عن أبي ذر رضي الله عنه قال: قلت: “يا رسول الله ما كانت صحف إبراهيم؟” قال:«كانت أمثالا كلها: “أيها الملك المسلط المبتلى المغرور، إني لم أبعثك لتجمع الدنيا بعضها على بعض ولكني بعثتك لترد عني دعوة المظلوم فإني لا أردها ولو كانت من كافر. وعلى العاقل ما لم يكن مغلوبا على عقله أن تكون له ساعات: ساعة يناجي فيها ربه وساعة يحاسب فيها نفسه وساعة يتفكر فيها في صنع الله عز وجل وساعة يخلو فيها لحاجته من المطعم والمشرب. وعلى العاقل أن لا يكون ظاعنا إلا لثلاث: تزود لمعاد أو مرمة لمعاش أو لذة في غير محرم. وعلى العاقل أن يكون بصيرا بزمانه مقبلا على شأنه حافظا للسانه ومن حسب كلامه من عمله قل كلامه إلا فيما يعنيه”» قلت: “يا رسول الله فما كانت صحف موسى؟” قال: «كانت عبرا كلها: “عجبت لمن أيقن بالموت ثم هو يفرح وعجبت لمن أيقن بالنار ثم هو يضحك وعجبت لمن أيقن بالقدر ثم هو ينصب، عجبت لمن رأى الدنيا وتقلبها بأهلها ثم اطمأن إليها وعجبت لمن أيقن بالحساب غدا ثم لا يعمل”» قلت: “يا رسول الله أوصني” قال: “أوصيك بتقوى الله فإنه رأس الأمر كله”. قلت: “يا رسول الله زدني” قال: “عليك بتلاوة القرآن وذكر الله فإنه نور لك في الأرض وذخر لك في السماء” قلت: “يا رسول الله زدني” قال: “إياك وكثرة الضحك فإنه يميت القلب ويذهب بنور الوجه” قلت: “يا رسول الله زدني” قال: “أحب المساكين وجالسهم” قلت: “يا رسول الله زدني” قال: “انظر إلى من تحتك ولا تنظر إلى من فوقك فإنه أجدر أن لا تزدرى نعمة الله عندك” قلت: “يا رسول الله زدني” قال: “قل الحق وإن كان مرا” قلت: “يا رسول الله زدني” قال: “ليردك عن الناس ما تعرف من نفسك ولا تجد عليهم فيما تأتي وكفى بك عيبا أن تعرف من الناس ما تجهل من نفسك أو تجد عليهم فيما تأتي” ثم ضرب بيده على صدري فقال: “يا أبا ذر، لا عقل كالتدبير ولا ورع كالكف ولا حسب كحسن الخلق”. (رواه ابن حبان في صحيحه والحاكم وقال صحيح الاسناد)
Abu Zarr G‘iforiy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Yo Rasululloh, Ibrohim (alayhissalom) sahifalarida nimalar bor edi?” deb so‘radim. «Ularning hammasi masallar edi: “Ey nafsiga mag‘rur bo‘lgan hukmdor podshoh, men seni mol-dunyo yig‘ish uchun yubormadim, balki mazlum duosining oldini olish uchun jo‘natdim, chunki u kofir bo‘lsa ham duosini qabul qilaman. Oqil kishi aqlini yo‘qotmagan bo‘lsa, uning bir qancha vaqtlari bo‘lishi kerak: Rabbisiga munojot qilish vaqti; nafsini hisob-kitob qilish vaqti; Alloh taolo yaratgan narsalar haqida tafakkur qilish vaqti; tirikchilikka ajratgan vaqti. Oqil inson uch narsadan boshqasiga yelib-yugurmaydi: oxirat g‘amini yeyish; tirikchiligini o‘nglash; harom bo‘lmagan narsalardan lazzatlanish. Oqil kishi zamonasini anglashi, o‘z holini bilishi, tilini tiyadigan bo‘lishi kerak. Kim so‘zini amalidan deb bilsa, kam so‘zlaydi, faqat foydalisini gapiradi”», dedilar.
“Yo Rasululloh, Muso (alayhissalom) sahifalari nimalardan iborat edi?” dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: «Hammasi ibratlardan iborat edi: “O‘limga ishonib, uning kelishi muqarrarligini bila turib xursand yurgan kishilarga ajablandim, do‘zaxga ishonib, kulib yurganlarga ajablandim, taqdirga ishonib, gerdayib yurganlarga ajablandim, boylikni ko‘rib, ahli oilasiga yuzlangan va uni omonat bilmay, xotirjam yurganlarga ajablandim, hisob-kitob qilinishiga ishongan, lekin hech narsaga amal qilmay yurganlarning holiga ajablandim”».
“Yo Rasululloh, menga nasihat qiling”, dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Allohga taqvoni vasiyat qilaman. Chunki bu har bir ishning boshidir”, dedilar.
“Yo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), ziyoda qiling”, dedim. “Qur’on tilovati va Alloh zikrini o‘zingga vazifa qilib ol, chunki u sen uchun yer yuzida nur va osmonda zaxiradir”, dedilar.
“Yo Rasululloh, ziyoda qiling”, dedim. “Ko‘p kulishdan tiyil, chunki ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi va yuzdagi nurni ketkazadi”, dedilar.
“Yo Rasululloh, ziyoda qiling”, dedim. “Miskinlarni yaxshi ko‘r va ular bilan birga o‘tir”, dedilar.
“Yo Rasululloh, ziyoda qiling”, dedim. “O‘zingdan pastdagilarga nazar qil, sendan ustunlarga qarama, chunki bu o‘zingdagi Alloh ne’matlarini nazarga ilmaslikning bir ko‘rinishidir”, dedilar.
“Yo Rasululloh, ziyoda qiling”, dedim. “Garchi achchiq bo‘lsa ham haqni so‘zla”, dedilar.
“Yo Rasululloh, ziyoda qiling”, dedim. “O‘zing haqingda insonlardan bilib olishingda foyda bor va senga keladigan narsalarni ulardan topa olmaysan. O‘zing haqingda bilmagan narsalarni insonlardan eshitishing senga ayb sifatida kifoya qiladi va senga keladigan narsalarni ularda ko‘rasan”, dedilar.
So‘ngra u zot (sollallohu alayhi va sallam) qo‘llari bilan ko‘ksimga urib: “Ey Abu Zarr! Tadbir kabi aqlli ish yo‘q, tiyilish kabi taqvo yo‘q va chiroyli xulq kabi nasab yo‘qdir”, dedilar (Ibn Hibbon va Hokim “Sahih”larida rivoyat qilgan).
Bu vasiyatdan Abu Zarr (roziyallohu anhu) ilmga naqadar qiziquvchan ekanini ko‘rish mumkin. Ilmga qiziqishi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan muhabbati u kishini mana shunday savol so‘rashga, takror-takror “ziyoda qiling”, deyishga undagan. Bu kishining ismi Jundub ibn Junoda G‘iforiy, kunyasi Abu Zarr bo‘lgan. Islomga eng avval kirgan sahobalarning beshinchisi hisoblanadi. Abu Zarr (roziyallohu anhu) Handaq jangidan keyin Madinaga hijrat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bay’at qilgan ulug‘ sahobalardan bo‘lgan Abu Zarr (roziyallohu anhu) odatiga ko‘ra ertasi uchun yemak saqlamaydigan zohid kishi bo‘lgan. Bu ulug‘ sahoba Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan jami 281 ta hadis rivoyat qilgan. Abu Zarr (roziyallohu anhu) hazrat Usmon (roziyallohu anhu) xalifaligi davrida, 32 hijriy sanada, Rabazada vafot etgan.
Abu Zarr (roziyallohu anhu) yuqoridagi vasiyatda o‘tgan payg‘ambarlarning, shu jumladan, Ibrohim va Muso (alayhimassalom)ga nozil qilingan sahifalar haqida va ular mazmuniga qiziqib, Muhammad Payg‘ambarimiz (alayhissalom)dan so‘radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ibrohim (alayhissalom) sahifalari misollarga, Muso (alayhissalom) kitobi esa, ibratlarga to‘la edi, dedilar va ulardan ba’zi misol hamda ibratlarni aytib berdilar. Bu misollar va ibratlar kishini Rabbiga yanada yaqin bo‘lish hamda shonli o‘tmishni o‘rganish, najot va xotirjamlik yo‘lini izlashga undaydi.
قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: “بَلِّغُوا عَنِّي وَلَوْ آيَةً وَحَدِّثُوا عَنْ بني إِسْرَائِيلَ وَلا حَرَجَ وَمَنَ كَذَبَ عَلَيَّ مُتَعَمِّدًا فَلْيَتَبَوَّأْ مَقْعَدَهُ مِنَ النَّارِ”
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mendan bir oyatni bo‘lsa ham yetkazavering va Bani Isroildan rivoyat qilavering, hechqisi yo‘q. Kim qasddan mening nomimdan yolg‘on gapirsa, joyini do‘zaxdan tayyorlab qo‘ysin”, deganlar.
Kunlardan bir kun Xalifa Ma’mun vaziri Hasan Soldan so‘radi: “Bizdan oldin o‘tganlarning so‘zlari bizga hujjat – yo‘llanma bo‘lyapti. Biz unga ko‘ra amal qilyapmiz. Buning siri nimada ekan?” Vazir: “Agar ular chiroyli so‘z va ishonarli dalil bo‘lmaganida, bizgacha yetib kelmasdi. Yaxshi bo‘lgani uchun ham bizdan oldingilar ko‘rib, ishonib qabul qilgan... Bu shuni ko‘rsatyapti, ajdodlarimiz yaxshi, rost va qat’iy so‘zlarni aytgan”, deb javob qildi. Javobdan ko‘ngli to‘lgan xalifa Ma’mun: “Yaxshi so‘z aytilgan joyida qolmas, asrlardan oshar, hech qachon tolmas”, dedi.
Demak, mo‘min kishining har amali, ishi faqat yaxshilik bo‘lishi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilishi, o‘z bilganlarini boshqalarga yetkazishi lozim. Bu o‘rinda tarixdan turli ibratli qissa va hikoyalar keltirilishi sababi ham shunda. Yuqoridagi vasiyatning matnida ham, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Abu Zarr (roziyallohu anhu)ga Ibrohim (alayhissalom) va Muso (alayhissalom)ga tushgan sahifa va kitoblardagi misollar, ibratli voqealardan ba’zilarini aytib berganlari bizga saboq bo‘ladi.
Shu o‘rinda “Payg‘ambarlar otasi” degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan ulug‘ payg‘ambar Ibrohim (alayhissalom)ning hayotlari va ummatini tavhidga da’vat etganini aytib o‘tish lozim.
KЕYINGI MAVZU:
IBROHIM (ALAYHISSALOM):
Ibrohim – Xalilulloh;
Ibrohim (alayhissalom)ning dini;
Ibrohim (alayhissalom)ning o‘g‘li;
Ismoil (alayhissalom)ni qurbonlik qilishga buyurilgani.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi