Ramazon – o‘zi bilan bog‘liq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.
Qo‘lchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, ko‘cha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.
Nimagadir qoqinib, qo‘lidagi nisholda yer bilan bitta bo‘lgan go‘dakni turg‘izib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda to‘ldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.
“Birpasda tugab qoldi-ya ro‘za”, deb ko‘zyosh to‘kayotgan buvisini ko‘rib: “Ertaga hayit bo‘ladigan kunda ham yig‘laydimi?” deya o‘ylanayotgan kichkintoy ko‘zidagi hayratdir Ramazon.
Kattalarning murg‘ak ko‘ngil ishtiyoqini so‘ndirmaslik uchun “Yosh bolalar ro‘zani ikkiga bo‘lib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini to‘yg‘azib, iftor paytida hamma bilan birga og‘iz ochayotgan kichkintoy qalbida ko‘z ochgan ibodatga muhabbatdir.
Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimog‘ini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab o‘tirgan bolakayda shakllanayotgan sabr ko‘nikmasidir Ramazon.
Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina jo‘vasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.
Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini o‘zicha tushunib, ertalabgacha o‘tirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uyg‘onib o‘ksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham so‘zlaridir Ramazon.
Bobosi, dadasi, amaki-tog‘asi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qo‘g‘irchog‘ini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas ko‘ylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...
Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murg‘ak ko‘ngillarimizda Ramazonga muhabbat uyg‘otgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulug‘larimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!
Endi o‘zimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, ro‘zaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng go‘zal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmog‘imiz lozim”, deyishga esa hojat yo‘q. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bog‘liq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.
Ramazonni hurmatiga munosib o‘tkazish, jajji ko‘ngillarda bu oy bilan bog‘liq eng go‘zal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!
Zumrad Foziljon qizi
Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Sayyid Yahyo Bokuviyning boy ma’naviy merosiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yopilish marosimi ramziy ma’noga ega bo‘lgan tarixiy Ag‘dam shahrida o‘tkazildi. Unda turkiy davlatlar, arab-musulmon mamlakatlari diniy peshvolari, ulamolar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bugungi murakkab davrda tinchlik va hurlik eng bebaho ne’mat ekanini alohida ta’kidlab, ummat birligi, hamjihatlik va diniy-ma’rifiy aloqalarni mustahkamlash zaruratiga to‘xtaldilar. Shuningdek, davlat Rahbarlari o‘rtasidagi samimiy birodarlik va oliy darajadagi o‘zaro tashriflar xalqlarimiz tarixida yangi sahifa ochganini e’tirof etdilar.
Yig‘ilishda Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ham so‘zga chiqib, yaqinda bo‘lib o‘tgan Ozarbayjon yetakchisining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi va imzolangan "Abadiy do‘stlik shartnomasi" qardoshlik munosabatlarimizni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Anjuman yakunida Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda janoblarining taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlar va butun islom ummati haqqiga xayrli duolar qildilar. Muftiy hazratlari o‘z duolarida el-yurtlarimiz tinchligi, mamlakatlarimiz farovonligi hamda anjumanda ko‘tarilgan muhim masalalar musulmonlar va butun ummat manfaati uchun xizmat qilishini Haq taolodan so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati