Mufti as-saqolayn Imom Najmiddin Abu Hafs Nasafiy hazratlari islom olamida benazir zotlardan biridir. Tafsir, hadis, fiqh, usul ul-fiqh, lug‘at, adab va boshqa ilmlarda mohir bo‘lib, ushbu fanlarga doir o‘zidan qimmatli asarlar qoldirgan.
“Tilbatut talaba” asari shulardan biri bo‘lib, islom olamida ilk fiqhga oid ensiklopedik kitobdir. Kitobning ro‘za bobida, Imom Nasafiy ramazon va uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini ta’riflab, undagi ma’nolarning hikmatini quyidagicha keltiradi:
“رمضان” — irmoz (إرماض) so‘zining o‘zagidan yasalgan bo‘lib, uning bir necha ma’nolari bor. Shulardan biri:
— “kuydirish” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon ro‘zasi bandaning gunohlarini kuydiradi, uni o‘chiradi.
— “o‘tkirlash”, “charxlash” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon qalblarni bu oyda ibodat va yaxshiliklarni ko‘paytirishga charxlaydi, uni o‘tkirlaydi.
— “kutish”, “intizor bo‘lish” ma’nosi. Ya’ni, bu oyda mo‘minlar Alloh taoloning savob va mukofotini intizor bo‘lib kutadi.
— “charchatish”, “holdan toydirish” ma’nosi. Arablarda “رمضت الظبي” iborasi mavjud bo‘lib, bu so‘z kiyikni ovlagan ovchiga nisbatan ishlatiladi. Uning ko‘rinishi quyidagicha:
— odatda kiyik chaqqon jonivor bo‘lib, ovchining to‘riga tushishi qiyin. Uni ovlash uchun, ovchi uning izidan tushadi va qizib turgan toshloq yerga uni haydab boradi (arab diyorlarida issiq qattiq bo‘lganidan, qum va toshloq ustida ovqat tayyorlash mumkin). Uning ustida kiyikning tuyoqlari nozik bo‘lgani uchun kuyadi, qavarib ketadi va to‘xtab qoladi. Natijada, ovchi uni osongina qo‘lga kiritadi.
Ramazoni sharifning bunday nomlanishidagi hikmat shuki, mo‘min kishi Alloh taolo tomonidan bu oyda ro‘za tutish va kechalarini qoim qilishga buyuriladi. Kunduzi ro‘zador bo‘lib, och qoladi, chanqaydi, charchaydi. Kechalarini bedor o‘tkazib holdan toyadi, kuchi ketadi. Natijada, shahvat-u lazzatlariga berilishidan to‘xtaydi va o‘zini Alloh subhanahu va taologa batamom topshiradi. Ya’ni, Ramazon oyi bamisoli qizib turgan toshloq bo‘lib, uning ustida mo‘min kishi o‘zining Alloh taoloning bandasi va quli ekanligi tan oladi va U zotga o‘zini topshiradi”.
Bundan ko‘rinib turibdiki, Ramazoni sharif savobu mukofotlarga to‘la va g‘animat bilishga haqli oydir. Zero, bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, unda ming oydan afzal Qadr kechasi bor. Eng asosiysi, hadisi qudsiyda Alloh taolo bu oyni O‘zining oyi ekanligi va unda qilingan ibodatning savobini O‘zi berishini ta’kidlagan.
Alloh taolodan bu oyning sharofatidan to‘la manfaat olgan holda, O‘zining va Rasuli (sallallohu alayhi vasallam)ning roziligini topib, onadan tug‘ilgan kundagiday gunohlardan poklanib chiqishimizni nasib aylasin!
Xalilulloh YUSUF
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taolo ummatni birlik, mehr-oqibat va birodarlik asosida yashashga buyurgan. Biroq tarix davomida musulmonlarning safini buzish, ular orasiga adovat va nizo urug‘ini sochishga uringan kimsalar hamisha topilgan. Shuning uchun har bir mo‘min fitnaning xavfini anglab, uning domiga tushib qolmaslik uchun doimo hushyor bo‘lishi lozim.
Avs va Xazraj voqeasi — fitnaning achchiq sabog‘i
Madina ahlidan bo‘lgan Avs va Xazraj qabilalari Islomdan oldin uzoq yillar davomida o‘zaro adovat va qirg‘inbarot janglarda yashar edilar. Ayniqsa, “Buos” kunida sodir bo‘lgan qattiq jang ikki tomonning qalbida og‘ir iz qoldirgan edi. Alloh taolo ularni Islom ne’mati bilan sharaflab, qalblarini birlashtirdi. Kechagi dushmanlar bugun bir-birining jonidan aziz birodarlarga aylandilar. Ammo musulmonlarning bu ahilligini ko‘ra olmagan ba’zi dushmanlar ular orasiga fitna solishni maqsad qildilar.
Bir kuni ular Avs va Xazraj vakillariga “Buos” kunidagi voqealarni, jangdagi qahramonlik va faxrlanishga arziydigan holatlarni eslata boshladilar. Avvaliga oddiy suhbat bo‘lib ko‘ringan bu gaplar asta-sekin bahsga, bahs esa janjalga aylandi. Hatto ikki qabila yana qurol ko‘tarib, o‘zaro jang qilish darajasigacha yetib bordi. Bu xabar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga yetgach, u zot sahobalari bilan darhol ularning oldiga bordilar va shunday dedilar:
"Ey musulmonlar jamoasi! Allohdan qo‘rqmaysizlarmi?! Men hali orangizda bo‘la turib, sizlar johiliyat da’volariga chaqirilasizlarmi?! Alloh sizlarni Islomga hidoyat qilganidan, uning sababidan sizlarni aziz qilganidan, johiliyat ishlaridan qutqarganidan va qalblaringizni bir-biriga ulfat qilganidan keyin yana shu holatgami qaytmoqchisizlar?!".
Shunda ular o‘zlariga kelib, dushman makriga aldanganlarini angladilar. Ikki tomon yig‘lab, bir-birini quchoqlab, kechirim so‘radilar va fitna o‘chog‘i so‘ndi. Bu voqea Islom tarixida musulmonlarning dushman fitnalariga qanchalik tez aldanib qolishlari mumkinligini, ammo Qur’on va Sunnatga qaytish orqali har qanday nizoni bartaraf etish mumkinligini ko‘rsatib beradi.
Qur’onning birlikka chaqiruvi
Alloh taolo marhamat qiladi: «Barchangiz Allohning arqoniga mahkam yopishingiz va bo‘linib ketmangiz. Allohning sizlarga bergan ne’matini eslangiz: bir vaqtlar bir-biringizga dushman edingiz, U zot qalblaringizni ulfat qildi va Uning ne’mati bilan birodarlarga aylandingiz» (Oli Imron surasi, 103-oyat).
Yana bir oyatda: «Fitna qatldan ham og‘irroqdir» (Baqara surasi, 191-oyat).
Ushbu oyatlar musulmonlar o‘rtasidagi birlikning naqadar ulug‘ ne’mat ekanini va fitnaning esa jamiyat uchun halokatli ofat ekanini ko‘rsatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ogohlantirishlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Mo‘min mo‘minning birodari. Unga zulm qilmaydi va uni dushmanga tashlab qo‘ymaydi" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Yana bir hadisda: "Bir-biringizga hasad qilmangiz, bir-biringizdan yuz o‘girmangiz, bir-biringizga adovat qilmangiz. Ey Allohning bandalari! Birodar bo‘lingizlar" (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam fitna haqida bunday dedilar: "Fitnalar qorong‘i tun parchalari kabi keladi" (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis mo‘minni har qanday shubhali chaqiriqlar, adovat urug‘ini sochuvchi gaplar va musulmonlarni bo‘lishga qaratilgan harakatlardan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.
Xulosa
Bugungi kunda ham turli ijtimoiy tarmoqlar, asossiz xabarlar, g‘iybat va bo‘htonlar orqali musulmonlar orasiga fitna solishga urinishlar uchrab turadi. Shuning uchun har bir mo‘min eshitgan har bir xabarni tekshirishi, hissiyotga berilmasligi va ummat birligini saqlashni o‘zining muhim vazifasi deb bilishi kerak.
Avs va Xazraj voqeasi bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: musulmonning haqiqiy kuchi uning qurolida emas, balki birligidadir. Qalblar birlashgan joyda Allohning rahmati bo‘ladi, fitna va adovat hukmron bo‘lgan joyda esa baraka ko‘tariladi. Alloh taolo barchamizni fitnalarning oshkorasi va maxfiysidan asrasin, qalblarimizni birodarlik va muhabbat bilan mustahkamlasin.
Ja’farxon SUFIYEV,
TII Modul ta’lim tizimi talabasi, To‘raqo‘rg‘on tuman “Is'hoqxon to‘ra” jome masjidi imom-xatibi