Ma’lumki, inson ijtimoiy mavjudot. U hayoti davomida muayyan jamiyat a’zosi bo‘lishi va o‘zaro alaoqalarda faol bo‘lishi uning tabiati va fitratiga mos. Lekin ushbu faoliyati uning o‘zligini anglashi va Robbisini tanishi hamda Unga nisbatan bandachilik qilishidan to‘sib qo‘ymasligi darkor. Shuning uchun ham musulmon inson vaqti-vaqti bilan qilgan ishlarini sarhisob qilishi uning ruhiy tarbiyasi, qalb musaffoligi va imonining mustahkamligi uchun zarur omil hisoblanadi. ana shu ma’nolar yuzasidan Islom shariatida “e’tikof” deb nomlanuvchi ulkan savoblarga ega bo‘lgan amal joriy qilingan.
“E’tikof” lug‘atda bir narsani ushlab turish va bir joyda turish ma’nolarini ifodalaydi. Shar’iy istilohda esa – ro‘zador insonning niyat ila jamoat masjidida ma’lum muddat turishi tushuniladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir qator hadisi shariflar rivoyat qilingan bo‘lib, ularda e’tikofning fazilati, foydalari va oxiratda ko‘plab ajr-savoblarga sabab bo‘lishi bayon qilingan. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda payg‘ambar alayhissalom:
هُوَ يَعْكِفُ الذُّنُوبَ وَيُجْرِى لَهُ مِنَ الْحَسَنَاتِ كَعَامِلِ الْحَسَنَاتِ كُلِّهَا
“U gunohlardan ushlaydi va e’tikof o‘tiruvchi uchun barcha yaxshiliklarni qiluvchi kabi yaxshiliklarni joriy qiladi”, deganlar”[1].
Inson masjidda ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi orqali turli gunohlardan uzoq bo‘lishi, ularni amalga oshirishdan saqlanishi imkoniga ega bo‘ladi. Shu bilan birga Alloh taoloni zikr qilish, Qur’on tilovat qilish yoki boshqa nafl ibodatlar bilan mashg‘ul bo‘lish orqali kishi o‘z nafsini solih amallar qilishga odatlantirishi mumkin. Shuning uchun ham ulamolar mazkur hadis sharhida “ushbu hadisda e’tikofning ijobiy ta’siri o‘laroq Alloh taolo e’tikof o‘tirgan bandani keyinchalik ham gunohlardan saqlashiga dalolat bor”, deya ta’kidlaganlari bejiz emas.
Qolaversa, ushbu hadisdan e’tikof o‘zida ko‘plab yaxshi amallarning savobini jamlaganini, e’tikof o‘tirgan banda barcha yaxshiliklarni amalga oshirgandek ajrga ega bo‘lishini bilib olishimiz mumkin.
Boshqa bir hadisda Ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabrlari yonida turib quyidagilarni aytganlari rivoyat qilinadi:
سَمِعْتُ صَاحِبَ هَذَا الْقَبْرِ يَقُولُ: مَنْ مَشَى فيِ حَاجَةِ أَخِيْهِ وَبَلَغَ فِيْهاَ كَانَ خَيْراً لَهُ مِنْ اِعْتِكافِ عَشْرِ سِنِيْنَ وَمَنِ اعْتَكَفَ يَوْماً اِبْتِغَاءَ وَجْهِ اللهِ تَعَالَى جَعَلَ الله بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّارِ ثَلاَثَ خَنَادِقَ أَبْعَدَ مِمَّا بَيْنَ الخَافِقَيْنِ
“Men ushbu qabr sohibini: “Kim o‘z do‘stining hojati uchun yurib, uni chiqarsa, unga o‘n yil e’tikof o‘tirgandan yaxshi bo‘lur. Kim Allohning roziligini tilab bir kun e’tikof o‘tirsa, u bilan do‘zax orasini osmon va yer kengligicha bo‘lgan uch xandaq masofada uzoq qiladi”, deganlarini eshitdim”[2].
E’tikof aslida savobli amal. Uning savoblar ko‘paytirib beriladigan muborak oy – ramazon oyida bo‘lishi esa ulkan ajrlarga sabab bo‘ladi. Qolaversa, ushbu odat Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir. Bu borada ko‘plab hadislar va sahobai kiromlarning asarlari rivoyat qilingan. Mashhur sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu shunday deydilar:
كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعْتَكِفُ فِي كُلِّ رَمَضَانَ عَشْرَةَ أَيَّامٍ فَلَمَّا كَانَ الْعَامُ الَّذِي قُبِضَ فِيهِ اعْتَكَفَ عِشْرِينَ يَوْمًا
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam har Ramazonda o‘n kun e’tikof o‘tirar edilar. Vafot etgan yillari yigirma kun e’tikof o‘tirdilar”[3].
Boshqa rivoyatlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ramazonning aynan qaysi kunlarida e’tikof o‘tirganlari ochiq bayon qilingan. Jumladan, Imom Buxoriy va Imom Muslim o‘z “sahih”larida keltirgan rivoyatda Oisha onamiz roziyallohu anho u zotning ushbu odatlarini quyidagicha yodga olganlar:
كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعْتَكِفُ الْعَشْرَ اْلأَوَاخِرَ مِنْ رَمَضَانَ حَتَّى تَوَفَّاهُ اللهُ ثُمَّ اعْتَكَفَ أَزْوَاجُهُ مِنْ بَعْدِهِ
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etgunlaricha Ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirar edilar. So‘ngra, u zotdan keyin zavjalari o‘tirishdi”.
Fuqaholar ushbu va bundan boshqa ko‘plab hadislardan kelib chiqib, ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirish sunnati muakkada – ta’kidlangan sunnat ekaniga, boshqa kunlari esa mustahab ekaniga ittifoq qilishgan.
Ta’kidlash lozimki, bizning dinimiz rohiblik, tarki dunyochilikni aslo targ‘ib etmaydi. Uning ko‘rsatmalarida har bir musulmon ibodatga berilib jamiyatdagi moddiy, ma’naviy, iqtisodiy va ijtimoiy islohtlarni chetga surib qo‘yishiga da’vat etilmagan. aksincha, musulmonlar doimo bir-birlari bilan umumiy aloqada va hamjihatlikda bo‘lishlari barobarida, mazkur sohalarda faol bo‘lishlariga targ‘ib etiladi. Shari’timizda joriy qilingan har bir ko‘rsatma va amallarda uning yorqin misolini ko‘rish mumkin. Jumladan e’tikofning hukmi borasidagi ulamolarning bir qator fatvolarida ham ana shu holat o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra ramazon oyining oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirish ta’kidlangan sunnat bo‘lishi kifoya yo‘liga ko‘ra ekani alohida ta’kidlagan. Ya’ni musulmonlardan bir necha kishi ushbu fazilatli amalni bajarishi bilan qolganlarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Buni xuddi masjidlarda azon aytishga qiyos qilish mumkin. bir shaharda namoz vaqti kirishi bilan bir necha masjidlarda azon aytilsa shahar ahlidan bu soqit bo‘ladi.
E’tikofning eng oz muddati to‘g‘risida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan aniq ko‘rsatma kelmagan. Shuning uchun ham ulamolar bu borada turli qarashlarni aytib o‘tishgan. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhi e’tikofning eng ozi bir kun, degan bo‘lsalar, Imom Abu Yusuf kunduzning ko‘prog‘ida o‘tirsa, e’tikof bo‘ladi, deganlar. Imom Muhammad esa biror lahza bo‘lsa ham niyat qilib masjidda o‘tirsa, e’tikof o‘rniga o‘tadi va e’tikofga savob oladi, deganlar.
Mazhabimizdagi keyingi muhaqqiq ulamolar ko‘pchilik insonlarning ehtiyojlarini inobatga olib Imom Muhammadning qavliga fatvo berganlar[4]. Qolaversa, buni mashhur sahobalardan biri Ya’lo ibn Umayya raziyallohu anhudan keltirilgan rivoyat ham qo‘llaydi. Unda ushbu sahoba o‘z do‘stiga qarata: “Biz bilan masjidga yur, u yerda biror lahza e’tikof o‘tiramiz”, degan ekan[5].
Hanafiya mazhabiga ko‘ra ayollar e’tikof uchun masjidlarga bormaydilar. Balki, ular erlari yoki ota-onalarining ruxsati bilan uylarida e’tikof o‘tirishlari mumkin. Bunda iloji boricha ibodat uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan o‘zlarining xos xonalarida e’tikof o‘tirganlari afzal sanaladi. Zero, Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
صَلاَةُ الْمَرْأَةِ فِى بَيْتِهَا أَفْضَلُ مِنْ صَلاَتِهَا فِى حُجْرَتِهَا وَصَلاَتُهَا فِى مَخْدَعِهَا أَفْضَلُ مِنْ صَلاَتِهَا فِى بَيْتِهَا
“Ayol kishining uyidagi namozi ayvonida o‘qigan namozidan afzaldir. Uning xos xonasida o‘qigan namozi uyida o‘qigan namozidan afzaldir” deganlar[6].
Muborak ramazon oyi ibodat mavsumi. ushbu fazilatli oyni g‘animat bilib, imkon qadar har bir daqiqani toat-ibodat va solih amallar bilan o‘tkazish, Alloh taoloning avfi va mag‘firatini so‘rash, Uning buyuk fazli, rahmatidan umid qilish ulkan baxt va saodatdir. Shunday ekan har birimiz bu kabi fazilatlardan g‘aflatda qolmasligimiz va buyuk Robbimizning quyidagi oliy chaqirig‘ini unutmasligimiz lozim: “Ey, imon keltirganlar! Ruku’ qilingiz, sajda qilingiz va Rabbingizga ibodat qilib ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!”[7].
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mutaxassisi,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Abdulatif Tursunov
[1] Ibn Moja “Sunan”da rivoyat qilgan. Ba’zi muhaddislar ushbu hadisni zaif deyishgan. Chunki isnodida Farqad ibn Yaqub as-Sabaxiy ismli roviy bo‘lib, Imom Yahyo ibn Maiyn uni ishonchli, degan bo‘lsa, Imom Ahmad va Imom Doraqutniy zaif, deyishgan. Alloma ibn Hajar Asqaloniy esa “Ushbu roviy ishonchli, rostgo‘y va ibodatgo‘y inson bo‘lib, ba’zan yoddan hadis aytishda adashib turgan”, degan. Jumhur ulamolar hukmiy va aqidaviy bo‘lmagan, balki fazilatli amallarga taalluqli bo‘lgan masalalarda bu kabi zaif hadislarga suyanish mumkinligiga ittifoq qilishgan.
[2] Tabaroniy “Mu’jam al-avsat”da, Bayhaqiy “Shuabul imon”da rivoyat qilgan. Ibn Hajar Haytamiy o‘zining “Majma’ az-zavoid” asarida “Ushbu hadisning isnodi yaxshi”, degan bo‘lsa, Imom Hokim ushbu hadisni sahih, deya baholagan.
[3] Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilishgan.
[4] Qarang: Mulla Ali ibn Sulton Muhammad al-Qori al-hanafiy. Fathu bob al-inoya sharh kitob an-niqoya. 2-juz. 243-bet.
[5] Ibn Abi Shayba “Musannaf”da rivoyat qilgan.
[6] Abu Dovud “Sunan”da, Bayhaqiy “Ma’riftus sunan val osor”da, Hokim “Mustadrak”da rivoyat qilgan. Imom Hokim “Ushbu hadis ikki shayx (Buxoriy va Muslim) shartiga ko‘ra sahihdir” degan.
[7] Haj surasi, 77-oyat.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Juma kuni — musulmonlar uchun eng ulug‘ va muborak kundir. Bu kun nafaqat haftaning sayyidi, balki gunohlar kechirilishi, duolar qabul qilinishi va qalblar nurga to‘lishi uchun berilgan ilohiy imkoniyatdir. Shu bois solih zotlar jumaga oddiy kundek emas, bayramdek tayyorgarlik ko‘rganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma kunining fazilati haqida bunday dedilar: “Quyosh chiqqan kunlarning eng yaxshisi — juma kunidir” (Imom Muslim rivoyati).
Jumaga tayyorgarlik g‘usl qilish, poklanish, xushbo‘ylik sepish va ertaroq masjidga borish bilan boshlanadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni junublik g‘usli kabi g‘usl qilsa, so‘ng birinchi soatda (masjidga) borsa, xuddi tuyani qurbon qilgandek bo‘ladi. Ikkinchi soatda borgan kishi qoramol qurbon qilgandek, uchinchi soatda borgan kishi shoxdor qo‘chqor qurbon qilgandek, to‘rtinchi soatda borgan kishi tovuq sadaqa qilgandek, beshinchi soatda borgan kishi tuxum sadaqa qilgandek bo‘ladi. Imom xutbaga chiqqach esa, farishtalar zikr tinglash uchun hozir bo‘ladilar” (Imom Molik rivoyati).
Qanday buyuk mukofot! Masjidga ertaroq qadam tashlash oddiy amal emas, balki qurbonlik savobiga teng amal ekani bildirilmoqda.
Juma kuni mo‘min kishi tashqi ko‘rinishini ham go‘zal qilishi sunnatdir. Chunki musulmon nafaqat qalbi, balki zohiri bilan ham pok bo‘lishi kerak. Hazrati Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim juma kuni g‘usl qilib, qo‘lidan kelganicha poklansa, xushbo‘ylik surtsa, keyin masjidga borib ikki kishining orasini ajratmasa va unga farz qilingan namozni o‘qisa hamda imom xutba qilayotganda jim tursa, ikki juma orasidagi gunohlari kechiriladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis juma kunining naqadar rahmat eshiklari ochiq kun ekanini ko‘rsatadi.
Afsuski, bugun ba’zi insonlar jumaga shoshilib, oxirgi daqiqalarda yetib kelishadi. Holbuki, avvalgi musulmonlar jumaga tongdan tayyorgarlik ko‘rishar, masjidga erta borib Qur’on tilovat qilishar, zikr va duo bilan mashg‘ul bo‘lishar edi.
Juma — qalbni dunyo g‘uboridan tozalaydigan kun. Unda mo‘min kishi hayotiga nazar tashlaydi, gunohlari uchun istig‘for aytadi va Robbisiga yaqinlashadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Juma kuni namozga nido qilinganda, Allohning zikriga shoshilinglar va savdoni tark qilinglar. Agar bilsangiz, mana shu sizlar uchun yaxshiroqdir.” (Juma surasi, 9-oyat)
Bu oyat mo‘min inson uchun juma namozi har qanday dunyo ishlaridan ustun ekanini anglatadi.
Juma — faqat namoz kuni emas. U — birodarlik kuni, rahmat kuni, duolar ijobat bo‘ladigan muborak fursatdir. Kim bu kunni qadrlasa, qalbi nurga to‘ladi. Kim uni behuda o‘tkazsa, katta fazilatdan mahrum bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizni juma kunini ehtirom qiladigan, unga munosib tayyorgarlik ko‘radigan va uning barakotidan bahramand bo‘ladigan bandalaridan qilsin.
Azimxon Ziyovuddinov,
To‘raqo‘rg‘on tuman “Kamolxon eshon buva” jome masjid imom-xatibi