Alloh taoloning hayotimizda yana bir muborak Ramazonni ato qilgani cheksiz karamidir. Alloh taoloning fazli va karami ila ushbu Ramazonning yigirma kuni o‘tdi. Muborak Ramazonning oxirgi o‘n kunligi boshlandi. Bu o‘n kunlik butun Ramazonning xushbo‘yligi va shirasidir. Alloh taolo bu oxirgi o‘n kunlikni shunday xususiyatlar va fazilatlar ila musharraf qilganki, butun yil bo‘yi bunday kunlar qayta kelmaydi.
Aslida, butun muborak Ramazon oyining o‘zi muqaddas va barakotlidir. Uning har bir soati va har bir lahzasi qadrlashga loyiqdir. Lekin mana bu oxirgi o‘n kunlik Nabiy solallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taologa ibodat uchun xos holatlarni o‘zida jamlagan. Oxirgi o‘n kunlik kirganida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bellarini mahkam bog‘lar edilar, (ya’ni, tun bo‘yi ibodat qilish uchun tayyor bo‘lar edilar), tunlarini (ibodatda) bedor o‘tkazar edilar va ahllarini ham uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy rivoti).
Boshqa kunlarda ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini o‘qir edilar. Uning rakatlari juda uzun bo‘lardi. Ba’zan Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjudga yarim kechada, gohida esa kechaning oxirgi uchdan birida turar edilar. Lekin muborak Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni haqida Oisha onamiz roziyallohu anho aytadilarki, bu kechalarda Nabiy sollallohu alayhi vasallam ibodat uchun bellarini mahkam bog‘lar edilar.
Ramazon oyidan boshqa kunlarda tahajjud uchun turishda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning odatlari bunday edi: “Ohista oyoq kiyimlarini kiyib, ridolarini olar edilar. So‘ng, asta eshikni ochardilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Bunday qilishlariga sabab, onamiz Oisha roziyallohu anho uyg‘onib ketmasin der edilar. Chunki tahajjud o‘qishning odoblaridan biri – agar biror bandaga Alloh taolo tahajjud o‘qish tavfiqini ato qilgan bo‘lsa, u holda unga butun mahalladagilarni va oila a’zolarini uyg‘otib yuborishi durust emasdir. Balki, uning bu amalidan uxlab yotgan biror kimsa uyg‘onib ketmasligi kerak. Toki, uxlab yotganga biror mashaqqat yetmasin. Chunki tahajjud o‘qish farz yoki vojib emasdir. Shunga ko‘ra o‘zining tahajjudi sababli aziyat yetkazishligi va birovning uyqusiga xalal berishi joiz emasdir. Shuning uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahajjud uchun turganlarida, Oisha roziyallohu anho uyg‘onib ketmasin deb ohista turar edilar.
Ammo muborak Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligi borasida Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Ahli-ayollarini ham uyg‘otar edilar va ularga bunday der edilar: “Turing, bu oxirgi o‘n kunlikdir. Alloh taoloning rahmatlari mavsumidir. Alloh taoloning rahmatlari yog‘ilyapti. Bunday vaqtda uxlash mahrumlikdir. Shuning uchun uyg‘onib Alloh taoloning rahmatiga etagingizni to‘ldirib oling.
Shayxul Islom, Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning “Islahiy xutbaat” kitobidan
Abdulqayyum KOMIL
tarjimasi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Indoneziyaning Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti va Qur’on ilmlari instituti (IIQ) hamkorligida “Imom Buxoriy va musulmon olamida ilm-fan (2025)” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.
Forum Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan Sharif Hidoyatulloh davlat islom universiteti o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumiga asosan tashkil etildi.
Ochilish marosimida ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’naviy aloqalarni rivojlantirish, Imom Buxoriy merosini chuqur o‘rganish va uning ilmiy ahamiyatini keng yoritishga qaratilgan tashabbuslar alohida ta’kidlandi.
Anjuman doirasida “Imom Buxoriy merosi va zamonaviy islom tafakkuri” va “Hadisshunoslik metodologiyasi va klassik ilmlar”, “Hadis, tafsir va axloqiy mulohazalar”, “Zamonaviy tadqiqotlar, raqamli gumanitar ilmlar va institutsional ta’lim” mavzularda ilmiy sessiyalar o‘tkazildi. Unda olimlar Imom Buxoriy asarlarining ilmiy asoslari, jahon hadisshunoslik maktabida tutgan o‘rni va zamonaviy talqinlari haqida fikr almashdi.
Imom Buxoriy asarlaridagi ma’naviy qadriyatlarning bugungi ta’lim jarayonlari va jamiyat hayotidagi ahamiyati, islom ilmlarini o‘qitishda raqamli texnologiyalardan unumli foydalanish imkoniyatlari, qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ishtirokchilar diqqat markazida bo‘ldi.
Anjumanning yakuniy qismida ilmiy muloqot natijalari sarhisob qilinib, ilmiy tavsiyalar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati