Ro‘za - foydalari eng ko‘p ibodatdir. Unda ruhiy foydalar bilan birga boshqa foydalar ham bor. Quyida qisqacha tarzda u foydalar yoziladi:
Nafs ustidan aql g‘olib va nazoratchi bo‘ladi. U juda katta foydadir. Darhaqiqat butun Qur’on va Hadis ayni shu narsaga chorlaydiki, inson aqli pok bo‘lsin va nafs mag‘lub bo‘lsin. Ro‘zada bu narsa eng mukammal darajada topiladi. Chunki, ro‘za shahvat va g‘azab ustidan g‘olib keladi. U ikkisi ko‘p yeb-ichishlik va xurofotlardan paydo bo‘ladi.
Inson tabiatida yaxshilik va fazilat paydo bo‘ladi. Malakutiyat sifati ya’ni, farishtalarning sifatlari unda namoyon bo‘ladi. Alloh ta’ologa xos qurbat hosil bo‘ladi. Chunki, inson Allohning muhabbatida o‘zining yeb-ichishi va aslida joyiz bo‘lgan nafsoniy xohishlari yani, o‘zining ayoli ila jinsiy yaqinlikni ham tark qiladi. Avvaldan man’ qilingan va harom bo‘lgan xohishlarga esa yaqin ham kelmaydi.
Aql quvvatida ziyodalik bo‘ladi. Qachonki, shahvat va g‘azab quvvati mag‘lub bo‘lsa, aql quvvati ziyoda bo‘lishi aniq va aql o‘z ishini mukammal qiladi. Ya’ni, inson najoti unga bog‘liq bo‘lgan ishlar, namozga g‘ayrat, tarovehga g‘ayrat, tilovatga g‘ayrat, Allohning zikriga g‘ayrat, zakot va Allohning yo‘lida infoq qilishga g‘ayrat, o‘zgalarga xayrxohlik va hamdardlik qayg‘usi paydo bo‘ladi. Shuningdek, hadisi shariflarda ishora qilingan boshqa yaxshi xayollar uning tabiatida paydo bo‘ladi. Masalan, bu sabr oyidir, g‘amxo‘rlik oyidir. Ayni mana shu solih amallar va hasanotlar sababidan barakalar nozil bo‘ladi, zohiriy barakalar ham nozil bo‘ladi va botiniy barakalar ham. Mana shu, bu oyda mo‘minning rizqi ziyoda bo‘ladi deyilganidir.
"Sadoye haq"- jurnalidan. 2019-yil, aprel-may soni.
Abdulqayyum Komil tarjimasi.
Savol: O‘qilgan namozimdan ko‘nglim to‘lmadi. Shu namozni qayta o‘qishim kerakmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu masalaning biroz tafsiloti bo‘lib, unga ko‘ra namoz quyidagi holatlarda qayta o‘qilishi lozim:
• Namozda biror farz amal bajarilmay qolib ketgan bo‘lsa;
• Namozda biror vojib amal qasddan bajarilmay qolib ketsa;
• Namozda biror vojib amal unutib bajarilmasa va namoz oxirida sajdai sahv ham qilinmay tugatilgan bo‘lsa.
Agar namozda sunnat amallar tark qilingan bo‘lsa yoki namoz makruhlik bilan o‘qilgan bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qish vojib emas, balki mustahab (chiroyli sanalgan) ish hisoblanadi. Ushbu holatda qaytadan o‘qimasa ham gunohkor sanalmaydi.
Savolda so‘ralgan holatga kelsak, ko‘ngil to‘lmasligi yuqorida sanab o‘tilgan farz yoki vojib amal tark qilingan holatlar sababli bo‘lsa, namoz qayta o‘qilishi kerak. Ammo haqiqatda sobit bo‘lmagan shubha-gumonlar, vasvasalar sababli ko‘ngil to‘lmayotgandek bo‘lsa, u holda namozni qayta o‘qilmaydi. Chunki ko‘p hollarda “ko‘nglim to‘lmayapti”, deb namozni qayta-qayta o‘qiyverish insonni o‘ziga bo‘lgan ishonchini yo‘qotadi va vasvasa kasaliga chalinishiga olib keladi.
Shunday ekan, namozda bajariladigan farz, vojib, sunnat amallar haqida yaxshi o‘rganish, eng asosiysi turli xayollarga chalg‘imasdan namozni e’tibor bilan ado etish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.