13 iyun kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Mulla Qosim” jome masjidining yangi binosining birinchi g‘ishtini qo‘yish marosimida ishtirok etdilar.
Dastlab, Qur’oni karim tilovat qilingach, bu masjidning to qiyomatgacha Alloh taologa ibodat qilinadigan, xatmi Qur’onlar, zikru tasbehlar o‘qiladigan sajdagoh bo‘lishini, moddiy va ma’naviy obod aylashi, mo‘min-musulmonlar ibodat qiladigan baytulloh bo‘lishini tilab, xayrli duolar qilindi.
Shundan so‘ng muftiy Usmonxon Alimov hazratlari masjidning ilk g‘ishtini tabarrukona qo‘yib berib, uning qurilishiga oq fotiha berdilar. Muftiy hazratlari boshchiligidagi bir guruh din peshvolari masjid qurilishiga moddiy va ma’naviy yordam berayotgan barcha-barchasining haqqiga duolar qildilar.
Ta’kidlash kerakki, «Mulla Qosim» jome masjidi XIX asrning 80-yillarida qurilgan. U keyingi paytlarda yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Qolaversa, oxirgi yillarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Shu sababli mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini olg‘a surishdi. Ushbu xayrli tashabbus O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Qurilish ishlariga mutasaddi idoralar tomonidan ruxsat berilgandan so‘ng, mahalliy aholi, masjid qavmi xabardor qilinib, eski masjid buzilib, 0,55 gektar yerga ikki yarim ming nafar namozxonga mo‘ljallangan, qurilish me’yorlari va qonunchilik talablariga javob beradigan muhtasham bir masjid bino qilish ishlari boshlab yuborildi.
Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Zero, masjid qurishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”. Mana shunday savobli ishlarga muxlis xalqimiz masjid binosi qurilishida faol ishtirok etmoqda.
Alloh taolo ushbu jome masjidni tez kunlarda bunyod etilib, xalqimizga muborak aylashini nasib etsin!



















O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining turizm va sayohatlarga ixtisoslashgan “Arab Tourist” elektron nashrida “Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan va Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘langan mamlakat” sarlavhali tahliliy maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li tarixida o‘zbek shaharlarining tutgan o‘rni alohida e’tirof etiladi. Xususan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar asrlar davomida Sharq va G‘arb o‘rtasidagi savdo, fan va madaniyat markazlari sifatida xizmat qilgani ta’kidlanadi. Registon maydoni, Ichan-qal’a va Buxorodagi me’moriy obidalar islom sivilizatsiyasi hamda jahon madaniy merosining bebaho durdonalari sifatida tilga olinadi.
Bundan tashqari, nashr O‘zbekistonning rang-barang tabiati va geografik relefiga to‘xtalib o‘tgan. Qizilqum cho‘li, serhosil Farg‘ona vodiysi, Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalari aholi joylashuvi va qishloq xo‘jaligi rivojida muhim o‘rin tutishi qayd etiladi.
Nashr, shuningdek, Buyuk Mirzo Ulug‘bek kabi donishmandlarning astronomiya va matematika sohasidagi buyuk kashfiyotlarini alohida e’tirof etgan.
Xulosada ta’kidlanganidek, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Namangan va Andijon kabi shaharlar bugungi kunda nafaqat ma’muriy va iqtisodiy, balki jadal rivojlanayotgan yirik madaniy-turistik markazlar sifatida dunyo sayyohlari e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati