Ramazon – o‘zi bilan bog‘liq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.
Qo‘lchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, ko‘cha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.
Nimagadir qoqinib, qo‘lidagi nisholda yer bilan bitta bo‘lgan go‘dakni turg‘izib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda to‘ldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.
“Birpasda tugab qoldi-ya ro‘za”, deb ko‘zyosh to‘kayotgan buvisini ko‘rib: “Ertaga hayit bo‘ladigan kunda ham yig‘laydimi?” deya o‘ylanayotgan kichkintoy ko‘zidagi hayratdir Ramazon.
Kattalarning murg‘ak ko‘ngil ishtiyoqini so‘ndirmaslik uchun “Yosh bolalar ro‘zani ikkiga bo‘lib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini to‘yg‘azib, iftor paytida hamma bilan birga og‘iz ochayotgan kichkintoy qalbida ko‘z ochgan ibodatga muhabbatdir.
Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimog‘ini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab o‘tirgan bolakayda shakllanayotgan sabr ko‘nikmasidir Ramazon.
Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina jo‘vasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.
Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini o‘zicha tushunib, ertalabgacha o‘tirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uyg‘onib o‘ksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham so‘zlaridir Ramazon.
Bobosi, dadasi, amaki-tog‘asi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qo‘g‘irchog‘ini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas ko‘ylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...
Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murg‘ak ko‘ngillarimizda Ramazonga muhabbat uyg‘otgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulug‘larimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!
Endi o‘zimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, ro‘zaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng go‘zal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmog‘imiz lozim”, deyishga esa hojat yo‘q. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bog‘liq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.
Ramazonni hurmatiga munosib o‘tkazish, jajji ko‘ngillarda bu oy bilan bog‘liq eng go‘zal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!
Zumrad Foziljon qizi
Islom shariati taloqni zarurat holatlarida qo‘llaniladigan oxirgi chora sifatida belgilab, uning noto‘g‘ri qo‘llanilishidan ehtiyot bo‘lishni ta’kidlaydi. Asossiz taloq qilish nafaqat oilaviy hayotga, balki jamiyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Islomda taloq muhim masala bo‘lib, uni shoshqaloqlik bilan emas, balki o‘ylab amalga oshirish tavsiya etiladi. Qur’onda Alloh subhanahu va taolo bunday marhamat qiladi: “Agar ular orasida nizolashishdan qo‘rqsangiz, unda erning oilasidan bir hakam va ayolning oilasidan bir hakam tayinlang. Agar ular (hakamlar) yarashishni xohlasalar, Alloh ularning orasini totuv qiladi. Albatta, Alloh (hamma narsani) biluvchi va (hamma narsadan) xabardor Zotdir”.
Mazkur oyatdan anglashiladiki, shariatimiz nizolarni hal qilish uchun qadam-baqadam choralar ko‘rishni talab qiladi va darhol taloqqa murojaat qilishdan qaytaradi.
Shu bilan birga shariatimizda taloq erkakning qo‘lida bo‘lganligining hikmati odatda er kishilar oqilona qarorlar qabul qiladilar. Shuning uchun taloq ishi er kishini qo‘liga topshirilgandir. Hidoya kitobida bu borada bunday deyiladi: “Taloq erning qo‘lida bo‘lishi uning oqibatlarni ko‘proq tushunishi va hissiyotlardan uzoqroq bo‘lishi sababli afzalroqdir”.
Asossiz taloq qilishning oilaviy va ijtimoiy zararlarini quyidagicha izohlash mumkin:
Oila barqarorligiga zarar bo‘lishi asossiz taloq qilish oilaviy barqarorlikni yo‘qotishga olib keladi. Bu haqida “Hidoya”da bunday deyiladi:
“Nizo yuz berganida, taloq qilishga faqat dalillar tasdiqlangandan keyin ruxsat beriladi”.
Taloq farzandlarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar uchun ota-onaning birligi hayotiy muhim omildir. "Muxtasar"da bunday ta’kidlanadi:
“Ajralish farzandlar va jamiyat uchun jiddiy zarar keltiradi”.
Ota-onalarning ajralishi jamiyatda yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Asossiz taloq orqali bolalarning tarbiyasi buzilishi va oilaviy qadriyatlarning yo‘qotilishi kuzatiladi.
Taloqning iqtisodiy zararlari shuki, ajralish oilaning iqtisodiy barqarorligiga putur yetkazadi. “Inoya”da bu haqda bunday deyiladi: “Taloq oilaning moliyaviy barqarorligini yo‘qotadi”.
Ajrimda ayollarning obro‘siga zarar yetishi turgan gap. Chunki ajralish ko‘pincha jamiyatda noto‘g‘ri tushuniladi. “Hidoya”da bu borada bunday deyiladi: “Ayolni taloq qilish uni odamlar orasida gap-so‘zlarga duchor qiladi”.
Ajrimlarning bolalar tarbiyasiga ta’siri shuki, bolalar kerakli tarbiyadan mahrum bo‘lishi mumkin. “Muxtasar”da bunday deyiladi: “Taloqning salbiy ta’siri bolalar tarbiyasida yaqqol namoyon bo‘ladi”.
Demak taloqni amalga oshirishdan oldin vaziyatni to‘liq baholash va maslahatlashish zarur ishlardan hisoblanar ekan. “Inoya”da bu borada bunday deyiladi: “Er taloq qarorini qabul qilishdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rishi lozim”.
Shu bilan birga shariatimiz nizolarni hal qilishda bosqichma-bosqich yondashuvni tavsiya etadi: nasihat qilish, vaqtinchalik alohida yashash va hakamlar tayinlash. “Inoyada bu haqda bunday deyiladi: “Taloq faqat yarashish imkonsiz bo‘lgandagina ruxsat etiladi”.
Qolaversa taloqni faqat zarurat holatida amalga oshirish kerak. Taloq faqatgina muhim sabablar mavjud bo‘lgandagina qo‘llanilishi kerak. Shariat ko‘rsatmalariga amal qilish orqali oilani saqlab qolish mumkin. Hamda oilaviy maslahatchilar yordamidan foydalanish ham zarurdir. Nizolarni hal qilish uchun maslahatchilarga murojaat qilish shariatda ma’qullangan amaldir.
Asossiz taloq qilish nafaqat oilaviy hayotga, balki jamiyatga ham salbiy ta’sir qiladi. Islom shariati taloqni zarurat holatida va faqat mas’uliyat bilan qo‘llashni ta’kidlaydi. Bu borada shariatning ko‘rsatmalariga amal qilish oilalarni saqlab qolishda va jamiyatdagi barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Shamsiddin BURHONIDDINOV,
Toshkent Islom instituti 4 kurs talabasi.