frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Masjidul Aqsoni kim qurgan?

19.06.2020   8400   6 min.
Masjidul Aqsoni kim qurgan?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Poydevorga asos solinishi

Abu Zarr roziyallohu anhu aytadi:

«Ey Allohning Rasuli, yer yuzida qaysi masjid birinchi bo‘lib qurilgan?» dedim. U zot: «Masjidul Harom», dedilar. «Keyin qaysi?» dedim. U zot: «Masjidul Aqso», dedilar. «Ikkovining orasida qancha o‘tgan?» dedim. U zot: «Qirq yil. Qachon bo‘lmasin, senga namoz to‘g‘ri kelsa, darhol o‘qib ol, chunki fazilat shunda», dedilar» (Buxoriy rivoyat qilgan).

 

Odam alayhissalom

Qurtubiy aytadi: «Baytul Maqdisni birinchi bo‘lib kim qurgani haqida ixtilof bor. Rivoyat qilinishicha, birinchi bo‘lib Baytni, ya’ni Baytul Haromni Odam alayhissalom qurganlar. Baytul Maqdisni u kishidan qirq yil keyin o‘g‘illari qurgan bo‘lishi mumkin. Allohning izni bilan farishtalar poydevor qurgandan keyin Baytni qurgan bo‘lishlari ham mumkin. Hammasining ehtimoli bor. Vallohu a’lam» («Jome’ li ahkaamil Qur’an», 4-jild, 138-bet).

Ibn Hajar «Fathul Boriy»da shunday degan: «Masjidul Aqsoni birinchi bo‘lib Odam alayhissalom qurgan. Farishtalar, Som ibn Nuh alayhissalom, Ya’qub alayhissalom ham qurgan deyishadi… Men «Odam alayhissalom ikkala masjidni ham qurgan» deganlarni quvvatlovchi dalilni topdim. Ibn Hishom «Kitobut-tiyjon»da: «Odam Ka’bani qurgach, Alloh unga Baytul Maqdis sari borib, uni ham qurishga buyurdi. U zot uni qurib, unda ibodat qildilar», degan».

Suyutiy «Sunanu Nasoiy»ning sharhida shunday degan: «Masjidul Aqsoni Odam alayhissalomning o‘zi barpo qilgan. Ibrohim va Sulaymon alayhissalomlar esa uni yangilashgan».

 

Ibrohim alayhissalom

Ibn Hajar Asqaloniyning aytishicha, Ibn Javziy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning «Qirq yil» degan so‘zlarining sharhida  bu mantiqan to‘g‘ri kemasligini aytgan. Chunki Masjidul Haromni Ibrohim alayhissalom qurgan, Baytul Maqdisni Sulaymon alayhissalom qurgan deydigan bo‘lsak, oralarida ming yildan ko‘p muddat bor. Keyin Ibn Javziy bu nomuvofiqlikka shunday javob bergan: «Ka’bani ilk bor qurgan zot Ibrohim alayhissalom emas. Baytul Maqdisni ilk bor qurgan zot Sulaymon alayhissalom ham emas… Bizga rivoyatlarda yetib kelishicha, Ka’bani ilk bor Odam alayhissalom barpo qilganlar. Keyin u zotning avlodlari yer yuzida tarqab ketishgan. Ularning biri Baytul Maqdisni qurgan bo‘lishi mumkin. Keyin esa, Qur’onda aytilganidek, Ibrohim alayhissalom Ka’bani qurganlar» («Fathul Boriy», 6-jild, 407-bet).

Qurtubiy shunday degan: «Bu hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalom birinchi bo‘lib ikki masjidning poydevoriga asos solganiga dalolat qilmaydi, ularning ishlari boshqalar qurgan masjidni yangilash bo‘lgan».

Aksar mufassirlar «Ibrohim alayhissalom Masjidul Aqsoni risolati va da’vatiga iymon keltirgan farzandlari va zurriyotlaridan iborat bo‘lgan musulmon ummatiga masjid bo‘lishi uchun uning binosini yangilagan», deyishadi.

Masjidul Aqsoga imom bo‘lish Ibrohim alayhissalomning solih zurriyotlari qo‘lida davom etib kelgan. 

Ibn Kasir shunday degan: «Ya’qub ibn Is'hoq alayhimassalomning davrida Masjidul Aqsoning Ibrohim alayhissalom qurib ketgan binosi eskirib ketganidan keyin qayta qurilgan» («Bidoya van-Nihoya», 1-jild, 184-bet).

Shihobiddin Maqdisiy shunday degan: «Bu ish binoni yangilash bo‘lgan» («Musiyrul g‘arom», 134-bet).

 

Sulaymon alayhissalom

Musulmonlardagi ishonchli, sobit shar’iy dalillarga ko‘ra, Masjidul Aqsoni Sulaymon alayhissalom qurganlar. Lekin u zot poydevorga asos solmaganlar, balki masjidning binosini ibodat qilish uchun tayyorlab, kengaytirib, yangilaganlar.

Nasoiy, Ibn Moja va boshqalar Abdulloh ibn Amr ibn Osdan qilgan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Sulaymon ibn Dovud Baytul Maqdisni qurib bo‘lgach, Allohdan uchta narsa so‘raganlar: U Zotning hukmiga to‘g‘ri keladigan hukmni, o‘zidan keyin hech kimga berilmaydigan saltanatni, bu masjidga faqat namoz o‘qish uchungina kelgan har bir odamni gunohlaridan xuddi onasidan tug‘ilgandek (poklab) chiqarishini.  Menga ikkitasi berildi. Uchinchisi ham berilishini umid qilaman».

Imom Navaviy «Sahih Muslim»ning sharhida shunday degan: «Bu ikki masjidning poydevoriga asos solgan zot Odam alayhissalom ekani vorid bo‘lgan. Shu bilan birga Ibrohim Masjidul Haromni, Sulaymon Baytul Maqdisni qurgani, orada qirq yil o‘tgani haqidagi biroz ixtiloflar bor. Demak, bu ikki zot binoni faqat yangilagan, xolos degan xulosa kelib chiqadi».

Qurtubiy «Jome’ li ahkamil Qur’an»da shunday degan: «U Zotning «Esla, vaqtiki, Ibrohim bilan Ismoil Baytning poydevorlarini ko‘tarayotib…» degan oyati hamda Nasoiy rivoyat qilgan hadis Ibrohim va Sulaymon alayhimassalomning poydevorga asos solganiga emas, balki boshqalar asos solgan binoni yangilaganiga dalolat qiladi».

Imom Bag‘aviy o‘z tafsirida shunday degan: «Baytul Maqdis  Buxtanassir g‘azot qilgunicha Sulaymon qurib ketgan shaklda bo‘lgan. U shaharni xarobaga aylantirib, masjidni buzib, shifti va devorlaridagi tilla, kumush, dur, yoqut va boshqa javharlarni olib, Iroq yeridagi o‘z mamlakatiga tashib ketgan, deyishadi».

Ko‘rinib turibdiki, Sulaymon Baytul Maqdisda qilgan ishi Haykalning poydevoriga asos solish bo‘lmagan, balki muborak Masjidul Aqsoni yangilash bo‘lgan. Xuddi Ibrohim alayhissalom Masjidul Haromni yangilagani kabi. Masjidul Aqso Sulaymon, Muso, Ya’qub va Ibrohim alayhimussalomlardan oldin ham bo‘lgan…

 «Masjidul Aqso: haqiqat va tarix» kitobidan
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

14.08.2026   58738   1 min.
YUNЕSKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari