Kechagina bizni o‘ziga mushtoq qilib, sog‘intirgan mohi ramazonning so‘ngi dahasida turibmiz. Qalbimizda cheksiz quvonch bilan birga bizni tark etayotgan oyning hasrati ham bor.
Ruknimizning galdagi suhbatdoshi tijoratchi birodarimiz Muhammad Said Ibrohimov.
“Tijoratchi bo‘lganim sababmi, dunyo tashfishlari bilan bo‘lib, ramazonni qanday kelib qolganligini sezmay ham qolibman. Ilk kunidan oilaviy ro‘za tutdik. Saharlikdan so‘ng bomdod namozi vaqtigacha otam Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Hadis va hayot”, “Odoblar xazinasi” kitoblaridan o‘qib beradilar. Diqqat bilan eshitamiz. Lekin, tongda yana do‘konga boramanu qalbimni dunyo ishlari egallab oladi.
Do‘konga har kuni har turli odam keladi. Bazan charchoqdan, bazan jahldan ko‘plari bilan tortishib qolamiz... Iftorga yaqin uyga qaytaman. Yaqinda otam navbatdagi mutolaaning birida: “Batahqiq, jahannam uchun ko‘plab jin va inslarni yaratdik. Ularning dillari boru tushuna olmaslar. Ko‘zlari boru ko‘ra olmaslar. Quloqlari boru eshita olmaslar. Ana o‘shalar chorva hayvonlari kabidirlar. Balki ulardan ham battarroqdirlar. Ana o‘shalar g‘ofildirlar”, (A’rof-179. Tafsiri hilol) oyati hamda “Kishining mol-dunyo va sharafga bo‘lgan hirsi uning dini uchun, qo‘yga qo‘yib yuborilgan ikki och bo‘ridan ham hatarliroqdir”, hadisini sharhlari bilan o‘qib berdi.
Meni shu ondanoq bir o‘y o‘ziga tortdi. Yuqoridagi oyat va hadis go‘yo to‘g‘ri menga qarata aytilgandek. Ehtimol shuning uchun qulog‘imga nasihat, oyat va hadis kirmayotgandir. Balki shuning uchun qalbimda halovat va tilimda zikr bo‘lmayotgandir. Shu sabab bilib bilmay odamlarning diliga ozor berayotgandirman. Tuni bilan saharlik vaqtigacha tavba qilib, istig‘for aytib chiqdim. Ammo, ko‘nglim to‘kis halovat topmadi...
Ulamolar: “Inson Allohga osiy bo‘lsayu tavba qilsa kechiradi. Ammo, bandaning bandadagi haqqini Alloh taolo kechirmaydi to o‘zaro rozilashmaguncha” deya ta’kidlagan ekanlar.
Tongdan ko‘chaga chiqdimu qancha tanishim bo‘lsa barchasidan chin qalbdan kechirim so‘rab, rozilik so‘radim. Men uchun mo‘jiza sodir bo‘ldi. Tanishlarim, mendan xafa bo‘lganlar hayratga tushishdi, hatto bazilari ko‘ziga yosh oldi. Keyin uyga kelib meni hafa qilganlarni hammasini kechirdim...
Shu ondan qalbimda orom paydo bo‘ldi. Alhamdulillah! Bu yilgi ramazon men uchun o‘zgacha ruhda keldi.
Azizlar siz ham odamlardan rozilik so‘rang va odamlarni kechiring! Halovat va orom ko‘nglingizni hushnud etadi.
Saidabror Umarov suhbatlashdi
8 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchisi Yusuf al-Utaybiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muloqotda so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, ayniqsa, haj va umra ibodatlarini uyushtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi. Xususan, “Haj – 2025” mavsumi har jihatdan muvaffaqiyatli o‘tgani, mutasaddilar sa’y-harakati bilan hojilarga yuqori darajada sharoit va imkoniyatlar hozirlangani, o‘zbekistonlik ziyoratchilar tartib-intizomi, odob-axloqi bilan barchaga namuna bo‘lib, risolagidek toatu ibodat qilganlari e’tirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida ham diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish kabi masalalarni muhokama qilishdi. Shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan ma’rifiy tadbirlar yuzasidan o‘zaro fikr-mulohaza almashildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati