Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa shukrki, yurtimizdagi inson manfaatlariga qaratilgan islohotlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham munosib e'tirof etilmoqda, taqdim etilgan taklif-tashabbuslar hayotiyligi bilan muhim ahamiyat kasb etayotir. Natijada mamlakatimiz dunyo miqyosida o'z o'rni, o'z so'ziga ega bo'lib, dovrug'i yanada yuksalmoqda.
Prezidentimizning 2023 yil 17-21 sentyabr' kunlari AQShga qilgan safari ham samarali muloqotlar, manfaatli uchrashuvlar va foydali kelishuvlarga boy bo'ldi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 19 sentyabr' kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida jahon hamjamiyatini bugungi kunda muhim bo'lgan masalalarga e'tibor qaratib, bir qator takliflarni ilgari surgani okeanorti safarining eng muhim nuqtasi bo'ldi.
Ta'kidlash kerakki, so'nggi yillarda O'zbekiston va BMT o'rtasidagi hamkorlik misli ko'rilmagan yuksak darajaga chiqdi. Birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, ayniqsa, O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Shuningdek, O'zbekiston BMTning bir qator nufuzli tuzilmalariga saylandi va ularning ishida faol ishtirok etmoqda. Birgalikda global kun tartibiga oid, jumladan, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, turizmni rivojlantirish, kambag'allikka va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish masalalari bo'yicha yirik xalqaro tadbirlar o'tkazilmoqda.
Yurtboshimiz o'z chiqishida “Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo'lmish Yangi O'zbekistonni barpo etish siyosatini qat'iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g'oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo'lidan dadil ilgari bormoqda”, deya ta'kidladi.
Darhaqiqat, bugun yurtimizning barcha jabhasida izchil islohotlar davom etmoqda. Bu esa, o'z navbatida, xalqimizning turmush farovonligi oshishiga, yurt ravnaqi va dunyo miqyosida munosib o'rin egallashida muhim omil bo'layotir. Ayniqsa, barcha yo'nalishda “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan tamoyil asosida ish olib borilayotgani bu islohotlarning yanada samarali kechishiga, xalqimizning roziligiga zamin bo'lmoqda.
Aholi bilan ishlashda mahallalar, oilalar kesimida ish olib borilayotgani, barcha mutasaddi tashkilot vakillari qatorida diniy soha xodimlari, xususan, imom-xatiblar ham xalq bilan muloqotni yo'lga qo'ygani bu ishlarning yanada samarali kechishida muhim o'rin tutmoqda.
Prezidentimiz o'z nutqida islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng targ'ib etish, diniy bag'rikenglikni qaror toptirish va turli tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga ham alohida to'xtaldi.
So'nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko'zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo'l qo'yib bo'lmasligi ta'kidlandi. Haqiqatan, keyingi paytlarda dunyoda islomni yomonotliq qilishga urinishlar, turli fitnalar keng tarqalmoqda. Aslida, bularning dinimizga umuman aloqasi yo'q. Islom odamlarni Yer yuzida tinchlik-osoyishtalikda ahil-inoq bo'lib yashashga chorlaydi. Shu maqsadda har qanday holatda ham rahm-shafqat va bag'rikenglik kabi yuksak insoniy fazilatlarni targ'ib etadi.
Manbalarda haqiqiy mo'min boshqalarga qo'li bilan ham, tili bilan ham ozor bermasligi kerakligi uqtiriladi. Bir hadisi sharifda sahobalardan biri Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldiga kelib, “Ey Allohning Rasuli, qaysi musulmon afzal sanaladi?” deb so'radi. Shunda u zot: “Haqiqiy musulmon tili va qo'lidan boshqa musulmonlar salomat bo'lgan kishidir”, deb javob berdi.
Binobarin, qaysi dinga mansub bo'lmasin, odamlar inson bo'lgani uchun hurmat qilinadi, himoya etiladi va har biri o'z huquqlariga ega bo'ladi. Qisqacha aytganda, dinimiz — bag'rikenglik dini. Bu tushuncha bugun davlatimiz siyosatida ham muhim o'rin olayotganini alohida ta'kidlash joiz.
Prezidentimizning oliy minbardan turib jahon miqyosida dinlararo bag'rikenglik va hamjihatlik g'oyalarini keng targ'ib etish maqsadida O'zbekistonda YuNYeSKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag'rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklifi ham bejiz emas. Chunki keyingi yillarda O'zbekistonda turli dinlarga mansub qadriyatlarni asrab-avaylashga, barcha fuqaroga o'z e'tiqodini amalga oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berishga, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga, ular o'rtasida mushtarak an'analarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda va bu borada dunyo mamlakatlariga namuna bo'layotganini ham qayd etish darkor.
Hozirgi davrda turli diniy konfessiyalar o'rtasida o'zaro bir-birini tushunish, muloqot qilish va ahil-inoq yashash tinchlikni qaror toptirishning bosh omili bo'lmoqda. Qur'oni karimda ham Haq taolo: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik...”(Hujurot, 13), deb xitob qiladi.
Ma'lumki, davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda ham BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqandi. Binobarin, O'zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan loyiha BMTga a'zo davlatlar tomonidan bir ovozdan qo'llab-quvvatlangan. Rezolyutsiya nafaqat BMTning barcha a'zo davlatlari tomonidan, balki 50 dan ortiq davlatlar hammuallifligida qabul qilingan edi.
Bu O'zbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o'rtasidagi ahil-inoqlik, hamjihatlikni ta'minlash, tinchlik-osoyishtalik, barqarorlikni saqlash yo'lida oqilona islohotlar va amaliy chora-tadbirlar olib borilayotgani barobarida mamlakatimiz jahonda bag'rikenglik targ'ibotchisi va tashabbuskori bo'layotganidan dalolat.
Yurtboshimizning mazkur Assambleyadagi yana bir muhim tashabbusi 2024 yilda O'zbekistonda “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferentsiya o'tkazish taklifi bo'ldi. Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, islomni ilm-ma'rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan al-Horazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy singari ulug' alloma va mutafakkirlar vatanidir. Buyuk olimlarning boy merosini o'rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish bugungi kun uchun g'oyat dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun taraqqiyotning yangi bosqichida tarixiy merosni asrab-avaylash, o'rganish va avloddan-avlodga qoldirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan. Zero, muborak dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish, milliy qadriyatlarimizni, aziz avliyolarimizning xotirasini tiklash, bebaho merosini o'rganish, qadamjolarini obod qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar O'zbekistonni ilm-fan, madaniyat, ma'rifat markaziga aylantirishdek ezgu niyatlarga, yuksak maqsadlarga poydevor bo'lmoqda.
Ushbu chiqishda davlatimiz rahbari “Biz ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo'l qo'ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarimizni kuchaytirishimiz zarur”, deb ta'kidladi. Mazkur yo'nalishda avvallari ekstremizm g'oyalari ta'sirida bo'lgan shaxslarni sog'lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasiga alohida urg'u berildi. Jumladan, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasi o'tkazilgani, 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalar Yaqin Sharq va Afg'onistondagi hududlardan yurtimizga qaytarilgani Prezidentimiz nutqida alohida ta'kidlandi. Ushbu shaxslarning barchasiga tibbiy, ruhiy, ijtimoiy va boshqa yordamlar ko'rsatilganiga e'tibor qaratildi. Ushbu tajriba ham anjuman ishtirokchilar tomonidan e'tirof etildi.
Mana shunday taklif va tashabbuslar sessiya ishtirokchilari, delegatsiyalar a'zolari va siyosiy etakchilar tomonidan iliq kutib olindi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining nutqini BMT Bosh kotibi yuksak baholab, unda bildirilgan takliflar, tashabbuslar dolzarb global va mintaqaviy muammolarga echim topishda muhim ahamiyatga egaligini, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo'llab-quvvatlashini urg'uladi.
Alloh taolo yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni bardavom aylasin va dunyoda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirsin!
Shayx Nuriddin HOLIQNAZAR,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan