«Qachonki, Yer o‘zining (eng dahshatli) zilzilasi bilan qimirlaganda. Yer (o‘z qaridagi konlaru murdalardan iborat) “yuk”larini (yuzaga) chiqarib tashlaganida va (qayta tirilishni inkor qiluvchi) inson (dahshatga tushib): “Unga ne bo‘ldi ekan?” – deb qolganida – ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar. (So‘zlashga) Rabbingiz vahiy (ruxsat) qilganini aytur. O‘sha kuni odamlar ularga (nomai) a’mollarini ko‘rsatilishi uchun to‘dato‘da bo‘lib chiqib kelurlar. Bas, kimki dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilgan bo‘lsa, (Qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorda yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rar” (Zalzala surasi, 1–8-oyatlar).
“Qachonki, Yer o‘zining (eng dahshatli) zilzilasi bilan qimirlaganda”. Ya’ni, butunligicha harakatga kelganida. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Birinchi bor sur chalinganda yer qimirlaydi”, deb aytgan. Mujohid rahimahulloh ham shu fikrni aytgan. Bunga Alloh taoloning: “U kunda larzaga keluvchi (sur) larzaga keladi. Ortidan ergashuvchi (ikkinchi bor sur ovozi) ergashur” (Noziot surasi, 6-7), oyatlari dalil. Shundan so‘ng yer ikkinchi bor qimirlaydi. Shunda u o‘zidagi o‘liklarni, ya’ni “yuk”larini chiqarib tashlaydi».
“Yer (o‘z qa’ridagi konlaru murdalardan iborat) “yuk”larini (yuzaga) chiqarib tashlaganida…” Abu Ubayda va Axfash: “Mayyit yer ostida bo‘lgani uchun unga yuk hisoblanadi”, deyishadi. Ibn Abbos va Mujohid aytishadi: «Ikkinchi bor sur chalinganida yer o‘z “yuk”larini, ya’ni o‘liklarini chiqarib tashlaydi. Shuning uchun Parvardigor jin va insonlarni “saqalan”, ya’ni: “Ey insu jinlar!” (Ar-Rahmon surasi, 31-oyat), deb atadi». Ulamolardan ba’zilari bunday deyishgan: «Qadimda arablar biron-bir qonxo‘r, zolimni ko‘rishsa, uni: “Yer yuzidagi “saqal”, ya’ni mashaqqat (og‘ir yuk)”, deb atashardi. U o‘lgach esa, yer o‘zidagi yukni olib tashladi”, deyishardi». Bir o‘rinda yer “yuk”laridan murod xazinalardir, deyilgan. Bu borada hadis ham vorid bo‘lgan: “Yer o‘zining oltin va kumushdan bo‘lgan xazinalarini uyum-uyum etib chiqarib tashlaydi”.
“Va (qayta tirilishni inkor qiluvchi) inson (dahshatga tushib): “Unga ne bo‘ldi ekan?” – deb qolganida…” Oyatdagi “inson”dan kofir nazarda tutilmoqda. Imom Zahhok rivoyatida Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Bu “inson” Asvad ibn Abdul Asaddir”, deb aytgan. Yana aytiladiki: «Oyatdagi “inson”dan murod qiyomat kunida, birinchi sur chalingandagi holatga guvoh bo‘luvchi har bir mo‘min va kofirdir. Ushbu hodisalar qiyomat alomatlari bo‘lib, ro‘yobga chiqmagunicha odamlar ularni avvaldan bila olmaydi. Shuning uchun bir-birlaridan: “Unga (yerga) ne bo‘ldi ekan?” deb so‘rashadi.
«Oyatdagi “inson”dan xossatan kofir nazarda tutilmoqda», degan fikrga ko‘ra, “zilzila” bu “qiyomatdir”. Sababi mo‘min qiyomatni e’tirof etadi va u haqda so‘ramaydi. Kofir esa inkor etadi. Shuning uchun u haqda so‘raydi.
“Unga ne bo‘ldi ekan?” Ya’ni: “Nega yer zilzila bilan qimirladi?” Bir o‘rinda bunday deyiladi: «Inson: “Yerga nima bo‘ldiki, u “yuk”larini chiqarib tashladi?” (ya’ni, nima uchun qimirladi?) deb ajablanib so‘raydi». Yana bir fikrga ko‘ra bunday: «Birinchi sur chalingandan keyin Alloh taolo o‘liklarni tiriltiradi. So‘ng yer harakatga keladi va o‘liklarni chiqarib tashlaydi. Zilzila yuz berib, o‘liklar tirilib, insonlar yerning yorilishi guvohi bo‘lishadi. Keyin qo‘rquvdan: “Unga ne bo‘ldi ekan?” deb aytishadi».
“Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar”. Ya’ni, o‘sha kunda yer o‘z ustida qilib o‘tilgan yaxshi va yomon amallarni aytib beradi. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar” oyatini o‘qib: “Uning xabarlari nima ekanini bilasizlarmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Alloh va rasuli biluvchiroq”, deb aytishdi. Nabiy alayhissalom: “Har bir qul va cho‘ri yer yuzida nima amal qilganiga guvohlik berishi yerning xabarlaridir. U: “Falon kuni falon amallarni qildi”, deb aytadi. Mana shu uning xabarlaridir”, deb marhamat qildilar» (Imom Termiziy rivoyati).
“(So‘zlashga) Rabbingiz vahiy (ruxsat) qilganini aytur”. Ya’ni, yer Alloh taolo unga vahiy qilgan narsani (bir o‘rinda: buyurgani, boshqasida: bo‘ysundirgani, deb keladi) xabar qiladi. Aytiladi: “Shu kunda zilzila ro‘y beradi va yer o‘zidagi yuklarni tashqariga chiqarib tashlaydi. U o‘zining xabarlarni, ya’ni unda sodir etilgan toat va gunohlar, shuningdek, yaxshiligu yomonlikni so‘zlaydi”. Ushbu ma’lumot Sufyon Savriy va boshqalardan ham naql qilingan.
“O‘sha kuni odamlar to‘da-to‘da bo‘lib chiqib kelurlar”, ya’ni, guruh-guruh bo‘lib. Aytiladiki: “Bir guruh kishilar jannatga kirish uchun o‘ng tomonni egallaydi. Boshqa guruh esa jahannamga kirish uchun chap tomonni egalaydi. Bunga Allloh taoloning ushbu so‘zi dalil: “Qiyomat qoim bo‘ladigan kun – ana o‘sha kunda (mo‘minlar bilan kofirlar) bir-birlaridan ajralurlar” (Rum surasi, 14-oyat).
“(Nomai) a’mollarini ko‘rsatilishi uchun”, ya’ni dunyoda qilib o‘tgan amallarning savobini. Bir o‘rinda: “Hisob-kitoblaridan forig‘ bo‘lganlaridan keyin to‘da-to‘da bo‘lib qaytadilar”, deyiladi. Nabiy alayhissalom: «Qiyomat kunida o‘z nasfini malomat qilmaydigan kishi qolmaydi. Agar yaxshi odam bo‘lsa: “Nima uchun yaxshiliklarni ko‘proq qilmadim”, deydi. Aksi bo‘lsa: “Nima uchun gunohlardan tiyilmadim”, deydi». Ibn Abbos aytadi: «“To‘da-to‘da bo‘lib”, ya’ni insonlar amallariga ko‘ra ikki firqaga bo‘linishadi. Birinchi toifa mo‘minlar, ikkinchi toifa mo‘minlardan boshqa hamma».
“Bas, kimki dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilgan bo‘lsa, (Qiyomat kuni) uni ko‘rar. Kimki zarra miqdorda yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rar”. Ushbu oyat uch masalani o‘z ichiga oladi. Birinchisi: «Alloh taoloning ushbu so‘zi: “Bas, kimki dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilgan bo‘lsa, uni ko‘rar”. Ibn Abbos aytadi: “Kofirlardan birortasi yaxshilik qilsa va unga dunyoda biron yaxshilik berilsa, oxiratda unga savob qolmaydi. Ammo zarra miqdorda yomonlik qilsa-yu, dunyoda jazosini olmasa, oxiratda jazosini oladi. Shirk keltirganlik jazosini ham oxiratda oladi. Endi mo‘minlardan qay biri dunyoda zarra miqdorda yomonlik qilsa va o‘shanga yarasha jazo olsa, oxiratda jazolanmasdan, undan kechib yuborilishi mumkin. Aksincha, dunyoda zarra miqdorda yaxshilik qilsa, undan qabul qilinadi. Oxiratda yaxshiligi ko‘paytirilib beriladi”. Alloh taolo odam bolasining kichik va katta, hech bir amalidan g‘ofil qolmaydi. “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham) zulm qilmaydi” (Niso surasi, 40-oyat).
Muhammad ibn Ka’b Quroziy bunday deydi: “Qaysi kofir zarra miqdorida yaxshilik qilsa, o‘shaning savobini dunyoda – o‘zi, moli, ahli va bolasida ko‘radi va Alloh taolo huzurida yaxshiligi qolmaydi. Qaysi mo‘min zarra miqdorda yomonlik qilsa, uning uqubatini dunyoda o‘zi, moli, bolasi va ahlida ko‘radi. Hatto bironta gunohi qolmay dunyodan o‘tadi. Bunga quyidagi hadisi sharif dalil: “Nabiy alayhissalomga ushbu ikki oyat nozil bo‘lganida, Abu Bakr taom yeyayotgan edi. Shu vaqt u yeyishdan to‘xtab qoldi va: “Yo Rasululloh, biz qilib o‘tgan barcha katta-kichik gunohlarimizni ko‘ramizmi?” deb so‘radi. Nabiy alayhissalom: “Sizlar yoqtirmagan misqol zarrasidek yomonlik ham, sizlar yaxshi ko‘radigan misqol zarrasidek yaxshilik ham oxiratga zaxira qilinadi va qiyomat kunida beriladi”, deb ogohlantirdilar.
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu aytadi: «Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, menga jome’ (lafzi qisqa, ammo savobi ulug‘) surani o‘rgating!” dedi. U zot alayhissalom: “Iza zulzilatil arzu…” (surasi)ni o‘rgatdilar». Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Kim “Iza zulzilatil…” (surasi)ni o‘qisa, unga Qur’onning yarmi (o‘qilgani) savobi beriladi», deb marhamat qildilar (Imom Termiziy rivoyati).
Imom Qurtubiy tafsiri asosisda
Ismoil NURIMON tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2020 yil, 9-sonidan
“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.
Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?
Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?
Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.
So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.
Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.
So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.
Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.
Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?
Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.
2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing
Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.
- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.
Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.
Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.
“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak
Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.
Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.
Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.
Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.