Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446

Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz: odamlarni kechirdim va kechirim so‘radim

17.05.2020   6154   2 min.
Ramazonni qanday o‘tkazyapsiz: odamlarni kechirdim va kechirim so‘radim

Kechagina bizni o‘ziga mushtoq qilib, sog‘intirgan mohi ramazonning so‘ngi dahasida turibmiz. Qalbimizda cheksiz quvonch bilan birga bizni tark etayotgan oyning hasrati ham bor.

Ruknimizning galdagi suhbatdoshi tijoratchi birodarimiz Muhammad Said Ibrohimov.

“Tijoratchi bo‘lganim sababmi, dunyo tashfishlari bilan bo‘lib, ramazonni qanday kelib qolganligini sezmay ham qolibman. Ilk kunidan oilaviy ro‘za tutdik. Saharlikdan so‘ng bomdod namozi vaqtigacha otam Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Hadis va hayot”, “Odoblar xazinasi” kitoblaridan o‘qib beradilar. Diqqat bilan eshitamiz. Lekin, tongda yana do‘konga boramanu qalbimni dunyo ishlari egallab oladi.

Do‘konga har kuni har turli odam keladi. Bazan charchoqdan, bazan jahldan ko‘plari bilan tortishib qolamiz... Iftorga yaqin uyga qaytaman. Yaqinda otam navbatdagi mutolaaning birida: “Batahqiq, jahannam uchun ko‘plab jin va inslarni yaratdik. Ularning dillari boru tushuna olmaslar. Ko‘zlari boru ko‘ra olmaslar. Quloqlari boru eshita olmaslar. Ana o‘shalar chorva hayvonlari kabidirlar. Balki ulardan ham battarroqdirlar. Ana o‘shalar g‘ofildirlar”, (A’rof-179. Tafsiri hilol) oyati hamda “Kishining mol-dunyo va sharafga bo‘lgan hirsi uning dini uchun, qo‘yga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ridan ham hatarliroqdir”,  hadisini sharhlari bilan o‘qib berdi.

Meni shu ondanoq bir o‘y o‘ziga tortdi. Yuqoridagi oyat va hadis go‘yo to‘g‘ri menga qarata aytilgandek. Ehtimol shuning uchun qulog‘imga nasihat, oyat va hadis kirmayotgandir. Balki shuning uchun qalbimda halovat va tilimda zikr bo‘lmayotgandir. Shu sabab bilib bilmay odamlarning diliga ozor berayotgandirman. Tuni bilan saharlik vaqtigacha tavba qilib, istig‘for aytib chiqdim. Ammo, ko‘nglim to‘kis halovat topmadi...

Ulamolar: “Inson Allohga osiy bo‘lsayu tavba qilsa kechiradi. Ammo, bandaning bandadagi haqqini Alloh taolo kechirmaydi to o‘zaro rozilashmaguncha” deya  ta’kidlagan ekanlar.

Tongdan ko‘chaga chiqdimu qancha tanishim bo‘lsa barchasidan chin qalbdan kechirim so‘rab, rozilik so‘radim. Men uchun mo‘jiza sodir bo‘ldi. Tanishlarim, mendan xafa bo‘lganlar hayratga tushishdi, hatto bazilari ko‘ziga yosh oldi. Keyin uyga kelib meni hafa qilganlarni hammasini kechirdim...

Shu ondan qalbimda orom paydo bo‘ldi. Alhamdulillah! Bu yilgi ramazon men uchun  o‘zgacha ruhda keldi.

Azizlar siz ham odamlardan rozilik so‘rang va odamlarni kechiring! Halovat va orom ko‘nglingizni hushnud etadi. 

Saidabror Umarov suhbatlashdi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

O‘kinmang! Alloh doimo esingizda, tilingizda bo‘lsin!

23.06.2025   2762   2 min.
O‘kinmang! Alloh doimo esingizda, tilingizda bo‘lsin!

"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).

"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).

"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).

"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).

"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).

"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).

"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).

"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).

Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".

Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.

Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.

"O‘kinma" kitobidan