“Duxon” so‘zi “tutun” ma’nosini bildiradi. Suraning 10-oyatida tutun haqida so‘z yuritilgan. Shuning uchun sura “Duxon” deb nomlangan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Kim kechasi Duxon surasini o‘qisa, yetmish ming farishta tonggacha uning haqiga istig‘for aytib chiqadi”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Duxon surasi aynan qaysi kechada o‘qilishi aytilgan: “Kim Duxon surasini juma kechasida o‘qisa, (gunohlari) mag‘firat etiladi” (Imom Termiziy rivoyati).
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim Duxonni juma kechasi yoki juma kuni o‘qisa, Alloh unga jannatda bir uy quradi”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Abdulloh ibn Iso rahimahulloh aytadilar: “Menga xabar qilinishicha, kim Duxon surasini juma kechasi – imon keltirgan, tasdiqlagan holda – o‘qisa, tong otganda gunohlari kechirilgan bo‘ladi”.
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.