Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2026   |   10 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:33
Quyosh
05:05
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:22
Bismillah
24 Iyul, 2026, 10 Safar, 1448

Ramazondan so‘ng...

22.05.2020   12014   26 min.
Ramazondan so‘ng...

Ramazon oyida o‘zining vaqtini va molini Allohning toatiga sarflagan aqlli musulmon o‘ziga eng muhim savolni berishi kerak, bu ham bo‘lsa “Ramazondan keyin nima qilaman?” degan savoldir.

Ey birodar bilingki albatta Alloh taolo yaxshilik eshiklarini yil davomida oson va yengil holda ochib qo‘yadi. Baxtli inson bu yaxshiliklardan o‘z nasibasini olishga shoshilgan insondir. Shuning uchun Allohdan muvaffaqiyat so‘ragan holda quyida o‘zimga va birodarlarimga Ramazondan keyingi ba’zi yaxshilik eshiklarini eslatib o‘tishni xush ko‘rdim:

Farz namozlarni masjidda jamoat bilan ado etishni davom ettirish

Albatta Ramazon oyida namozni masjidda ado etishga odatlangan musulmon bu muborak farz amalni davom ettirishi lozim. Shuningdek  bu amal yaxshiliklarning eng buyuk eshigi ekanligini anglashi va masjidda jamoat bilan namoz ado etishlik har-bir erkak, bolig‘, oqil va o‘zi yoki o‘zgalar yordamida masjidga bora oladigan musulmon uchun vojib ekanligini anglashi kerak. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: albatta Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Jamoat namozi yolg‘iz kishi namozidan yigirma yetti barobar afzaldir” (imom Buxoriy rivoyat qilgan). Ey birodar yodda tuting farz namozni ado etish uchun masjidga qarab bosayotgan har-bir qadamingiz qiyomat kuni sizga xasanotlar qilib yoziladi. Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinad: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Kim o‘z uyida tahorat qilib, Allohning uylaridan bir uyga Allohning farzlaridan bir farzni ado etish uchun yurib borsa, uning ikki qadamidan biri ila xatosi o‘chadi, boshqasi ila darajasi ko‘tariladi» (imom Muslim rivoyat qilgan).

Kechalari qoim bo‘lishni davom ettirish

Namoz bu banda va uning Robbisi o‘rtasidagi rishtadir. Agar musulmon taroveh namozi va Ramazonning oxirgi o‘n kunligidagi ibodatlarga odatlangan bo‘lsa Ramazondan keyin ham kechalari namoz o‘qishlik unga oson bo‘ladi. Kechasi banda o‘z Robbisi bilan yolg‘iz qoladi. Bundan foydalanib unga istig‘for aytadi va Allohdan dunyo va oxirat hojatlarini so‘raydi. Ey birodar agar kechasi tura olmasangiz uyqudan avval bir necha rakat namoz o‘qing va bilingki kechasi ibodat qilish solihlar va Allohga muxlis bo‘lgan zotlar odatidur. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ularning yonboshlari o‘rin-joylaridan yiroq bo‘lur (ya’ni, tunlarni ibodat bilan o‘tkazishib, oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qo‘rquv va umidvorlik bilan duo-iltijo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar”. (Sajda surasi 16 oyat). Va yana bir oyatda: “Albatta taqvodor zotlar (u Kunda) Parvardigor o‘zlariga ato etgan narsalarni (ajr-mukofotlarni) qabul qilgan hollarida jannatlar va chashmalar ustida (bo‘lurlar). Zero, ular bundan ilgari (ya’ni, hayoti dunyodalik chog‘larida) chiroyli amallar qilguvchi edilar. Ular kechadan ozgina (fursatgina) ko‘z yumar edilar.  Va saharlarda ular (qilgan sahvu-xatolari uchun Parvardigordan) mag‘firat so‘rar edilar. (Vaz-Zoriyot surasi 15-19 oyatlar). Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sallallohu alayhi va sallam oyoqlari qavarguncha kechasi qoim bo‘lardilar. Shunda Oisha roziyallohu anho: Ey Rasululloh nega unday qilasiz axir Alloh sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilganku – dedi. u zot, shukr qiluvchi banda bo‘lmishni yaxshi ko‘rmaymanmi» derdilar. Yoshlari ulg‘ayganda o‘tirib o‘qirdilar, ruku’ qilishni holasalar o‘rnilaridan turib ruku’ qilardilar. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan). Yana bir hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Salomni tarating, taomni tarqating, insonlar uxlab yotganda kechasi namoz o‘qing, salomatlik-la jannatga kirursiz”. (Termiziy rivoyat qilgan).

Yaxshi-yomon kunlarda ko‘p duo qilish.

Ramazon oyida iftor vaqtida duo qilishga o‘rgangan musulmon Ramazondan keyin ham yil davomida duoni kanda qilmasligi kerak. Shuningdek har-bir musulmon banda Alloh taologa xolisona yaxshi-yomon kunlarda qilingan duolarni qaytarmasligini bilishi kerak. Bu narsani Alloh taolo quyidagi suralarda bayon qildi: “(Ey Muhammad alayhissalom), bandalarim sendan men haqimda so‘rasalar, men (ularga) yaqinman. Menga duo qilgan paytlarida duogo‘ylarning duosini ijobat qilaman. Bas, ular ham mening da’vatimga javob qilsinlar va menga iymon keltirsinlra. (Shunda) shoyad to‘g‘ri yo‘lni topsalar”. (Baqara surasi 186 – oyat). “Yoki muztar-nochor odam duo-iltijo qilgan vaqtida (duosini) ijobat qiladigan va (uning) mushkulini oson qiladigan hamda sizlarni yerning xalifa-egalari qiladigan Zotmi?! Alloh bilan birga yana biron iloh bormi?! Kamdan-kam eslatma-ibrat olursizlar!” (Naml surasi 62 – oyat). “(Ey insonlar), Parvardigorlaringiz: "Menga duo-iltijo qilinglar! Men sizlarga (qilgan duolaringizni) mustajob qilurman. Albatta Menga ibodat qilishdan kibr-xavo qilgan kimsalar yaqinda bo‘yinlarini eggan hollarida jahannamga kirurlar", dedi.” (G‘ofir surasi 62 – oyat).

Nu’mon ibn Bashiyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Duo bu ibodatdur”- dedilar. (sahih abi Dovud).

Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Banda Allohga sajda holaida eng yaqin bo‘ladi, (shu holatda) duoni ko‘paytiringlar”- dedilar. (Muslim rivoyat qilgan).

Qur’on tilovati va uni yod olish.

Ramazonda Qur’onni tilovat qilib uning ba’zi qismlarini yod olishni odat qilgan birodarim, bu ishingizga yilning boshqa davrida ham amal qiling. O‘zingizga Qur’onni ma’lum qismini tilovat qilib uning ba’zi qismini imkoningiz qadar yod olishni belgilab oling. Alloh taolo bu amalning fazilati haqida Qur’oni karimda shunday deydi:

“Albatta Allohning Kitobini (Qur’onni) tilovat qiladigan, namozni to‘kis ado etadigan va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qiladigan zotlar hargiz kasod bo‘lmaydigan oldi-sotdidan (ya’ni, ulardan yaxshi amal va infoq-ehson, Allohdan ijru-mukofot bo‘lishidan) umidvordirlar, zero, (Alloh) ularning ajrlarini komil qilib berur va O‘z fazlu-karamidan ularga yana ziyoda (mukofotlar) ham berur. Albatta U Mag‘firatli va o‘ta Shukr qilguvchidir (ya’ni, ozgina yaxshi amal uchun ko‘p mukofot ato qilguvchidir)”. (Fotir surasi 29-30 oyatlar).

Abu Umoma Al-Bohiliydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni - “Qur’onni o‘qinglar, chunki u qiyomat kuni egasiga shafoatchi bo‘lib keladi” deganlarini eshitdim. (Muslim rivoyat qilgan).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Kimda kim Alloh taolo kitobidan bir xarf o‘qisa bitta yaxshilik yoziladi va bu yaxshilik o‘n misliga ko‘paytiriladi, Alif Lom Miym xarf demayman, lekin Alif xarf, Lom xarf, Miym xarf” dedilar. (Termiziy rivoyat qilgan).

Tavba, istihfor va Allohni zikr qilishlik.

Albatta Ramazon oyida tavba qilgan, istig‘for aytgan va Allohni zikr qilgan musulmon banda yilning qolgan vaqtida ham shunday davom ettirishi kerak. Chunki Alloh taoloni zikr qilishlik tilga yengil va bandaning qiyomat kunidagi yaxshiliklar mezonida og‘irdir. Shuningdek bu narsa bandaning rizqi kengligi, qalb xotirjamligi va kulfatlardan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun banda Alloh taolo zikridan g‘ofil qolmasligi kerak. Bu haqda Alloh taolo O‘z kitobida shunday deydi: 

“Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qo‘rqib, oshkor bo‘lmagan so‘zlar bilan (ya’ni dildan) erta-yu kech yod qiling va g‘ofil kimsalardan bo‘lmang!” (A’rof surasi 205 oyat).

“Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar! Va erta-yu kech U Zotni poklab  tasbeh aytinglar!” (Ahzob surasi 41-42 oyatlar).

“Ular iymon keltirgan va qalblari Allohni zikr qilish-eslash bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizkim, Allohni zikr qilish bilan qalblar orom olur”. (Ra’d surasi 28 oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Ey insonlar Allohga tavba qilinglar albatta men har kuni yuz marta tavba qilaman” (Muslim rivoyat qilgan).

Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo aytadi : Men bandam o‘ylagani kabiman va u meni eslasa u bilan birgaman, agar meni ichida eslasa men ham uni ichimda eslayman, agar meni o‘zgalar ichida (oshkora) eslasa uni ham ulardan yaxshilar ichida eslayman, Menga bir qarich yaqinlashsa unga bir arshin yaqinlashaman, Menga bir arshin yaqinlashsa unga bir quloch yaqinlashaman, Menga yurib keladigan bo‘lsa unga yugurib boraman”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Sa’d ibn Abi Vaqqosdan rivoyat qilinadi:

Rasululloh oldilarida edik shunda ular “Birortangiz mingta hasanotni olishni hoylamaysizmi?”- dedilar. O‘tirganlar orasidan biri “birortamiz qanday qilib mingta hasanot oladi?”- dedi. (Rasululloh) dedilar – “Yuz marta tasbeh aytadi shunda unga mingda hasanot yoziladi yoki mingta gunohi uchirilida”.

Alloh taolo xukmiga va Rasulullohga bo‘ysinish.

Ramazon oyida Alloh taoloning shariatiga ergashib quyosh chiqishidan botguniga qadar taom sharob va shahvatlardan o‘zini man qilishni odat qilgan musulmon boshqa vaqt ham o‘zining boshqa ishlarida Allohning amriga ergashishligi oson bo‘ladi. Bu bandaning dunyoyu oxiratdagi saodati bo‘ladi. Shuningdek har bir banda Allohning kitobi va Rasulining sunnatiga qarshi bo‘lishidan ogoh bo‘lishi kerak. Bu haqda Alloh taolo shunday deydi: “Alloh va Uning Payg‘ambari bir ishni hukm qilgan — buyurgan vaqtida biron mo‘min va mo‘mina uchun (Allohning hukmini qo‘yib) o‘zlari xohlagan ishlarini ixtiyor qilishlari joiz emasdir. Kim Alloh va Uning Payg‘ambariga osiy bo‘lsa, bas, u ochiq yo‘ldan ozish bilan yo‘ldan ozibdi”. (Ahzob surasi 36-oyat).

“Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar va Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Allohning jazosi qattiqdir”. (Hashr surasi 7-oyat).

Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Ummatimning barchasi jannatga kirar, lekin bosh tortganlargina kirmas”- dedilar.

“Ey Allohning Rasuli, kim bosh tortadi?» deyishdi. “Kim menga itoat qilsa, jannatga kiradi, kim menga osiy bo‘lsa, bosh tortgan bo‘ladi”- dedilar». (Buxoriy rivoyat qilgan).    

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam dedilar: “Kim bizning bu ishimizda undan bo‘lmagan narsani yangitdan paydo qilsa, u rad qilingandir”- dedilar». (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Aziz birodarim esingizda tuting solih amallar Alloh oldida qabul bo‘lishi uchun ikki shart bor:

Birinchisi: Amalni yolg‘iz Alloh uchun xolis qilish. 

Ikkinchisi: Bu amalni bajarishda Rasulullohga ergashish. 

Bu ikki shartning birortasi bo‘lmasa Alloh bunday amalni qabul qilmaydi. 

Nafl ro‘za

Aziz birodarim bilingki Alloh taologa doimiy itoatli bo‘lishlik va nafsingizni doimo tarbiyalab borishlik sizdan har doim talab qilingan amaldir. Mana shu nafs tarbiyasi uchun Alloh taolo ibodatlarni yo‘lga qo‘ygan. Bu ibodatlarga qanchalik berilgan bo‘lsangiz nafsingiz tarbiyasi shunchalik yuksaladi, qanchalik e’tiborsiz bo‘lsangiz bu tarbiyadan uzoq bo‘lasiz. Shuning uchun Alloh taolo uchun xolis toat ibodatda bo‘lganlar eng qalbi yumshoq, solih insonlar bo‘ladi. Ammo gunohlar va ma’siyatlar ahllari esa qalblari qattiq insonlar bo‘lishadi.

Ro‘za esa qalbni har-xil kasalliklardan tozalovchi amaldir. Shu sababli Ramazon oyi qalblarni tozalovchi oydir. Bu ro‘zador uchun iymonga to‘la qalb bilan chiqishi uchun oladigan ulkan foydasidur. Bu qalb uni boshqa amallarni bajarishga undaydi. Bu amallardan biri shavvol oyining olti kunida ro‘za tutishdir.

Shavvol oyining olti kunida ro‘za tutish fazilatlari:

Abu Ayyub Al-Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan Shavvoldan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi”- dedilar». (Muslim rivoyat qilgan). Imom Navaviy rohimahulloh dedilar “Ulamolar dedilar: Bu narsa xuddi bir yil ro‘za tutganga o‘xshatildi, chunki bitta yaxshilik o‘n barobariga ko‘paytiriladi. Ramazon un oy savobiga teng va olti kun esa ikki oyga”. (Bu Nasaiy kitobida marfu’ hadisda va Muslimning Navaviy sharhida kelgan). 

Olti kun ro‘zasining sifati

Imom Navaviy dedilar: “Ustozlarimiz aytdilarki: eng afzali Iyd Fitr kunidan keyin ketma-ket tutishlikdir, agar bo‘lib tutsa yoki shavvol boshidan oxiriga kechiktirsa unga ketma-ketlik savobi bo‘ladi, chunki u ramazonga shavvolni olti kunini ulagan bo‘ladi. (Muslim rivoyati, Navaviy sharhi).

Ramazondan so‘ng ro‘za tutish foydalari

Ibn Rajab rohimahulloh aytadilar:

Ramazondan so‘ng ro‘zani davom ettirishda jud ko‘p foydalar bor, bulardan:

-    Ramazondan so‘ng shavvol oyining olti kuninida ro‘za tutishlik bir yil ro‘za tutgan savobini beradi.

-    Sha’bon va shavvol oylari ro‘zalari farz namozlardan avval va keyin o‘qiladigan sunnat namozlari kabidir, bu bilan farz amalda bo‘lgan nuqsonlar o‘rnini to‘ldiradi. Albatta qiyomat kuni farz amallar nafl amallar bilan to‘ldiriladi. Ko‘pchilik insonlarning farz ro‘zalarida nuqsonlik bor shuning uchun bu narsani o‘rnini to‘ldiruvchi amalga muhtoj bo‘ladi.

-    Ramazon ro‘zasidan so‘ng ro‘za tuishni odat qilish ramazon ro‘zasini qabul bo‘lganligi alomatidandir, chunki Alloh bir bandani amalini qabul qilsa u amal ketidan yana bir solih amalga muvaffaq qiladi.

-    Albatta Ramazon ro‘zasi o‘tgan gunohlarni mag‘firatiga sabab bo‘ladi va Ramazonda ro‘za tutganlar o‘z amallari uchun Iyd Fitr kuni savoblarini olishadi. Iyd fitrdan keyin ro‘zani davom ettirish bu ne’mat uchun shukurona bo‘ladi, chunki gunohlarni mag‘firat bo‘lishidan ulug‘ ne’mat yo‘q.

-    Albatta banda o‘z Robbiga qilayotgan amallari Ramazon tugashi bilan to‘xtab qolmaydi, balki u banda hayot ekan bu amallar ham davom etadi. Ko‘p insonlar Ramazon tugashiga xursand bo‘lishadi, bu ro‘zaning ularga malol kelganligi va og‘irlik qilganidandir. Kimiki shunday bo‘lsa u ro‘zaga tezda qayta olmaydi. Iyd Fitrdan so‘ng ro‘zaga tezda qayta olgan inson ro‘za tutishda rag‘bati borligini va ro‘za unga og‘irlik qilmagani va malol kelmaganini bildiradi. (Ibn Rajabning “Latoiful Ma’orif” kitobidan).

Albatta ro‘za hasanotlarning eng afzal yo‘lidir va uning juda ko‘p foydalari bordir. Shuning uchun musulmon banda ramazondan so‘ng ma’lum bir kunlarni ro‘za tutish uchun belgilab ko‘yishi kerak. Shavvolning olti kuni, haftaning dushanba va payshanba kunlari, har oyning 13-14-15 kunlari, zul-hijja oyining 9 – kuni, Arafa va Ashuro kunlari va Sha’bon oyi shular jumlasidandir.

Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “«Alloh taolo Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men - O‘zim berurman, dedi. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan). 

Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: 

“Jannatning bir eshigi bo‘lib, Rayyon, deb nomlanur. Qiyomat kuni ro‘zadorlar undan kirurlar, ulardan boshqa birortasi kirmas. 

«Ro‘zador qayerda?» deyurlar. Ular undan kirurlar. Qachon ularning oxirgisi kirsa, u bekitilur. Undan boshqa hech kim kirmas», dedilar». (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan). 

Abu Qatoda al-Ansoriydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Arafa kuni ro‘za tutish haqida so‘ralganlarida “Allabatta u o‘tgan yilgi va bu yilgiga kafforat bo‘ladi” Ashuro kuni ro‘za tutish haqida so‘ralganlarida: “u o‘tgan yilgiga kafforat bo‘ladi”- dedilar.

Xayriya amallariga nafaqa qilish va faqirlarga yordamlashish

Ramazon oyida xayriya amallarini bajarishni odat qilgan musulmon bu xayrli ishlarini Ramazondan so‘ng ham davom ettirishi lozim bo‘ladi. O‘z molining ma’lum qismini imkon qadar muhtoj va faqirlarni qo‘llashga sarflaydi. Bu sababli boylar va kambag‘allar orasida ulfatchilik va mehr-oqibat keng tarqaladi. Har bir musulmon bilishi kerakki albatta Alloh taolo bu sarflangan mablag‘ni uning salomatligi va farzandlari va mollarida o‘rnini to‘ldiradi. Bu borada Alloh taolo shunday deydi: 

“Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuzta doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bitta donga o‘xshaydi (qilingan bitta yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishorat qilinmoqda). Alloh  istagan kishilariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazlu karami) keng, bilguvchidir”. (Baqara surasi 261-oyat). 

“Ne bir narsani infoq-ehson qilsangizlar, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U eng yaxshi Rizq berguvchidir.” (Saba’ surasi 39-oyat). 

Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Alloh taolo dedi: “Ey Odam bolasi nafaqa qilgin senga nafaqa qilaman”. (Buxoriy rivoyat qilgan). 

Abu Huroyra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “«Bevalar va miskinlar yordamiga shoshilgan Alloh yo‘lida jihod qilgan kabi yoki kechasi qoim bo‘lib kundizi soim bo‘lgani kabidir”. (Buxoriy rivoyat qilgan).

Abu Kabsha al-Anmoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Uch narsaga qasam ichib aytaman yodlab olinglar: “Bandaning moli sadaqa ila nuqsonga uchramas. Banda bir zulmga uchrasa-yu, unga sabr qilsa, albatta, Alloh uning izzatini ziyoda qilur. Banda tilanchilik eshigini ochsa, albatta, Alloh unga faqirlik eshigini ochar”. (Termiziy rivoyat qilgan).

To‘g‘ri so‘zlik va Alloh xarom qilgan ishlardan tiyilish

Ramazon oyida to‘g‘ri so‘zlikni odat qilgan va tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilikdan ehtiyot qilgan musulmon yilning boshqa davrida ham bu ma’siyatli ishlardan ehtiyot bo‘lishi kerak va bu ishlarga qaytmasligi kerak. Alloh taolo bu borada shunday deydi: 

“Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va (iymonlarida) rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz!” (Tavba surasi 119-oyat).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam aytdilar: “Albatta to‘g‘ri so‘zlik yaxshilikka yetaklaydi, va albatta yaxshilik jannatga yetaklaydi. Bir inson doimo to‘g‘ri so‘zlaydi natijada u sodiqlardan bo‘ladi. Yolg‘on esa fojirlikka yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi va bir kishi doimo yolg‘on gapirsa u Alloh oldida yolg‘onchi deb yoziladi”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Alloh taolo aytadi: Ey mo‘minlar, ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ayrim gumon(lar) gunohdir! (O‘zgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar va ayrimlaringiz ayrimlarni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeypshni yaxshi ko‘rurmi?! Ana yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunohi bundan-da ortiq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz)! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh tavbalarni Qabul qilguvchi, Mehribondir. (Hujurot surasi 12-oyat)

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Chaqimchi jannatga kirmaydi”- deganlarini eshitdim. (Muslim rivoyat qilgan).

Silai rahm qilish

Ramazon oyida qarindoshlik rishtalari bog‘liq bo‘lib turgan bo‘lsa musulmon inson bu rishtalarni davom ettirishi kerak va bilishi kerakki Alloh taolo qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr qilgan va bu amal rizqning keng bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo bu borada shunday deydi: “Ey insonlar, sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratgan va undan juftini (Havoni) vujudga keltirgan hamda u ikkovidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Parvardigoringizdan qo‘rqingiz. Yana oralaringizdagi savol-javoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindosh-urug‘laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz)! Albatta Alloh ustingizda kuzatuvchi bo‘lgan zotdir.” (Niso surasi 1- oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deganlarini eshitdim: “Kimki rizqi keng bo‘lishini, o‘zgalarga tasiri uzoq bo‘lishini hohlasa silai rahm qilsilsin”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan). 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:a

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Silai rahm arshga muallaq turadi va deydi kimki meni bog‘lasa Alloh uni bog‘laydi, kimki meni uzsa Alloh uni uzadi”. (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

Faqat Ramazonchi bo‘lishdan ehtiyot bo‘ling

Insonlarni ibodatdagi ahvolini kuzatgan inson ularning ko‘pchiligini Ramazon vaqtida ibodatga qattiq berilganini va Ramazon o‘tgach o‘zlarining oddiy hayotlarida bekorchilik va ibodatlarni vaqtida qilmasliklarini ko‘rishi mumkin. Go‘yoki Ramazon oyi Robbisi o‘zga oylar Robbisi emasdek. Ko‘pchilik insonlarni masjidda namoz o‘qishdan uzoqlashganini, sadaqalarni qizg‘anishlarini, nafl ro‘zalarni tutmasliklarini, chiroyli xulqdan uzoqlashganini kuzatish mumkin. Bishril Hofiyga aytildi “Bir qavm borki ular ramazonda ibodatga qattiq kirishadilar. “Qanaday ham yomon qavm ekan, Allohning faqat Ramazondagi haqqini bilishar ekan. Yil davomida ibodatga qattiq kirishgan insongina solih bo‘ladi”- dedilar. (Ibn Rajabning “Latoiful Ma’orif” kitobi). Aloh taolo ma’lum bir vaqtda ibodatga qattiq kirishib boshqa vaqt tashlab qo‘yishdan ogohlantirib shunday dedi: Va sizlar bir jamoat boshqa bir jamoatdan (son yo boylik jihatidan) ortiqroq bo‘lgani uchun qasamlaringizni (o‘zlaringiz ahdlashgan kishilarga nisbatan) aldov vositasi qilishingiz bilan (ya’ni, boshqa boyroq va kuchliroq qavmni topsangiz, avvalgi qavm bilan qilgan ahd-paymonlaringizdan kechib ketaverishingiz bilan) xuddi o‘zi to‘qigan narsasini pishiq-puxta bo‘lganidan so‘ng parcha-parcha qilib buzib chuvatib tashlagan xotinga o‘xshab qolmangiz. Albatta, Alloh bu (ahdga vafo qilishga buyurish) bilan sizlarni imtihon qilur va albatta qiyomat kunida sizlarga ixtilof qilib o‘tgan narsalaringizni bayon qilib berur. (Nahl surasi 92-oyat). Ibn Kasiyr dedi: Mujohid va Qatoda va ibn Zayd dedi: “Bu ahd tuzib so‘ngra uni buzgan inson kabidir” (ibn Kasiyr tafsiri).

Abdulloh ibn Sarjas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Allohim ziyodadan so‘ng nuqsondan o‘zingdan panoh so‘rayman”. (Sahih ibn Mojah). Ibn Al-Asiyr dedi: buning manosi “ishimiz to‘g‘ri bo‘lgandan so‘ng buzilishidan, bir jamoat bilan bo‘lib turib ulardan ajralib qolishdan”. Bu so‘zning asl ma’nosi salla o‘ralgandan so‘ng yechilb ketishidir. (Ibn Asiyrning An-Nihoya kitobi).

Haqiqatdan insonda zaiflik borki uni yengib o‘ta olmaydi. Undan o‘zining insoniylik chegarasidan chiqish talab qilinmaydi, balki undan Ramazondan keyin ham o‘zgarmaydigan farz namoz, zakot, sadaqa kabi sobit ibodatlarni mahkam ushlashlik, shuningdek doimo talab qilinadigan tavbani kanda qilmaslik talab qilinadi.

Alloh taolodan O‘zining oldiga borgunimizcha toat ibodatda sobit qilishini so‘raymiz va qalblar o‘zgarishidan Allohdan panoh so‘raymiz, va so‘nggi duoimizni olamlar Robbisiga hamdlar aytib yakunlaymiz!

Manba: islom.uz 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkent islom instituti tarixida ilk magistrlarga diplomlar topshirildi

22.07.2026   5756   5 min.
Toshkent islom instituti tarixida ilk magistrlarga diplomlar topshirildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasida mamlakatimiz diniy-ma’rifiy hayotidagi muhim tarixiy voqea — Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining ilk magistrantlariga diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda diniy-ma’rifiy soha olimlari va ulamolar, ustozlar, bitiruvchilar, ularning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori, taniqli olim Uyg‘un domla G‘afurov hamda boshqalar yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak baholanayotganini ta’kidladi.

махад2

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda diniy ta’lim tizimi yangi bosqichga ko‘tarilgani, keyingi yillarda mazkur sohada misli ko‘rilmagan natijalarga erishilgani alohida e’tirof etildi.

Xususan, so‘nggi yillarda uchta oliy va bitta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etildi. 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi. Samarqand shahrida Hadis ilmi maktabi, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi o‘rta maxsus ta’lim muassasasi o‘z faoliyatini boshladi. Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi to‘rtta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

махад3

Ta’kidlanganidek, Toshkent islom institutining 55 yillik tarixida ilk bor 2024 yildan magistratura bosqichi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda institutda «Teologiya (Islom ilohiyoti, falsafasi va moturidiylik ta’limoti)» hamda «Teologiya (Hadis ilmlari)» mutaxassisliklari bo‘yicha magistrantlar tahsil olmoqda. Kelgusida esa doktorantura bosqichini ham tashkil etish rejalashtirilgan.

Institutning ilk 10 nafar magistranti o‘qish davomida ilmiy faoliyatda faol qatnashib, dissertatsiya mavzulari doirasida jami 52 ta ilmiy maqola va tezis nashr ettirdi. Ular aqida, tafsir, fiqh va hadis ilmlariga oid nufuzli manbalardan 53 ta ijozaga sazovor bo‘lishdi.

махад 4

Shuningdek, magistrantlar mahalliy va xalqaro ilmiy anjumanlarda faol ishtirok etib, mamlakatimizda diniy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishdi.

Ular O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy amaliyot o‘tab, tadqiqot metodologiyasi, manbashunoslik va noyob qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.

махад5

Marosimda bitiruvchilarning zamonaviy fanlar sohasida ham salmoqli yutuqlarga erishgani qayd etildi. Jumladan, bir nafar magistr Bahrayndagi Islom moliya muassasalari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) xalqaro malaka sertifikati (CPSS) sohibi bo‘lgan bo‘lsa, yana bir bitiruvchi 3D modellashtirish va animatsiya sohasida malakali mutaxassis sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, bitiruvchi magistrlarning turli ma’rifiy muassasalar, ta’lim dargohlari va ilmiy-tadqiqot markazlariga ishga qabul qilingani ham ma’lum qilindi.

м6

Qayd etilganidek, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ilk magistrlarning yetishib chiqishi mamlakatimiz diniy ta’lim tizimi taraqqiyotidagi muhim tarixiy voqea bo‘lib, kelgusida soha uchun yuqori malakali, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida institut tarixida ilk magistr sifatida nom qoldirgan bitiruvchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

м7

Bitiruvchilar mamlakat rahbariyati tomonidan bildirilgan yuksak ishonch va g‘amxo‘rlikka munosib javob qaytarishga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga hamda islom ma’rifatini keng targ‘ib etishga bor kuch-g‘ayratlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.

— Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy ta’lim tobora takomillashib bormoqda, — dedi Toshkent islom instituti magistranti Gulchehra Siddiqova. — Magistraturada olgan bilimlarimiz va ilmiy izlanishlarimiz samarasini Vatanimiz, xalqimiz va jamiyatimiz ravnaqi yo‘lida safarbar etishga astoydil harakat qilamiz.

м10


Diniy ta’lim tizimida magistratura ochilishi va ilk magistrlarning bitirishi mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash, sohada zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan salohiyatli ilmiy-pedagog kadrlar safini kengaytirishga xizmat qiladi.

Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, mazkur tarixiy voqelik yurtimizda ma’rifiy Islom g‘oyalarini keng targ‘ib etish va boy ilmiy merosimizni jahon miqyosida o‘rganish yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari