Sadaqa berishning fazilatlarini savob va ajrlarini keltirib o‘tishdan oldin sadaqa so‘zini yaxshilab tushunib olishimiz lozim. “Sadaqa” so‘zi lug‘atda “Yaxshilik, ehson” ma’nolarini bildiradi. Istilohda esa, Alloh taolo roziligi uchun beriladigan har qanday narsa yoki bajariladigan amal sadaqa sanaladi. Odatda “Sadaqa” deyilsa, faqat muhtojlarga, faqir kishilarga beriladigan har qanday narsa tushuniladi. Aslida, xayr-ehsonning barcha turlarini shu so‘z bilan atasa bo‘laveradi. Sadaqa majburiy va ixtiyoriy bo‘ladi. Majburiy bo‘lgan sadaqa turiga farz va vojib bo‘lgan zakot, ushr, fitr, kafforot kabilar kiradi. Farzu vojibdan keyingi o‘rinda turadigan ixtiyoriy sadaqaga esa har qanday xayr-ehson, xudoyi (taom tariqasida berishlik), xayriya tashkilotlariga, jamg‘armalarga, yetimxona va qariyalar uylariga, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam kabilar kiradi. Ba’zi tushunmagan kishilar orasida farz, ya’ni, majburiy sadaqa bilan nafl (ixtiyoriy) sadaqani aralashtirib yuborish hollari uchraydi. Bundaylar farz bo‘lgan zakotni berishmaydi-yu, ammo sadaqa deb, turli ziyofat, turli marosimlar o‘tkazib, o‘zlaricha sadaqa qilgan bo‘lishadi. Aslida esa, hojatlaridan tashqari tijoriy (savdo aylanmasi uchun) mol-mulklari nisobga (ma’lum belgilangan miqdorga) yetgan kishilar, o‘sha mollari (boyliklari)ning qirqdan bir (40/1) ulushini (qismini) haqdorlarga (zakot olishga loyiq bo‘lgan insonlarga) berishlari majburiy sadaqa, ya’ni “Zakot”dir. Zakot ibodati islomning beshta farzidan biri va bu zakot ibodatini ado qilishlik ayni muborak Ramazoni sharif oylarida amalga oshirilsa, savobi, ajri, yanada ko‘payishligiga olib keladi. Endi esa, sadaqa berishning fazilatlari haqida hadisi shariflarni keltiramiz.
Sadaqa berishning fazilatlari juda ko‘p va mashhurdir.
Imom Buxoriy Abdulloh ibn Mas’uddan (raziyallohu anhu) rivoyat etishlaricha, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): “Sizlarning qay biringizga o‘z mol-mulkingizdan ko‘ra merosxo‘rlarning mol-mulki sevimli?” deb so‘radilar. Shunda as'hobi kirom: “Bizlarga o‘z mol-mulklarimiz mahbubroq, yo Rasuulloh”, deb javob berishdi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): marhamat qildilar: “ Uning oldin yuborgani haqiqiy mol-mulkdir. Merosxo‘rlarning mol-dunyosi esa keyinda qolganidir.” Ya’ni Alloh taolo yo‘lida o‘zi nafaqa qilgan mol-dunyosi haqiqiy ehson hisoblanadi”.
Hadisda aytiladi: “Sadaqa qilinglar, zero sadaqa sizlarni do‘zaxdan qutqaradi “(Imom Tabaroniy “Avsat “larida Abu Nuaym esa “Xulya “da rivoyat etishgan)
Yana bir hadisi sharifda bunday rivoyat etiladi: ”Sadaqa qilinglar, bas, sadaqa jasadingizni do‘zax otashidan saqlaydi”. (Imom Tabaroniy “Avsat” kitoblarida va Abu Nuaym “Xulya”da rivoyat eshitgan.)
Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): ”Kishining topgan molini o‘z oilasiga sarflashi ham sadaqa va ehsondir”, deganlar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam : “Betoblaringingizni (kasallaringizni) sadaqa berish bilan davolanglar”, ya’ni dori-darmon qilish barobarida xayru-ehson va sadaqa qilish, inshaalloh dardlardan shifo topishda yordam qiladi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqa berish bilan mol-dunyo kamayib qolmaydi. Alloh taolo kechirimli bo‘lgan bandasining izzat-sharafini ziyoda qiladi. Kishi Alloh uchun o‘zini hokisor tutsa, Alloh taolo uning martabasini baland qiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Sarvari Koinot (sollallohu alayhi vasallam) Muoz ibn Jabalga (roziyallohu anhu) sadaqa yaxshilik eshiklaridan biri ekanini ta’kidlab, dedilar:
“Seni xayr (yaxshilik) eshiklariga dalolat qilaymi?” (ya’ni, yaxshilik eshiklari qanday amallar bilan ochilishini aytib beraymi) deya, ushbu uch narsani sanab berdilar: 1) Ro‘za to‘siq bo‘ladi; 2) Sadaqa xuddi suv olovni o‘chirgandek xatolarni o‘chiradi; 3) Kishining yarim kechada o‘qigan namozi solihlarning shiori bo‘ladi”. Hadisda vorid bo‘lganidek, sadaqa xatolarni o‘chirsa, albatta u (sadaqa) Alloh subhanahu va taoloning g‘azabini ham o‘chiradi. Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Sadaqa allohning g‘azabini o‘chirib, yomonlikni qaytaradi” (Imom Termiziy va Ibn Hibbon rivoyati). Shuning uchun ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam sadaqa berishga targ‘ib qilib, unga odamlarni qiziqtirganlar.
Hadisi muboraklarida bu borada bunday marhamat qiladilar:
Abu Barzadan (roziyallohu anha) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “Bir banda bir parcha non sadaqa qilsa, Alloh jalla va a’lo uni Uhud tog‘i barobarida ko‘paytiradi”, dedilar”. (Tabaroniy rivoyati).
Yuqorida keltirilgan Hadisi shariflar mazmuniga ko‘ra, ixlos bilan qilingan ozgina sadaqa (ehson) Allohning huzurida juda katta mukofotga sazovor bo‘lishligi, bilib-bilmay qilgan xato-kamchiliklarimiz o‘chirlishi, kasallarimizga davo bo‘lishligini, balo-ofatlardan omon bo‘lishligimizni, biz uchun yaxshilik eshiklari ochilishligini, martabalarimiz baland bo‘lishligini va sadaqa sababli sizu-bizning jasadimizni do‘zax otashidan Alloh taolo saqlashligini, va ozgina qilgan sadaqamizni ham Alloh taolo uni (sadaqamizni) (savobini) ko‘paytirib berishligini anglaymiz.
(Muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Xay-ehson fazilatlari” kitobi asosida tayyorlandi).
Jumamuratov Yaqub,
Taxiatosh tumani “Muhammad Murod eshon” masjidi imom-xatibi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov boshchiligida Diniy idoraning bir guruh vakillari Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Qatar mustaqilligi kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda qatnashdi.
O‘zbekiston va Qatar xalqlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi tarixiy-madaniy rishtalar bugungi kunda keng ko‘lamli va uzoq muddatli aloqalarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad al Soniy sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda Qatar Davlati keng qamrovli taraqqiyot borasida sifat jihatdan ulkan o‘zgarishlarga erishdi hamda strategik rejalashtirish va zamonaviy iqtisodiy boshqaruv sohalarida o‘rnak bo‘ladigan mamlakatga aylandi.
Bu yilgi bayramni Qatar davlati va uning fuqarolari "Qatar sizlar bilan yuksaladi va sizlardan kutadi" shiori ostida nishonlamoqda. Bu shior ham Qatar davlati amirining so‘zlaridan olingan. Qatar Milliy 2030 Rivojlanish Strategiyasi esa insonni taraqqiyot markaziga qo‘yib, uni oliy maqsad sifatida belgilagan.
Eslatib o‘tamiz, sal oldinroq Qatar elchixonasi tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga bir qator kitoblar sovg‘a qilingan, o‘z navbatida mehmonlarga Markaz tomonidan Katta Langar Qur’onining faksimile nusxasi tuhfa etilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati