15. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi Alloh taoloning: “Gunohlar quruqlikda va dengizda oshkor bo‘ldi”, degan so‘zi haqida gapirib: “Quruqlik - bu tildir, dengiz esa – bu qalbdir. Qachon til fasod bo‘lsa, unga nafslar yig‘laydi. Qachon qalb fasod bo‘lsa, unga farishtalar yig‘laydi”, dedilar.
Til qachon fasod bo‘ladi? Qachonki tildan chiqayotgan so‘zlar qalb ila tasdiq qilinmasa. Qalb qachon fasod bo‘ladi? Agar uning sohibi gunoh amallarni, harom va shubhali luqmalarni tark etmasa.
Hikmatlarda aytiladiki, kim gunohlarni tark qilsa, uning qalbi yumshoq bo‘ladi va kim haromni tark qilib, haloldan yesa uning fikri sof bo‘ladi.
16. Ulamolar aytadilarki:
“Albatta, shahvat podshohni qulga aylantiradi. Sabr esa qulni podshohga aylantiradi. Siz “Yusuf va Zulayxo” qissasiga qaramaysizmi!?”
Tarixga nazar tashlasak, shahvatiga qul bo‘lib butun mol-dunyosi, obro‘-e’tibori va hatto iymonidan ayrilganlar haqida ko‘plab voqeliklar keltirilgan. Sabr qilganlar esa Allohning inoyati ila horlikdan azizlikka chiqqan! Shahvatini jilovlab, sabrni do‘st bilganlarga Allohning rahmati bo‘lsin!
Saidabror Umarov