Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Dekabr, 2025   |   7 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:05
Xufton
18:23
Bismillah
27 Dekabr, 2025, 7 Rajab, 1447

Fitr sadaqasi

15.05.2020   6011   4 min.
Fitr sadaqasi

Fitr sadaqasi nisob miqdoridagi mol-mulkka ega hur va musulmon bo‘lgan kishilar uchun hayt tongida ado qilishi vojib bo‘lgan sadaqadir. Fitr sadaqasining vojib ekanligida o‘ziga xos hikmatlar bor.  

عن ابن عباس قال فرض رسول الله صلى الله عليه وسلم زكاة الفطر طعمة للمساكين وطهرة للصيام من اللغو والرفث فمن أدى قبل الصلاة فهي زكاة مقبولة ومن أداها بعد الصلاة فهي صدقة من الصدقات رواه أبو داود و الدارمي

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Rasullulloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini ro‘zador uchun behuda gap-so‘z va harakatlardan poklanish va miskinlar uchun taomlanish bo‘lishi uchun farz qildilar. Kim uni hayt namozdan oldin ado qilsa, u maqbul sadaqadir. Kim uni hayit namozdan keyin ado qilsa,  sadaqalardan bir sadaqani bo‘ladi”-dedilar. Abu Dovud va Doramiy rivoyat qiladi.

Ushbu hadisi sharifdan fitr sadaqasining hukmini va uning savobini topish bilan birgalikda ikkita hikmat va foyda ko‘zda tutilishi ma’lum bo‘ladi. 

Birinchi hikmati va foydasi fitr sadaqasi ramazon ro‘zasini xato va kamchiliklardan poklaydi. Shuning uchun Vake’ ibn Jarroh “Ramazon oyining fitr sadaqasi xuddi namozning sahv sajdasiga o‘xshaydi. Namozning vojib amali tark bo‘lgan vaqtda sahv sajdasi namozni to‘g‘rilagandek, fitr sadaqasi ro‘zaning kamchiliklarini to‘g‘rilaydi” -deydi. Lekin biror uzr bilan ro‘za tutolmagan kishilar ham, ro‘za tutish vojib bo‘lmagan yosh bolalarga ham  fitr sadaqasini berish vojib bo‘ladi. 

Ikkinchi hikmati va foydasi hayit kunida kambag‘al va miskinlar, yetim va bechoralarni xursand qilish, ularning ochliklarini ketkazib, haqiqiy bayram kayfiyatini ularga berishdir. Shuning uchun ham fitr sadaqasini hayit kuni tong vaqtida berish vojib bo‘ladi. Ammo, ramazonning avvalida, oldindan bersa joiz. Hayit namozidan keyinga qoldirmaslik kerak. Namozdan keyinga qolsa ham soqit bo‘lmaydi. Hattoki, zimmasiga vojib bo‘lgandan so‘ng inqirozga uchrab kambag‘al bo‘lgandan keyin ham fitr sadaqa soqit bo‘lmaydi.  

 Fitr sadaqasi vojib bo‘lish shartlari.

  1.    Hur bo‘lish.

Fitr molyaviy ibodatlardan bo‘lgani uchun hur bo‘lmagan kishilarga vojib bo‘lmaydi. Chunki qulning mol-mulki bo‘lmaydi. Balki, qul xojasining mulki bo‘ladi. Agar xojasiga fitr sadaqa vojib bo‘lsa, xizmat qilib turgan qulning ham fitr sadaqasini berish xojasiga vojib bo‘ladi.

  1.    Musulmon bo‘lish.

Fitr sadaqasi ibodat va u bilan qurbat (savob) hosil bo‘ladi. Ibodatlarning to‘g‘ri bo‘lishi uchun xolis Alloh uchun degan niyat bo‘lishi lozim. Bunday niyat esa faqat musulmon kishidangina durust bo‘ladi.

  1.    Nisob miqdoridagi mulkka ega bo‘lish.

Fitr sadaqasi molyaviy ibodat bo‘lgani uchun ma’lum bir miqdordagi mol-mulkka ega kishiga vojib bo‘ladi. Faqir va miskinlarga vojib bo‘lmaydi.

عن أبي هريرة: لا صدقة إلا عن ظهر غني رواه أحمد 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasullulloh sollalohu alayhi vasallam sadaqa boylikni orqasidan vojib bo‘ladi” –dedi. Imom Ahmad rivoyat qiladi.

Rasullulloh sollalohu alayhi va sallam ushbu hadisi sharifda fitr sadaqni vojib bo‘lishi boy bo‘lgan, ma’lum bir moddiy quvvati bor kishiga vojib bo‘lishini bayon qilmoqda. Islom dini yengil, uning molyaviy ibodati ham yengil bo‘lishi kerak. Sadaqani yengil ado qilinishi ma’lum miqdordagi nisobga ega bo‘lgandan keyin bo‘ladi.

Ammo shu narsa bilish kerakki, zakotning nisobi boshqa, fitr sadaqasining nisobi boshqa. Zakot nisobi faqat zakot chiqariladigan o‘suvchi mollardan hisob qilinadi. Fitr sadaqasining nisobi esa asliy hojatdan (ishlatilib turgan mol-mulkdan) tashqari mol-mulklar ham hisob qilinadi. Ushbu fitr sadaqasini nisobiga ega kishiga o‘zining va balag‘otga yetmagan faqir farzandining fitr sadaqasi vojib bo‘ladi. Xotinining, balag‘otga yetgan farzandining va balag‘otga yetmagan boy farzandining fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi. Lekin mazkurlarni fitr sadaqasini bersa ado topadi. Shu boylikka ega kishiga boshqalarning zakotini, sadaqasini va nazrini olmoq harom bo‘ladi. Shuningdek qurbonlik qilish va nafaqasiz qolgan mahram qarindoshlarning nafaqasini qilish vojib bo‘ladi.

Fitr sadaqasi zakot beriladigan kishilarga berish bilan ado topadi.

 

 Jaloliddin Xolmo‘minov

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus bilim yurti, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

22.12.2025   8795   2 min.
Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.

Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan. 

Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi. 

Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.

Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas. 

Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi. 
 
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)

Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,

islomiy ilmlar kulliyasi doktori

*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi

MAQOLA