo‘min qiyomatni e’tirof etadi va u haqda so‘ramaydi. Kofir esa inkor etadi. Shuning uchun u haqda so‘raydi.

“Unga ne bo‘ldi ekan?” Ya’ni: “Nega yer zilzila bilan qimirladi?” Bir o‘rinda bunday deyiladi: «Inson: “Yerga nima bo‘ldiki, u “yuk”larini chiqarib tashladi?” (ya’ni, nima uchun qimirladi?) deb ajablanib so‘raydi». Yana bir fikrga ko‘ra bunday: «Birinchi sur chalingandan keyin Alloh taolo o‘liklarni tiriltiradi. So‘ng yer harakatga keladi va o‘liklarni chiqarib tashlaydi. Zilzila yuz berib, o‘liklar tirilib, insonlar yerning yorilishi guvohi bo‘lishadi. Keyin qo‘rquvdan: “Unga ne bo‘ldi ekan?” deb aytishadi».

“Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar”. Ya’ni, o‘sha kunda yer o‘z ustida qilib o‘tilgan yaxshi va yomon amallarni aytib beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar” oyatini o‘qib: “Uning xabarlari nima ekanini bilasizlarmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Alloh va rasuli biluvchiroq”, deb aytishdi. Nabiy alayhissalom: “Har bir qul va cho‘ri yer yuzida nima amal qilganiga guvohlik berishi yerning xabarlaridir. U: “Falon kuni falon amallarni qildi”, deb aytadi. Mana shu uning xabarlaridir”, deb marhamat qildilar» (Imom Termiziy rivoyati).

“(So‘zlashga) Rabbingiz vahiy (ruxsat) qilganini aytur”. Ya’ni, yer Alloh taolo unga vahiy qilgan narsani (bir o‘rinda: buyurgani, boshqasida: bo‘ysundirgani, deb keladi) xabar qiladi. Aytiladi: “Shu kunda zilzila ro‘y beradi va yer o‘zidagi yuklarni tashqariga chiqarib tashlaydi. U o‘zining xabarlarni, ya’ni unda sodir etilgan toat va gunohlar, shuningdek, yaxshiligu yomonlikni so‘zlaydi”. Ushbu ma’lumot Sufyon Savriy va boshqalardan ham naql qilingan.

“O‘sha kuni odamlar to‘da-to‘da bo‘lib chiqib kelurlar”, ya’ni, guruh-guruh bo‘lib. Aytiladiki: “Bir guruh kishilar jannatga kirish uchun o‘ng tomonni egallaydi. Boshqa guruh esa jahannamga kirish uchun chap tomonni egalaydi. Bunga Allloh taoloning ushbu so‘zi dalil: “Qiyomat qoim bo‘ladigan kun – ana o‘sha kunda (mo‘minlar bilan kofirlar) bir-birlaridan ajralurlar” (Rum surasi, 14-oyat).

“(Nomai) a’mollarini ko‘rsatilishi uchun”, ya’ni dunyoda qilib o‘tgan amallarning savobini. Bir o‘rinda: “Hisob-kitoblaridan forig‘ bo‘lganlaridan keyin to‘da-to‘da bo‘lib qaytadilar”, deyiladi. Nabiy alayhissalom: «Qiyomat kunida o‘z nasfini malomat qilmaydigan kishi qolmaydi. Agar yaxshi odam bo‘lsa: “Nima uchun yaxshiliklarni ko‘proq qilmadim”, deydi. Aksi bo‘lsa: “Nima uchun gunohlardan tiyilmadim”, deydi»Ibn Abbos aytadi: «“To‘da-to‘da bo‘lib”, ya’ni insonlar amallariga ko‘ra ikki firqaga bo‘linishadi. Birinchi toifa mo‘minlar, ikkinchi toifa mo‘minlardan boshqa hamma».

“Bas, kimki dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilgan bo‘lsa, (Qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorda yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rar”. Ushbu oyat uch masalani o‘z ichiga oladi. Birinchisi: «Alloh taoloning ushbu so‘zi: “Bas, kimki dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilgan bo‘lsa, uni ko‘rar”. Ibn Abbos aytadi: “Kofirlardan birortasi yaxshilik qilsa va unga dunyoda biron yaxshilik berilsa, oxiratda unga savob qolmaydi. Ammo zarra miqdorda yomonlik qilsa-yu, dunyoda jazosini olmasa, oxiratda jazosini oladi. Shirk keltirganlik jazosini ham oxiratda oladi. Endi mo‘minlardan qay biri dunyoda zarra miqdorda yomonlik qilsa va o‘shanga yarasha jazo olsa, oxiratda jazolanmasdan, undan kechib yuborilishi mumkin. Aksincha, dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilsa, undan qabul qilinadi. Oxiratda yaxshiligi ko‘paytirilib beriladi”. Alloh taolo odam bolasining kichik va katta, hech bir amalidan g‘ofil qolmaydi. “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham) zulm qilmaydi” (Niso surasi, 40-oyat).

Muhammad ibn Ka’b Quroziy bunday deydi: “Qaysi kofir zarra miqdorida yaxshilik qilsa, o‘shaning savobini dunyoda – o‘zi, moli, ahli va bolasida ko‘radi va Alloh taolo huzurida yaxshiligi qolmaydi. Qaysi mo‘min zarra miqdorda yomonlik qilsa, uning uqubatini dunyoda o‘zi, moli, bolasi va ahlida ko‘radi. Hatto bironta gunohi qolmay dunyodan o‘tadi. Bunga quyidagi hadisi sharif dalil: “Nabiy alayhissalomga ushbu ikki oyat nozil bo‘lganida, Abu Bakr taom yeyayotgan edi. Shu vaqt u yeyishdan to‘xtab qoldi va: “Yo Rasululloh, biz qilib o‘tgan barcha katta-kichik gunohlarimizni ko‘ramizmi?” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Sizlar yoqtirmagan misqol zarrasidek yomonlik ham, sizlar yaxshi ko‘radigan misqol zarrasidek yaxshilik ham oxiratga zaxira qilinadi va qiyomat kunida beriladi”, deb ogohlantirdilar.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, menga jome’ (lafzi qisqa, ammo savobi ulug‘) surani o‘rgating!” dedi. U zot alayhissalom: “Iza zulzilatil arzu…” (surasi)ni o‘rgatdilar». Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim “Iza zulzilatil…” (surasi)ni o‘qisa, unga Qur’onning yarmi (o‘qilgani) savobi beriladi», deb marhamat qildilar (Imom Termiziy rivoyati).

Imom Qurtubiy tafsiri asosisda

Ismoil NURIMON tayyorladi.

“Islom nuri” gazetasining 2020 yil, 9-sonidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Eng afzal sadaqa - suv ulashish

18.06.2025   5837   1 min.
Eng afzal sadaqa - suv ulashish

Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: (odamlarga) Suv ulashish”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Yo Allohning Rasuli! Onam to‘satdan jon taslim qildi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapira olganida, sadaqa qilgan bo‘lar edi. Endi uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr bo‘ladimi?" dedi. U zot alayhissalom: "Ha", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).