Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar (bir kishi) unutib bir narsa yesa, ichsa, ro‘zasini tugal qilsin. Albatta uni Alloh taolo taomlantiribdi, serob qilibdi”. (Buxoriy rivoyati)
Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: “Rosululloh solallohu alayhi vasallam aytdilar: “Uch narsa ro‘zadorning og‘zini ochmaydi: “Hijoma, qusish va ehtilom”. (Sunani Termiziy)
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Payg‘ambarimiz salollohu alayhi vasallamning oldilariga kelib ko‘zi og‘riyotganidan shikoyat qilib: “Ro‘zador holatimda surma qo‘ysam bo‘ladimi?” dedi. U zot: “Ha”, dedilar. (Sunani Termiziy)
Termiziy aytadilar: “Ahli ilmlar ro‘zador uchun surma qo‘yish borasida har xil fikr aytganlar. Ba’zilar makruh degan – Sufyon, Ibn Muborak va Ahmadlar, ba’zilar esa ruxsat berishgan – Shofe’iy, Anas, Hasan, Ibrohimlar”. (Sahih Buxoriy)
10. Agar junub bo‘lib tong ottirsa, ro‘zani buzmaydi. Chunki, Oisha roziyallohu anhodan qilingan rivoyatda Payg‘ambarimiz junub bo‘lib tong ottirganlar, g‘usl qilib ro‘zalarini tutganlar. Ramazon kechasining barchasi tong otgunga qadar er-xotin aloqalariga halol qilingandir.
11. Kunduzi tishlari orasidagi no‘xatdan kichik taomni yutib yuborsa, ro‘zaga ta’sir qilmaydi. Chunki, ozgina naradan saqlanishning iloji yo‘q. Agar no‘xatdan katta narsani yutib qo‘ysa yoki o‘sha kichik narsani og‘zidan chiqarib turib yana qayta og‘ziga solsa – ro‘za buzilishiga sabab bo‘ladi. Vallohu A’lam.
“Fiqhul hanafiy va adillatu” kitobidan
N.Saidakbarova tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘g‘illari Ibrohim endigina o‘n olti oylik bo‘lganida unga o‘lim yaqinlashdi. Rasululloh alayhissalom Moriya onamizning qo‘lidagi farzandiga qarab: “Ey Ibrohim, sen uchun qo‘limdan hech narsa kelmaydi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kenja farzandlari Ibrohim vafot etdi. Uni ko‘tarib tuproqqa qo‘ydilar va: “Ey Ibrohim, agar oldingga farishtalar kelsa, ularga Robbim Alloh, otam Rasululloh, dinim Islom, deb aytgin”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ortlariga qarab, Umar roziyallohu anhuning yig‘layotganlarini ko‘rdi. “Ey Umar, nima uchun yig‘layapsiz?” dedilar.
Hazrati Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasululloh! O‘g‘lingiz balog‘at yoshiga ham yetmadi, taqdir qalami unga hech narsa yozmadi, tavhid kalimasini talqin qilishga hojat bo‘lmadi. Shu holda ham savol-javob bo‘lishidan ogoh etyapsiz. Endi Ibn Xattobning holi ne kecharkin, deb o‘ylayapman. Axir u balog‘atga yetgan, taqdir qalami uning qilgan amallarini yozgan, o‘lim vaqtida sizdek o‘rgatuvchi topa olmasa, nima qiladi?” dedi.
Umar roziyallohu anhuning xavotirli savoliga javob o‘laroq Olamlar Robbidan javob nozil bo‘ldi: “Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so‘z ila sobitqadam qilur. Alloh zolimlarni zalolatga ketkazur. Alloh xohlaganini qilur” (Ibrohim surasi, 27-oyat).
"Solihlar davrasida" kitobidan