Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Go‘zal axloq va mehr-muruvvat oyi (tanlovga)

19.05.2020   5786   2 min.
Go‘zal axloq va mehr-muruvvat oyi  (tanlovga)

 

Mo‘min-musulmonlarning o‘zaro mehribonchiliklarini ziyoda qilib, topgan ne’matlarini iftorliklar, fitr sadaqalari, zakotlar kabi vasilalar-la baham ko‘rishga da’vat etuvchi muborak ramazon oyi ham bir pasda nihoyasiga yetay deb qoldi.

Alloh taoloning O‘ziga ayon bo‘lgan hikmati ila dunyo bo‘ylab keng yoyilib ketgan koronavirus sabab bo‘lib, bu yilgi Ramazon boshqa yillardagidan boshqacharoq o‘tyapti.

Ma’lumingizki, Ramazon – insonlarni ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan oziqlantiradigan oy. Shuning uchun ham har yili Ramazon kirib kelganidan to oxirigacha musulmonlar diyorida bayram nafasi ufurib turadi. Chunki bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan. Kalomi sharif sharofati bilan Ramazon kunlari fayzli, tunlari tarovatli, odamlarning qalbi mehr-muruvvatli bo‘ladi.

Ramazonning muhim fazilatlaridan yana biri u – yuksak ma’naviyat va pokiza axloq oyi ekanidadir. Zotan, “Men go‘zal xulqlarni kamolga yetkazish uchun payg‘ambar bo‘lib keldim”, deb marhamat qilgan sevikli Payg‘ambarimiz sollalloh alayhi va sallamning xulqlarini Oisha onamiz roziyallohu anho: “Payg‘ambarimizning axloqlari Qur’on edi”, deb ta’riflaganlar. Qur’oni karim esa aynan shu oyda nozil bo‘lgan.  

Ana shu jihatiga ko‘ra, Ramazon insonlarning irodasini toblaydi, saxovatini, jo‘mardligini yanada ziyoda qiladi, ibodatini ko‘paytiradi.

Navro‘z arafasida yurtimizga bostirib kirgan koronavirus, uning ortidan Qorako‘l va Sardobada yuz bergan tabiiy ofatlar xalqimizning mehr-oqibatini, totuvligini, birdamligini har qachongidan ham ko‘proq kuchaytirdi, elu ulusni jipslashtirdi, xalqimizni yurtboshimiz atrofida birlashtirdi.

Ulug‘larimiz: “Mo‘minning har bir holati hayratli. Chunki uning barcha ishlari o‘zi uchun xayrlidir. Bu – yer yuzida faqat musulmonlarga xos bo‘lgan fazilatdir. Zero, u sevinsa, shukr etadi, savob oladi. Bu uning uchun xayrlidir. Boshiga balo kelsa sabr qiladi. Bu ham uning uchun xayrlidir”, deganlar.

Yaratganga shukrki, mo‘minlar shunday murakkab vaziyatda ham tushkunlikka tushmasdan ibodatlarda, xayr-saxovatlarda bardavom bo‘ldilar. Xonadonlarda tarovehlar o‘qilyapti, bu fazilatli namozlardan ayol-qizlar, kichik yoshdagi bolalar ham bahramand bo‘lmoqdalar; iftor qilishni istagan yurtdoshlarimiz masalliqlarni xonadonlarga tarqatib bermoqdalar; fitr sadaqasi esa savobi ko‘proq bo‘lsin, deya ortig‘i bilan deyarli tarqatib bo‘lindi; zakotlar muhtojlarga yetkazilmoqda.

Binobarin, bugungi sinovli kunlarda xalqimiz shukr va sabr ichida hayot kechirmoqdaki, bu Alloh taoloni bandalaridan mamnun qiladigan fazilatli amallardandir.  

Robiya JO‘RAQULOVA


 

 

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Oldingi safdagi namozxonning beliga sajda qilish mumkinmi?

23.06.2025   1540   1 min.
Oldingi safdagi namozxonning beliga sajda qilish mumkinmi?

Savol: Biz tomonlarda qattiq yomg‘ir yog‘ib, Juma va ikki hayit namozlarida odamlar tashqarida namoz o‘qiy olmay, masjid ichiga tiqilib ketadi. Sunnatni almashib o‘qib olishadi, ammo farz namozda buning imkoni yo‘q-ku. Bu holatda qanday yo‘l tutiladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu kabi uzrli hollarda ya’ni savolda zikr qilinganidek, Juma va ikki hayit namozlarida orqadagilar oldingi safdagi namozxonlarning bellariga sajda qilib, namozni ado etsalar bo‘ladi.

Buning kayfiyati shunday: Avvalgi safdagilar odatdagidek ruku va sajda qiladilar. Ularning orqasidagilar esa, rukuda imkon qadar egiladilar, so‘ng sajdada oldingi safdagi odamlarning orqa bellariga boshlarini qo‘yib, sajda qiladilar. Farzni shunday o‘qisalar, sunnatlarni savolda aytilgandek almashib o‘qib olaveradilar. Chunki belga sajda qilish zarurat tufayli joiz bo‘ladi. Sunnat namozni o‘qishda esa, bunday zarurat bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, bu kabi uzrli holatlarda oldindagi odamning oyoqlari ustiga yoki o‘zining soniga ham sajda qilish mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.