Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Poydevorga asos solinishi
Abu Zarr roziyallohu anhu aytadi:
«Ey Allohning Rasuli, yer yuzida qaysi masjid birinchi bo‘lib qurilgan?» dedim. U zot: «Masjidul Harom», dedilar. «Keyin qaysi?» dedim. U zot: «Masjidul Aqso», dedilar. «Ikkovining orasida qancha o‘tgan?» dedim. U zot: «Qirq yil. Qachon bo‘lmasin, senga namoz to‘g‘ri kelsa, darhol o‘qib ol, chunki fazilat shunda», dedilar» (Buxoriy rivoyat qilgan).
Odam alayhissalom
Qurtubiy aytadi: «Baytul Maqdisni birinchi bo‘lib kim qurgani haqida ixtilof bor. Rivoyat qilinishicha, birinchi bo‘lib Baytni, ya’ni Baytul Haromni Odam alayhissalom qurganlar. Baytul Maqdisni u kishidan qirq yil keyin o‘g‘illari qurgan bo‘lishi mumkin. Allohning izni bilan farishtalar poydevor qurgandan keyin Baytni qurgan bo‘lishlari ham mumkin. Hammasining ehtimoli bor. Vallohu a’lam» («Jome’ li ahkaamil Qur’an», 4-jild, 138-bet).
Ibn Hajar «Fathul Boriy»da shunday degan: «Masjidul Aqsoni birinchi bo‘lib Odam alayhissalom qurgan. Farishtalar, Som ibn Nuh alayhissalom, Ya’qub alayhissalom ham qurgan deyishadi… Men «Odam alayhissalom ikkala masjidni ham qurgan» deganlarni quvvatlovchi dalilni topdim. Ibn Hishom «Kitobut-tiyjon»da: «Odam Ka’bani qurgach, Alloh unga Baytul Maqdis sari borib, uni ham qurishga buyurdi. U zot uni qurib, unda ibodat qildilar», degan».
Suyutiy «Sunanu Nasoiy»ning sharhida shunday degan: «Masjidul Aqsoni Odam alayhissalomning o‘zi barpo qilgan. Ibrohim va Sulaymon alayhissalomlar esa uni yangilashgan».
Ibrohim alayhissalom
Ibn Hajar Asqaloniyning aytishicha, Ibn Javziy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qirq yil» degan so‘zlarining sharhida bu mantiqan to‘g‘ri kemasligini aytgan. Chunki Masjidul Haromni Ibrohim alayhissalom qurgan, Baytul Maqdisni Sulaymon alayhissalom qurgan deydigan bo‘lsak, oralarida ming yildan ko‘p muddat bor. Keyin Ibn Javziy bu nomuvofiqlikka shunday javob bergan: «Ka’bani ilk bor qurgan zot Ibrohim alayhissalom emas. Baytul Maqdisni ilk bor qurgan zot Sulaymon alayhissalom ham emas… Bizga rivoyatlarda yetib kelishicha, Ka’bani ilk bor Odam alayhissalom barpo qilganlar. Keyin u zotning avlodlari yer yuzida tarqab ketishgan. Ularning biri Baytul Maqdisni qurgan bo‘lishi mumkin. Keyin esa, Qur’onda aytilganidek, Ibrohim alayhissalom Ka’bani qurganlar» («Fathul Boriy», 6-jild, 407-bet).
Qurtubiy shunday degan: «Bu hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalom birinchi bo‘lib ikki masjidning poydevoriga asos solganiga dalolat qilmaydi, ularning ishlari boshqalar qurgan masjidni yangilash bo‘lgan».
Aksar mufassirlar «Ibrohim alayhissalom Masjidul Aqsoni risolati va da’vatiga iymon keltirgan farzandlari va zurriyotlaridan iborat bo‘lgan musulmon ummatiga masjid bo‘lishi uchun uning binosini yangilagan», deyishadi.
Masjidul Aqsoga imom bo‘lish Ibrohim alayhissalomning solih zurriyotlari qo‘lida davom etib kelgan.
Ibn Kasir shunday degan: «Ya’qub ibn Is'hoq alayhimassalomning davrida Masjidul Aqsoning Ibrohim alayhissalom qurib ketgan binosi eskirib ketganidan keyin qayta qurilgan» («Bidoya van-Nihoya», 1-jild, 184-bet).
Shihobiddin Maqdisiy shunday degan: «Bu ish binoni yangilash bo‘lgan» («Musiyrul g‘arom», 134-bet).
Sulaymon alayhissalom
Musulmonlardagi ishonchli, sobit shar’iy dalillarga ko‘ra, Masjidul Aqsoni Sulaymon alayhissalom qurganlar. Lekin u zot poydevorga asos solmaganlar, balki masjidning binosini ibodat qilish uchun tayyorlab, kengaytirib, yangilaganlar.
Nasoiy, Ibn Moja va boshqalar Abdulloh ibn Amr ibn Osdan qilgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Sulaymon ibn Dovud Baytul Maqdisni qurib bo‘lgach, Allohdan uchta narsa so‘raganlar: U Zotning hukmiga to‘g‘ri keladigan hukmni, o‘zidan keyin hech kimga berilmaydigan saltanatni, bu masjidga faqat namoz o‘qish uchungina kelgan har bir odamni gunohlaridan xuddi onasidan tug‘ilgandek (poklab) chiqarishini. Menga ikkitasi berildi. Uchinchisi ham berilishini umid qilaman».
Imom Navaviy «Sahih Muslim»ning sharhida shunday degan: «Bu ikki masjidning poydevoriga asos solgan zot Odam alayhissalom ekani vorid bo‘lgan. Shu bilan birga Ibrohim Masjidul Haromni, Sulaymon Baytul Maqdisni qurgani, orada qirq yil o‘tgani haqidagi biroz ixtiloflar bor. Demak, bu ikki zot binoni faqat yangilagan, xolos degan xulosa kelib chiqadi».
Qurtubiy «Jome’ li ahkamil Qur’an»da shunday degan: «U Zotning «Esla, vaqtiki, Ibrohim bilan Ismoil Baytning poydevorlarini ko‘tarayotib…» degan oyati hamda Nasoiy rivoyat qilgan hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalomning poydevorga asos solganiga emas, balki boshqalar asos solgan binoni yangilaganiga dalolat qiladi».
Imom Bag‘aviy o‘z tafsirida shunday degan: «Baytul Maqdis Buxtanassir g‘azot qilgunicha Sulaymon qurib ketgan shaklda bo‘lgan. U shaharni xarobaga aylantirib, masjidni buzib, shifti va devorlaridagi tilla, kumush, dur, yoqut va boshqa javharlarni olib, Iroq yeridagi o‘z mamlakatiga tashib ketgan, deyishadi».
Ko‘rinib turibdiki, Sulaymon Baytul Maqdisda qilgan ishi Haykalning poydevoriga asos solish bo‘lmagan, balki muborak Masjidul Aqsoni yangilash bo‘lgan. Xuddi Ibrohim alayhissalom Masjidul Haromni yangilagani kabi. Masjidul Aqso Sulaymon, Muso, Ya’qub va Ibrohim alayhimussalomlardan oldin ham bo‘lgan…
«Masjidul Aqso: haqiqat va tarix» kitobidan
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tarjimasi
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida yurtimizda 7-11 iyul kunlari o‘tkaziladigan “Islom sivilizatsiyasi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi I Xalqaro Islom sivilizatsiyasi forumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Komiljon Shermuhamedov, ISЕSKO rahbari Salim Muhammad hamda xalqaro al-Furqon jamg‘armasi raisi Sali Shahsuvariy so‘zga chiqdi.
Matbuot anjumanida mazkur nufuzli tadbirning maqsad va vazifalari, uning xalqaro ahamiyati hamda forum doirasida rejalashtirilgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkazilayotgan forumda dunyoning turli mamlakatlaridan taniqli ulamolar, muftiylar, islomshunos olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadi.
Ushbu forum islom dinining tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat va insonparvarlikka asoslangan asl mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mazkur anjuman O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, buyuk allomalar merosi va ma’rifiy an’analarini dunyo miqyosida yanada keng namoyon etishga xizmat qilishi alohida qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida, shu yil 7–8 iyul kunlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazida konferensiyalar bo‘lib o‘tadi. 9–10 iyul kunlari esa Samarqand va Termiz shaharlarida Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning ilmiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi.
Forum doirasidagi bunday uchrashuv va muhokamalar ilm-fan, dinlararo muloqot, bag‘rikenglik va ma’rifat tamoyillarini mustahkamlashda muhim amaliy maydon vazifasini bajaradi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati