Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

Sadaqa-ehson qilishning fazilati

16.05.2020   12136   5 min.
Sadaqa-ehson qilishning fazilati

Sadaqa  berishning fazilatlarini savob va ajrlarini keltirib o‘tishdan oldin sadaqa so‘zini  yaxshilab tushunib olishimiz lozim. “Sadaqa” so‘zi lug‘atda “Yaxshilik, ehson” ma’nolarini bildiradi. Istilohda esa, Alloh taolo roziligi uchun beriladigan har qanday narsa yoki bajariladigan amal sadaqa sanaladi. Odatda “Sadaqa” deyilsa, faqat muhtojlarga, faqir kishilarga beriladigan har qanday narsa tushuniladi. Aslida, xayr-ehsonning barcha turlarini shu so‘z bilan atasa bo‘laveradi. Sadaqa majburiy va ixtiyoriy bo‘ladi. Majburiy bo‘lgan sadaqa turiga farz va vojib bo‘lgan zakot, ushr, fitr, kafforot kabilar kiradi. Farzu vojibdan keyingi o‘rinda turadigan ixtiyoriy sadaqaga esa har qanday xayr-ehson, xudoyi (taom tariqasida berishlik), xayriya tashkilotlariga, jamg‘armalarga, yetimxona va qariyalar uylariga, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam kabilar kiradi. Ba’zi tushunmagan kishilar orasida farz, ya’ni, majburiy sadaqa bilan nafl (ixtiyoriy) sadaqani aralashtirib yuborish hollari uchraydi. Bundaylar farz bo‘lgan zakotni berishmaydi-yu, ammo sadaqa deb, turli ziyofat, turli marosimlar o‘tkazib, o‘zlaricha sadaqa qilgan bo‘lishadi. Aslida esa, hojatlaridan tashqari tijoriy (savdo aylanmasi uchun) mol-mulklari nisobga (ma’lum belgilangan miqdorga) yetgan kishilar, o‘sha mollari (boyliklari)ning qirqdan bir (40/1) ulushini (qismini) haqdorlarga (zakot olishga loyiq bo‘lgan insonlarga) berishlari majburiy sadaqa, ya’ni “Zakot”dir. Zakot ibodati islomning beshta farzidan biri va bu zakot ibodatini ado qilishlik ayni muborak Ramazoni sharif oylarida amalga oshirilsa, savobi, ajri,  yanada ko‘payishligiga olib keladi. Endi esa,  sadaqa berishning fazilatlari haqida hadisi shariflarni  keltiramiz.

Sadaqa berishning fazilatlari juda ko‘p  va mashhurdir.

Imom Buxoriy  Abdulloh ibn Mas’uddan (raziyallohu anhu) rivoyat etishlaricha, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Sizlarning qay biringizga  o‘z mol-mulkingizdan ko‘ra  merosxo‘rlarning mol-mulki sevimli?” deb so‘radilar. Shunda as'hobi kirom: “Bizlarga o‘z mol-mulklarimiz  mahbubroq, yo Rasuulloh”, deb javob berishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): marhamat qildilar: “ Uning oldin yuborgani haqiqiy mol-mulkdir. Merosxo‘rlarning mol-dunyosi esa keyinda qolganidir.” Ya’ni Alloh taolo yo‘lida o‘zi nafaqa qilgan mol-dunyosi haqiqiy ehson hisoblanadi”.

Hadisda aytiladi: “Sadaqa qilinglar, zero sadaqa sizlarni do‘zaxdan qutqaradi “(Imom Tabaroniy “Avsat “larida Abu Nuaym esa “Xulya “da rivoyat etishgan)

Yana bir hadisi sharifda bunday rivoyat etiladi: ”Sadaqa qilinglar, bas, sadaqa jasadingizni do‘zax otashidan saqlaydi”. (Imom Tabaroniy “Avsat” kitoblarida va Abu Nuaym “Xulya”da rivoyat eshitgan.)

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): ”Kishining topgan molini o‘z oilasiga  sarflashi ham sadaqa va ehsondir”, deganlar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam : “Betoblaringingizni (kasallaringizni) sadaqa berish bilan davolanglar”, ya’ni dori-darmon qilish barobarida xayru-ehson va sadaqa qilish, inshaalloh dardlardan shifo topishda yordam qiladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqa berish bilan mol-dunyo kamayib qolmaydi. Alloh taolo kechirimli bo‘lgan bandasining izzat-sharafini ziyoda qiladi. Kishi Alloh uchun o‘zini hokisor tutsa, Alloh taolo uning martabasini baland qiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Sarvari Koinot (sollallohu alayhi vasallam) Muoz ibn Jabalga (roziyallohu anhu) sadaqa yaxshilik eshiklaridan biri ekanini ta’kidlab, dedilar:

“Seni xayr (yaxshilik) eshiklariga dalolat qilaymi?” (ya’ni, yaxshilik eshiklari qanday amallar bilan ochilishini aytib beraymi) deya, ushbu uch narsani sanab berdilar: 1) Ro‘za to‘siq bo‘ladi; 2) Sadaqa xuddi suv olovni o‘chirgandek xatolarni o‘chiradi; 3) Kishining yarim kechada o‘qigan namozi solihlarning shiori bo‘ladi”. Hadisda vorid bo‘lganidek, sadaqa xatolarni o‘chirsa, albatta u (sadaqa) Alloh subhanahu va taoloning g‘azabini ham o‘chiradi. Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Sadaqa allohning g‘azabini o‘chirib, yomonlikni qaytaradi” (Imom Termiziy va Ibn Hibbon rivoyati). Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam sadaqa berishga targ‘ib qilib, unga odamlarni qiziqtirganlar.  

Hadisi muboraklarida bu borada bunday marhamat qiladilar:

Abu Barzadan (roziyallohu anha) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bir banda bir parcha non sadaqa qilsa, Alloh jalla va a’lo uni Uhud tog‘i barobarida ko‘paytiradi”, dedilar”. (Tabaroniy rivoyati).

Yuqorida keltirilgan Hadisi shariflar  mazmuniga ko‘ra, ixlos bilan qilingan ozgina sadaqa (ehson) Allohning huzurida juda katta mukofotga sazovor bo‘lishligi, bilib-bilmay qilgan xato-kamchiliklarimiz o‘chirlishi, kasallarimizga davo bo‘lishligini, balo-ofatlardan omon bo‘lishligimizni, biz uchun yaxshilik eshiklari ochilishligini, martabalarimiz baland bo‘lishligini va  sadaqa sababli sizu-bizning jasadimizni do‘zax otashidan Alloh taolo saqlashligini, va ozgina qilgan sadaqamizni ham Alloh taolo uni (sadaqamizni) (savobini) ko‘paytirib berishligini   anglaymiz.

 

(Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining  “Xay-ehson fazilatlari” kitobi asosida tayyorlandi).

Jumamuratov Yaqub,

 Taxiatosh tumani “Muhammad Murod eshon” masjidi imom-xatibi.

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

10.08.2026   11833   2 min.
Saudiya Arabistonida o‘tkazilayotgan xalqaro Qur’on tanlovida 133 davlat vakillari ishtirok etmoqda

Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi 7 avgust kuni Makka shahridagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda 133 davlatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida boshlandi.

IQNA "Minbar" gazetasiga tayanib xabar berishicha, Qirol Abdulaziz nomidagi Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirq oltinchi xalqaro tanlovning saralash bosqichi bir kun avval Makkadagi musobaqalar o‘tkaziladigan joyda boshlangan va final bosqichini Masjidul Haromda o‘tkazish uchun zamin tayyorlagan.

Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirning saralash bosqichida hakamlar hay’atlari eng yuqori aniqlik va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda, Qur’on tilovati uslublari va qoidalariga ixtisoslashgan taniqli xalqaro hakamlar guruhi nazorati ostida erkak va ayol ishtirokchilarning chiqishlarini tinglab, final bosqichiga kimlar o‘tishini aniqladi.

Tanlovning joriy bosqichi 133 mamlakatdan 334 nafar ishtirokchi (erkak va ayollar) ishtirokida o‘tkazilmoqda, ular besh toifa: "Shatibiya" usuli bo‘yicha yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Vazirlik ushbu global qur’oniy tadbirning muvaffaqiyatini ta’minlash uchun elektron hakamlik tizimini joriy etish, ishtirokchilarni baholashda adolat va aniqlikni ta’minlash uchun tashkiliy va keng qamrovli platformani yaratish, shuningdek, ularga turli xil xizmatlarni taqdim etish kabi barcha imkoniyatlarini ishga solishda davom etadi.

Qirol Abdulaziz nomidagi xalqaro musobaqa dunyodagi eng yirik Qur’on musobaqalaridan biri hisoblanib, uning umumiy pul mukofotlari miqdori 10 million saudiya rialidan oshadi.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari