Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Kechirimlilik – mo‘minga xos fazilat

24.05.2020   2654   3 min.
Kechirimlilik – mo‘minga xos fazilat

Kuni kecha muhtaram Yurtboshimiz xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladilar. Farmonga muvofiq, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 258 nafar fuqaro afv etildi.

Ushbu insonparvarlik, kechirimlilik va g‘amxo‘rlik ramzi bo‘lgan ezgu ish 258 nafar oilani yangi hayotga qaytarishga, ushbu xonadonlardagi moddiy va ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mung‘aygan ko‘ngillar shod va xotirjam bo‘lishiga xizmat qiladi.

Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik, xalqimizga xos bag‘rikenglilik, yiqilganni suyash, adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kechirimlilik siyosatining, oliyjanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarini muborak Ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lishining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan Ramazon hayiti arafasida ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik yurtimizdagi barcha insonparvar, mehr-oqibatli kishilarni xursand qildi. 

Darhaqiqat, kechirimli bo‘lish hamma vaqt insonlar va jamiyatga ko‘pdan-ko‘p manfaat va muvaffaqqiyatlar keltirgan. Shu bilan birga kechirimli bo‘lish mo‘min-musulmonlar uchun yuksak fazilatlardandir.

Kechirimlilik insonning ulug‘ sifatlaridan biridir. Alloh taolo o‘zining kalomida shunday bayon qiladi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur”. (Fussilat surasi 34-oyat)

Yana bir oyati karimada shunday marhamat qilinadi: “Kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir.”. (Sho‘ro surasi 40-oyat).

Afv go‘zal va maqtalgan axloqlardan bo‘lib, Alloh taolo O‘z nabiysi Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam va mo‘min-musulmon bandalariga ushbu sifat bilan ziynatlanishga buyurib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199 oyat). 

Afv etilganlarga tikonli sim orqasida o‘tirish emas, balki o‘z halol mexnati bilan o‘z nomini oqlash, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishga tarixiy imkoniyat berildi. Endi ushbu fuqarolar imkoniyatdan samarali foydalanishlari, oilasiga bosh-qosh bo‘lishlari, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanibhukumatimizning ishonchiga amaliy shukrona bilan javob qaytarishlari, shu yurt ravnaqi uchun o‘z hissalarini qo‘shishlari lozim.

Afv etilganlar esa ushbu ishonchni suiste’mol qilmasliklari, bergan va’dalariga hiyonat qilmasliklari nafaqat fuqaroviy burchi, balki shariatimiz talabi ham hisoblanadi.

Yana ta’kidlash lozimki, yurtimizda olib borilayotgan bunday insonparvarlik, xalqimizga xos bag‘rikenglilik, adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kechirimlilik siyosatining, mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarini muborak Ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lishining yorqin ifodasi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Alloh taolo barchalarimizni ne’matlarga shukr qilish, kechirimli bo‘lishimizni nasib aylasin!

 

Abdulhay TURSUNOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Namangan viloyat vakili 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   182   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.

 

Maqolalar