Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam), oila a’zolari va ilm buloqlari bo‘lgan sahoba (roziyallohu anhum)larga salavot va salomlar bo‘lsin.
Taomning halol va haromligi inson hayoti, tutgan yo‘li, xulqu odobi va ma’naviy dunyosida muhim o‘ringa ega. Shuning uchun Alloh taolo Payg‘ambar (alayhimussalom)larga hamda mo‘min-musulmonga quyidagicha amr qiladi:
“(Payg‘ambarlarimizga shunday dedik:) «Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz! Albatta, Men qilayotgan ishlaringizni biluvchidirman (Mu’minun, 51).
“Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara, 172).
Oyati karimada zikr qilingan pokiza narsalar Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) orqali mo‘min bandalarga halol qilgan narsalardir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
“U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi” (A’rof, 157).
Banda barcha a’zolari hamda ruhiy-ma’naviy olami bilan ro‘za tutmog‘i – eng buyuk hamda mukammal ro‘zadir. Inson Ramazonda ko‘z, og‘iz va quloq singari a’zolarini halol bo‘lmagan joylarga qarash, g‘iybat qilish va lag‘v narsalarni eshitish kabi illatlardan tiygani kabi qornini ham harom narsalardan asrashi lozim. Banda harom luqmadan saqlanish, Ramazon kunduzida taom va ichimlikdan tiyilish, iftor vaqtida halol bo‘lmagan narsalarni yemaslik bilan qorin ro‘zasini tutadi. Shuningdek, boshqalar haqidan qo‘rqib, yetimning haqini o‘z o‘rniga qo‘yadi va ribo (sudxo‘rlik)dan yemaydi. Zero ribo yeguvchilarga olamlar Rabbisi g‘azab qiladi. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! (Bergan qarzlaringizni) ikki baravar va undan ham ko‘paytirib, ustama shaklida yeb yubormangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Zora (shunda) tole topsangiz” (Oli imron, 130).
“Holbuki, Alloh bay’ni halol, sudxo‘rlikni (esa) harom qilgan” (Baqara, 275).
Ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ribo haqida: “Alloh taolo sudxo‘rlik qiluvchi, unga vakil bo‘luvchi, yozib turuvchi va guvoh bo‘luvchilarni la’natladi. Ularning barchasi gunohda barobar”, dedilar” (Imom Muslim).
Muqaddas dinimiz inson boshqaga muhtoj bo‘lmasligi uchun kasb qilishga buyuradi hamda halol rizq talab qilishga chaqiradi. O‘tgan barcha payg‘ambar (alayhimussalom)larning o‘z kasblari bo‘lgan. Zakariyyo (alayhissalom) duradgorlik, Davud (alayhissalom) temirchilik, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) qo‘y boqqanlar, tijorat bilan shug‘ullanganlar.
Alloh taolo kasb qilish, halol rizq talab qilish hamda yetim va boshqalarning haqini yeyishdan qaytarib, Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso, 10).
“Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!” (Baqara, 188).
“Hadisi sharifda ham aytilgan: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. So‘zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o‘zgalar haqini o‘zlashtirib olsangiz, bilib qo‘yingki, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ilm va taqvoda namuna bo‘lgan buyuk zotlar shubhali bir luqma yeb qo‘ysalar, qalblari o‘zgarib qolar ekan. Shunda qalblarini sof qilish uchun bir muddat taom va ichimlikdan tiyilarkanlar, natijada o‘zgarishni his qilarkanlar.
Bahriddin PARPIYEV
Biror kishi bilan tortishib qolib, u bilan aloqani uzib yubormoqchi bo‘lsangiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”[1] degan so‘zlarini yodga oling.
Husayn roziyallohu anhu bilan u kishining ota bir ukasi Muhammad ibnul Hanafiyning orasidagi munosabatlarga dars ketadi. Bo‘lib o‘tgan ishga ikki kun o‘tmay Ibnul Hanafiy Husayn roziyallohu anhuga maktub yuboradi. Maktubda shunday deb yozilgan edi: “Bizning otamiz bir. Bu borada birortamiz boshqamizga faxrlanmaymiz. Ammo sizning onangiz Fotima roziyallohu anhodir, sizning onangiz qayoqda-yu, mening onam qayoqda. Sizni Rasulullohning o‘zlari katta qilgan va tarbiyalaganlar, men esa bundayin buyuk martabadan ancha pastdaman. Ushbu maktubim sizga yetib borishi bilan darhol men tomonga shoshiling va orani isloh qiling. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “U ikkisining eng yaxshisi “Salom” bilan gaplashishni boshlab yuborganidir”, deganlar. Siz mendan yaxshiroqsiz. Aytadigan gapim shu”.
Birodarini ustun qo‘yishning ulkan ko‘rinishiga e’tibor bering. Ibnul Hanafiyning Husayn roziyallohu anhudan avval bu savobga erishishi mumkin edi. Lekin u kishi birodari Husayn roziyallohu anhuni o‘zidan ustun ko‘rdi. Husayn roziyallohu anhuning u kishidan ko‘ra yaxshiroq ekanini eslatdi, bu ishi esa u zotning o‘rtani isloh qilishga bo‘lgan g‘ayrati va himmatini qo‘zg‘ash uchun edi. Chunki yaxshilar doim yaxshilik sari intiladilar.
Va’da qilingan ajr jannat bo‘lsa, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yish odamlar orasida juda kam uchraydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari dushmanga qarshi jang bobida musobaqalashar edi, hatto ota-bolalar o‘rtasida ham shu kabi holat kuzatilardi. Masalan, ota-bolaning har ikkisi birvarakayiga jangga borish imkoni bo‘lmasa qur’a tashlashardi, qur’a bolaga chiqsa, otasi unga: “Men chiqay, bolam, sen qolaver, axir otangman-ku. Meni o‘zingdan ustun qo‘y”, der edi, bunga javob berar ekan o‘g‘ilning ko‘zlari yoshga to‘lib: “Otajon, uning mukofoti jannat-da... Agarda jannatdan boshqa narsa bo‘lganida ham, Xudo haqqi, sizni o‘tkazib yuborardim”, derdi.
Shubhasiz, siz ham barcha musulmonlarning jannatga kirishlarini orzu qilasiz. Biroq jannat musobaqasi kuchayib ketganida, u faqatgina eng g‘ayratli va unga eng ishtiyoqmandlargagina nasib etadi. Odamlarga yaxshilikni ilining, faqat o‘zingizni o‘ylayvermang!
Shoir Abul A’lo Ma’arriy bunday satrlarni yozgan ekan:
Abadiy qolmoq imkoni bo‘lsa gar so‘qqabosh holim,
Boqiy qolish istagin suymadim yolg‘iz o‘zim.
Menga ham, yerimga ham yog‘masin yomg‘ir,
Modomiki qamrab olmas ekan butun qavmim.
Xudbinlik (egoizm) sizning ustingizdan hukmronlik qilishiga hech ham imkon bermang! Doimo Alloh taolodan barcha musulmonlarga yaxshilik va xayr-baraka so‘rab duo qiling va shu jumlalarni ham ayting: “Ey Yaratgan Zot! Mening duolarim orasiga barcha musulmonlarni ham qo‘shib qo‘y”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Buxoriy rivoyati.