Insonlarga nisbatan murosasizlik, ularning muvaffaqiyatlari, yutuqlari va boyligini ko'ra olmaslik, bir so'z bilan aytganda hasad qilish nafsning eng yomon kasalligidan biridir.
Muolaja uslubi
Kimki: “Nega unda bor, lekin menda yo'q?!” deb odamlarga nisbatan hasad qilayotgan bo'lsa bilib qo'ysinki, u Alloh taoloning taqdiriga e'tiroz bildirayotgan bo'ladi. Chunki faqat yolg'iz Alloh taolo bandalarning rizqini taqsimlovchi, ularga ne'matlarni ato etuvchi Zotdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini hasaddan ogohlantirib: “Hasaddan saqlaning! Chunki hasad yaxshiliklarni xuddi olov o'tinni egandek, eb yuboradi”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Bir-biringizga g'azab va hasad qilmang hamda bir-biringizdan yuz o'girmang. Balki Alloh taoloning bir-biriga birodar bandalari bo'linglar. Hech bir musulmonga birodari bilan uch kundan ortiq hijron qilishi (arazlashi) halol bo'lmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Yana Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizni yomon ko'rishdan saqlaning, chunki bu qiruvchi narsa. Men sizga u sochni qiradi, demayman. U dinni qiradi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bugungi kunda ayrim mo'min-musulmonlarning bir-biriga nisbatan murosasizligi ham aynan o'zaro hasad qilishdan, mehr va muhabbatning etarli emasligidan kelib chiqmoqda.
Abdulkarim Qushayriy rahimahulloh aytadilar: «“Donishmandlar bunday deb aytardilar: “Kimki hasadgo'y bo'lsa, zinhor baxtli bo'lmaydi!”».
Buyuk xalifa Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh: “Hasadgo'ydan ko'ra zolimroq odamni ko'rmadim. Chunki u doimo hasad olovida yonadi va hamisha o'zini hamda boshqalarni qoralab, haqorat qilib yuradi”, degan.
Abu Abdurahmon as-Sulamiyning
“Nafs illatlari va ularning muolajasi” kitobidan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati