Kuni kecha muhtaram Yurtboshimiz xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladilar. Farmonga muvofiq, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 258 nafar fuqaro afv etildi.
Ushbu insonparvarlik, kechirimlilik va g‘amxo‘rlik ramzi bo‘lgan ezgu ish 258 nafar oilani yangi hayotga qaytarishga, ushbu xonadonlardagi moddiy va ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mung‘aygan ko‘ngillar shod va xotirjam bo‘lishiga xizmat qiladi.
Bu voqea yurtimizda olib borilayotgan insonparvarlik, xalqimizga xos bag‘rikenglilik, yiqilganni suyash, adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kechirimlilik siyosatining, oliyjanoblik va mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarini muborak Ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lishining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan Ramazon hayiti arafasida ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlik yurtimizdagi barcha insonparvar, mehr-oqibatli kishilarni xursand qildi.
Darhaqiqat, kechirimli bo‘lish hamma vaqt insonlar va jamiyatga ko‘pdan-ko‘p manfaat va muvaffaqqiyatlar keltirgan. Shu bilan birga kechirimli bo‘lish mo‘min-musulmonlar uchun yuksak fazilatlardandir.
Kechirimlilik insonning ulug‘ sifatlaridan biridir. Alloh taolo o‘zining kalomida shunday bayon qiladi: “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. Siz (yomonlikni) go‘zalroq (muomala) bilan daf eting! (Shunda) birdan siz bilan o‘rtalaringizda adovat bo‘lgan kimsa qaynoq (qalin) do‘stdek bo‘lib qolur”. (Fussilat surasi 34-oyat)
Yana bir oyati karimada shunday marhamat qilinadi: “Kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir.”. (Sho‘ro surasi 40-oyat).
Afv go‘zal va maqtalgan axloqlardan bo‘lib, Alloh taolo O‘z nabiysi Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam va mo‘min-musulmon bandalariga ushbu sifat bilan ziynatlanishga buyurib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199 oyat).
Afv etilganlarga tikonli sim orqasida o‘tirish emas, balki o‘z halol mexnati bilan o‘z nomini oqlash, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishga tarixiy imkoniyat berildi. Endi ushbu fuqarolar imkoniyatdan samarali foydalanishlari, oilasiga bosh-qosh bo‘lishlari, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanib, hukumatimizning ishonchiga amaliy shukrona bilan javob qaytarishlari, shu yurt ravnaqi uchun o‘z hissalarini qo‘shishlari lozim.
Afv etilganlar esa ushbu ishonchni suiste’mol qilmasliklari, bergan va’dalariga hiyonat qilmasliklari nafaqat fuqaroviy burchi, balki shariatimiz talabi ham hisoblanadi.
Yana ta’kidlash lozimki, yurtimizda olib borilayotgan bunday insonparvarlik, xalqimizga xos bag‘rikenglilik, adashganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, kechirimlilik siyosatining, mehr-muruvvat ko‘rsatish kabi ezgu fazilatlarini muborak Ramazon oyida yanada yuksak namoyon bo‘lishining yorqin ifodasi bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Alloh taolo barchalarimizni ne’matlarga shukr qilish, kechirimli bo‘lishimizni nasib aylasin!
Abdulhay TURSUNOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.
Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?
Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)
Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.
Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.
Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.
Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:
«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)
Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:
To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi