Ramazon – o‘zi bilan bog‘liq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.
Qo‘lchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, ko‘cha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.
Nimagadir qoqinib, qo‘lidagi nisholda yer bilan bitta bo‘lgan go‘dakni turg‘izib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda to‘ldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.
“Birpasda tugab qoldi-ya ro‘za”, deb ko‘zyosh to‘kayotgan buvisini ko‘rib: “Ertaga hayit bo‘ladigan kunda ham yig‘laydimi?” deya o‘ylanayotgan kichkintoy ko‘zidagi hayratdir Ramazon.
Kattalarning murg‘ak ko‘ngil ishtiyoqini so‘ndirmaslik uchun “Yosh bolalar ro‘zani ikkiga bo‘lib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini to‘yg‘azib, iftor paytida hamma bilan birga og‘iz ochayotgan kichkintoy qalbida ko‘z ochgan ibodatga muhabbatdir.
Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimog‘ini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab o‘tirgan bolakayda shakllanayotgan sabr ko‘nikmasidir Ramazon.
Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina jo‘vasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.
Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini o‘zicha tushunib, ertalabgacha o‘tirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uyg‘onib o‘ksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham so‘zlaridir Ramazon.
Bobosi, dadasi, amaki-tog‘asi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qo‘g‘irchog‘ini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas ko‘ylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...
Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murg‘ak ko‘ngillarimizda Ramazonga muhabbat uyg‘otgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulug‘larimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!
Endi o‘zimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, ro‘zaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng go‘zal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmog‘imiz lozim”, deyishga esa hojat yo‘q. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bog‘liq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.
Ramazonni hurmatiga munosib o‘tkazish, jajji ko‘ngillarda bu oy bilan bog‘liq eng go‘zal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!
Zumrad Foziljon qizi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.
Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.
— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.
ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.
— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.