Ramazon – o‘zi bilan bog‘liq shirin-shirin xotiralarni har damgidan ham yorqinroq yodga soladigan ajib fursat.
Qo‘lchalaridan birida pul, bittasida idishni mahkam ushlab, ko‘cha boshiga nisholda olishga ketayotgan bola qalbidagi quvonchdir Ramazon.
Nimagadir qoqinib, qo‘lidagi nisholda yer bilan bitta bo‘lgan go‘dakni turg‘izib, ust-boshini qoqib, yana boshqa kosaga nisholda to‘ldirtirib bergan bobo haqidagi xotiralardir.
“Birpasda tugab qoldi-ya ro‘za”, deb ko‘zyosh to‘kayotgan buvisini ko‘rib: “Ertaga hayit bo‘ladigan kunda ham yig‘laydimi?” deya o‘ylanayotgan kichkintoy ko‘zidagi hayratdir Ramazon.
Kattalarning murg‘ak ko‘ngil ishtiyoqini so‘ndirmaslik uchun “Yosh bolalar ro‘zani ikkiga bo‘lib tutadi”, degan gaplari sabab tushda qornini to‘yg‘azib, iftor paytida hamma bilan birga og‘iz ochayotgan kichkintoy qalbida ko‘z ochgan ibodatga muhabbatdir.
Iftorlik dasturxoniga tayyorlangan taomlarning yoqimli isi dimog‘ini qitiqlasa ham, bobosi gapiga kirib odob saqlab o‘tirgan bolakayda shakllanayotgan sabr ko‘nikmasidir Ramazon.
Bir oy davomida iftorlikka tansiqroq narsa pishirish uchun erinmay supra ochadigan onasi, opalari qavatida kichkina jo‘vasida jiddiyat bilan somsaga xamir yoyayotgan qizchaning urinishlaridir.
Qadr kechasi uxlamay chiqish yaxshiligini o‘zicha tushunib, ertalabgacha o‘tirishga qaror qilgan, biroq iftordan keyinoq uxlab qolgan, tong otganida uyg‘onib o‘ksinayotgan sabiyni quchib tasalli berayotgan onaning jonga malham so‘zlaridir Ramazon.
Bobosi, dadasi, amaki-tog‘asi, akalari bergan hayitlik pullariga orzu qilgan qo‘g‘irchog‘ini olish uchun shoshayotgan, egnidagi yangi atlas ko‘ylagining shitirlashiga quvonib chopayotgan qizaloqning shodliklaridir...
Aslida shular emasmi hali juda kichkinaligimizdan murg‘ak ko‘ngillarimizda Ramazonga muhabbat uyg‘otgan? Ana shu xotiralar emasmi bizga Ramazonni yanada aziz, yanada sevimli qilgan? Bobolarimiz, buvilarimiz, ota-onalarimiz, yoshi ulug‘larimizning eng katta xizmatlaridan bittasi shu ekani rost-ku!
Endi o‘zimiz ham kattalar qatoridamiz. Farzandlarimiz qalbida Ramazonga, ro‘zaga ishtiyoq, muhabbat, shavqni shakllantirish, ular yodida eng go‘zal xotiralarni qoldirish bizning zimmamizda. “Buning uchun unday qilishimiz kerak, bunday qilmog‘imiz lozim”, deyishga esa hojat yo‘q. Bolaligimiz Ramazonlari bilan bog‘liq xotiralarni, kattalarning xatti-harakatlarini eslasak, kifoya.
Ramazonni hurmatiga munosib o‘tkazish, jajji ko‘ngillarda bu oy bilan bog‘liq eng go‘zal taassurotlarni qoldirish barchamizga nasib qilsin!
Zumrad Foziljon qizi
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati