Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bizni muborak Ramazon oyiga yetkazdi va avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri Do‘zax olovidan xalos bo‘lish oyi ne’mati bilan rizqlantirdi. Qancha insonlar bor ushbu kungacha yetib kela olmadi. Ammo, bizni Alloh taolo shunday sharaf bilan siyladi. Bu uchun Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ushbu oyning fazilatini zikr etish uchun Alloh taoloning quyidagi kalomining o‘zini keltirish kifoya qiladi:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi 185-oyat).
Butun musulmon ummatini hidoyat yo‘liga boshlashlik uchun nozil qilingan Qur’oni karim ushbu oyda nozil qilingandir. Albatta, ushbu oy musulmon ummati uchun yaxshiliklarni ko‘paytiradigan, Alloh taologa qurbat hosil qiladigan, nafsni tarbiyalaydigan, ma’siyatdan toatga va fasoddan islohga o‘tadigan barakali oy hisoblanadi.
Ramazon bizni o‘zgartirsin! Chunki, bu oyda rahmat va barakalar mo‘lu-ko‘l bo‘ladi. Rahmat esa butun musulmonlarni qamrab oladi, faqatgina yakka bir kishini emas!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Besh mahal namoz va juma keyingi jumagacha, Ramazon keyingi Ramazongacha oradagi (gunoh)larga kafforatdir, agar kishi gunohi kabiralardan saqlangan bo‘lsa», der edilar. (Muslim rivoyat qilgan).
Imom Termiziy rohimahullohning “Sunan”larida keladi, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilanadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Burni yerga ishqalansin! Uning huzurida mening nomim zikr etilib, salovot aytmagan kishini. Burni yerga ishqalansin! Ramazonga kirib, undan (gunohlari) kechirilmay chiqqan kishini. Burni yerga ishqalansin! Ota-onasini kattalik chog‘ida topib, Jannatga kirmagan kishini”.
Ko‘rdim, gunohlar qalbni o‘ldirar,
Unda bardavomlik xorlik keltirar.
Gunohlarni tark etish qalblar hayoti,
Nafsga bo‘ysunmaslik kishi najoti!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim qadr kechasini iymon bilan, savob umidida ibodat bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi," dedilar. (Muttafaqun alayh)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazonda farzligiga ishonib, savob umidida ro‘za tutsa, uni avvalgi gunohi kechiriladi", dedilar. (Muttafaqun alayh)
Hasan Basriy aytadilar: «Xaloyiq toat-ibodatda musobaqalashishi uchun Ramazon oyini Alloh taolo musobaqa maydoni qildi. Bir qavm u musobaqada g‘alaba qozondi, boshqa bir qavm ortda qolib, yengildi».
Ishonch hosil qilaylik, biz tavba qiladigan va o‘z holatlarimizni to‘g‘irlab, Robbimiz bilan aloqamizni mustahkamlaydigan kunlar oldida turibmiz.
Alloh taolo ushbu oyda qiladigan ibodatlarimizni O‘z dargohida husni maqbul aylasin!
Abdussami’ Ergashev tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Tolha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdim. U zotning qo‘llarida bir behi bor edi. Uni menga irg‘itib: “Ol senga, ey Abu Muhammad behi yurakni baquvvat qiladi”, dedilar».
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, har yili taxminan 17,9 million kishi yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etadi. Manbalarga ko‘ra, 2022 yilda bu ko‘rsatkich soni qariyb 20 millionga yetgan. 2050 yilga kelib o‘lim soni 73 foizga oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Yurak yetishmovchiligi kasalligi ham keng tarqalgan yurak qon-tomir xastaliklaridan biri hisoblanadi. Ushbu kasallikning kelib chiqishiga quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
1. Tuzni ortiqcha iste’mol qilish
Tuzni ortiqcha iste’mol qilish yurak etishmovchiligi rivojlanishining asosiy omillaridan biridir. Tuz tanadagi suvni ushlab turadi, bu esa qon bosimining oshishiga olib keladi. Vaqt o‘tishi bilan yurakni zaiflashtiradi. Natijada yurak etishmovchiligini keltirib chiqaradi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kattalar kuniga 2000 mg dan ko‘p bo‘lmagan natriy iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Ammo ko‘p odamlar bu me’yorni buzishlari kuzatiladi.
Shuning uchun konserva va tuzli gazaklardan voz keching. Tuz o‘rniga ziravor va o‘tlardan foydalaning.
2. Harakatsiz hayot tarzi
Zamonaviy hayot ko‘pincha uzoq vaqt o‘tirish bilan bog‘liq – kompyuterda, mashinada yoki uyda. Jismoniy faollikning etishmasligi bevosita yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi. Doimiy mashqlar qon aylanishini yaxshilaydi, vaznni nazorat qilishga yordam beradi va qon bosimini pasaytiradi.
Haftasiga kamida 1,5 yoki 2 soat jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullanishga harakat qiling. Kun davomida qisqa tanaffuslar qiling: bir necha qadam yuring, yengil mashqlar qiling.
3. Chekish va spirtli ichimliklar iste’mol qilish
Spirtli ichimlik v chekish – yurak-qon tomir kasalliklari uchun eng xavfli omildir. Qon tomirlariga zarar etkazadi, qon bosimini oshiradi va qondagi kislorod darajasini pasaytiradi.
Agar siz cheksangiz, chekishni tashlash uchun harakat qiling. Kerakli dori-darmonlar iste’mol qiling yoki maxsus dasturlardan foydalaning.
4. Surunkali stress va uyqu etishmasligi
Stress va uyqusizlik yurak sog‘lig‘iga putur etkazadi. Asabiylik kortizol darajasini oshiradi, bu esa qon bosimining oshishiga va yurak-qon tomir tizimining shikastlanishiga olib keladi.
Uyquning etishmasligi tananing tiklanishiga to‘sqinlik qiladi, metabolizmni buzadi va semirish, gipertoniya va diabetga hissa qo‘shadi – bularning barchasi yurak etishmovchiligi uchun xavf omillari sanaladi.
Kuniga 7-8 soat uxlang. Yotishdan oldin gadjet, telefonlardan foydalanmang, yotoqxonada sukunat, salqinlik va qulaylikni ta’minlang.
Davron NURMUHAMMAD