Mohi sulton!
Sen oylarga sultonsan. Tashrifingdan poklangan ruhiyatimiz boshqa oylar uchun mador yig‘adi. Ezgulikka o‘nglangan odatlarimiz yil davomida saqlanib, an’ana tusini oladiki, yaxshiliklarimiz sen sabab buyuk ajrlarga noyil bo‘ladi. Sendan o‘rgangan fazilatlarimizni boshqa oylar uchun ham asrab qo‘yamiz.
Mohi marg‘ub
Hurmating bois bizga berilajak imkoniyatlarni sanab adog‘iga yetishimiz mumkinmi? Atrofimizni o‘rab turgan yaxshiliklar, biz erishajak savoblar yanada ziyoda bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz. Hadislarning birida: “U oyda kim Allohga yaqinlashtiradigan ezgulik qilsa, undan boshqa oyda ado etgan bir farz darajasini topadi. Va bu oyda bir farzni ado etgan kishi boshqa oyda 70 farz ado etgan kabi bo‘ladi” deya marhamat qilinadi. Ha, senda amalga oshirilgan savobli amallar evaziga savobu ajrlar orttirib beriladi. Qolaversa, har neki niyatlarimiz bo‘lsa, Yaratganga yolvoramiz, sening sharofatingga umid bog‘laymiz. Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) “Ro‘zadorning duosi maqbuldir” deya marhamat qilgan ekanlar.
Mohi g‘ufron
Sen sabab gunohlardan poklanamiz. Salmon Forsiy (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisda: “Bu oy shunday oydirki, avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa do‘zaxdan ozod bo‘lish o‘n kunligidir” deyilgan ekan. Rasululloh (s.a.v) yana bir hadislarida: «Kim Ramazon ro‘zasini imon-ishonch bilan va savobidan umid qilib tutsa, oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi», deya marhamat qilgan ekanlar. Demak, sening hurmating sabab solih amallarimiz, xayru ehsonlarimiz uchun gunohlarimiz kechirilar ekan.
Sabr oyi
Hayotimiz davomida har xil sinovlarga duchor bo‘lamiz. Gohida besabrlik illatidan aziyat chekamiz. Arzimas yetishmovchilik tog‘dek muammoga aylanadi go‘yo. Ramazon ro‘zasi kishini sabr bilan tarbiyalaydi. Dastlab ro‘za tutgan inson jismida, ruhiyatida nafsga qarshi kurash boshlanadi. Toqat bilan yengilgan xohishlar evaziga ro‘zadorning nafaqat zimmasidagi farzi ado etiladi, balki irodasi mustahkamlanib o‘z ruhiyatiga hokimlik g‘alabasiga erishadi.
Shifo oyi
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sening hilolingni ko‘rishlari bilan qiblaga yuzlanib: «Allohim, ushbu oyni biz uchun osoyishtalik, salomatlik, farovonlik davri etgin, dardlarga shifo, qalblarga ziyo bergin!..», deya muborak qo‘llarini duoga ochar edilar.
Zamonaviy tibbiyot so‘nggi yillarda ochlik bilan davolanish usulini keng yo‘lga qo‘ydi. Shunga asosan ro‘za tutish orqali ko‘plab kasalliklar davo topgani isbotlandi. Qolaversa, ro‘za ayrim dardlar yuzaga kelishiga to‘sqinlik qilishi ta’kidlandi. Eng muhim jihati, kishi ongining sokinlikka erishganidir. Turli g‘arazlar, kin va hasadlardan poklangan ruhiyat barcha kasalliklardan holi turmush tarziga yo‘l ochishi shubhasiz.
Qur’on oyi
Qur’oni karimning nozil bo‘lishi senda boshlandi. Bu haqida Allohning muborak kalomida: “Ramazon oyi - ... Qur’on nozil qilingan oydir” deyiladi. Qolaversa, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sen kelganingda Qur’oni karimning barchasini to‘laligicha Jabroil (a.s.)ga o‘qib berar ekanlar. Ushbu go‘zal an’ananing davomi o‘laroq, ayni kunlarda obod masjidlarimizda Qur’oni karim o‘qilishi va jamoatning uni tinglashi ajib fazilat.
Oqibat fasli
Muborak tashrifing insonlar o‘rtasida o‘zaro muruvvat va oqibat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Hurmat va e’tibordan qarindoshlar o‘rtasida hamjihatlik mustahkamlanadi. Keksayu bemor qarindoshlar holidan xabar olinib, uzoq yaqinda yashoqchi qondoshlar iftorlik dasturxoni atrofiga chorlanadi. Gina kuduratli insonlar bir-birlariga quchoq ochadilar, o‘zaro uzr so‘rashadilar. Shukuhing kirib borgan har bir xonadon ana shunday ahillik bilan, yaqinlarga yaxshiliklar qilib fazilatli kunlarni o‘tkazadilar.
Ma’rifat oyi
Qalblar sokin va xotirjam, ongu shuurda pok niyatlar o‘rin olgan bir payt ma’rifatli bo‘lish uchun ayni muddaodir. Shu bois sening beqiyos lahzalaringni bilim olishga sarf etish yanada fazilatlidir. Chunki, barakoting har narsada bo‘lgani kabi o‘rganilayotgan ilmga ham taalluqlidir. Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) muborak hadislarida: “Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barokatli ekanini yaxshi bilganlarida edi, faqatgina shu bir oy emas, balki yilning qolgan hamma oylarida ham ro‘za bo‘lishini orzu qilar edilar”, deb marhamat qilganlar.
Rostgo‘ylik payti
Rostgo‘ylik – ezguliklar debochasidir. Bu borada Nabiy (s.a.v.) “Rost so‘z o‘z sohibini yaxshilik sari yetaklaydi. Yaxshilik esa uni behishtga yetaklaydi” deya marhamat qilgan ekanlar. Ezguliklar oyi bo‘lmish senda rost so‘zlash kishini xayrli amallar sari yetaklaydi. Bundan tashqari, ro‘zaning mukammal bo‘lishi uchun ro‘zador yolg‘on so‘zlash, ig‘vo va bo‘hton qilish, noloyiq so‘zlar bilan insonlar dilini og‘ritish kabi illatlardan o‘zini saqlashi muhim sanalanadi. Bu borada bir hadisi sharifda: “Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deyiladi.
Tinchlik oyi
Ha, sen tinchlik oyisan. Islom tarixidan ma’lumki, senda jangu jadallar to‘xtatilgan, sharofating bilan davlatlar tinchlik sulhini tuzganlar. Yana bir muhim jihat, inson qalbidagi sokinlikdir. Senda turli illatlar, g‘arazu hasad, arazu ginalardan poklangan, sohibi tomonidan ezgulikka yo‘naltirilgan dillar osoyishtalikka yo‘g‘riladi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bejiz “Ro‘za qalqondir” demaganlar. Zero, qalqon kamon o‘qining ofatidan jangchini to‘sib qolganidek, ro‘za xatolarning yuzaga kelishi ortidan keluvchi behalovatlikdan qutqaradi. Natijada tinchlik oyida ruhiyat ham, qalblar ham hotirjamlikka cho‘madi.
Shukrlar mavsumi
Alhamdulillah, muborak oy ichramiz. Qalbimiz shukronaga to‘la. Yana bir Ramazonda yashab, uning fazilatlarini his qila olyapmiz, imkon boricha ezguliklar ado etyapmiz! Ko‘nglimiz xotirjam, osoyishta tonglarni qarshi olyapmiz. Dunyo kishilarining sezilarli qismini o‘yga solgan “qayerda tunasam ekan”, “nima yeyman?”, “ochlikdan bolalarimning holi ne kecharkin”, “qayerga berkinib yashasam ekan”... degan og‘riqli savollarning bizga keragi yo‘q. Ro‘za sabab ana shunday insonlar kechmishini boshimizdan kechiramiz. Ochlik, tashnalikdan aziyat chekayotgan zamindoshlarimiz holatini o‘z tanamizda sinab ko‘ramiz. His qilamizki, biz uchun tongdan shom qorong‘usigacha cheklangan imkoniyatlarimiz ayrim kishilarda davomli bo‘lishi mumkin. Tun nima, tong nima sezmay faqat qorin to‘ydirish yoki jon saqlash umidida yashayotgan yerdoshlarimiz kam deb o‘ylaysizmi? Bu haqda tafakkur qilib, yurak yurakdan buyuk Mavloga shukr hissini tuyamiz. Alhamdulillah, dasturxonlarimiz to‘kin, serquyosh zaminimiz o‘z saxovatini bizga taqdim etmoqda. Yurtimizda inson nomi ulug‘, keksalar qadrlanadi, yoshlarga holis yo‘l ko‘rsatiladi, ona bola salomatligi davlat siyosati darajasida... Demak, Sen shukrlar mavsumisan.
Ramazon! Seni ta’riflab nihoyalash mumkinmi?
Biz bugun senga atalgan tavsiflarning dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq ro‘yxatimizni hali uzoq davom etishimiz mumkin. Muhimi sen mohi mahbubsan! Oylar ichra seviklisisan. Arazlashgan ko‘ngillar hurmating bois yarashadi, yaqinlar munosabati mustahkamlanadi, dillar dillardan suv ichadi, hamjihatlik, ahil inoqlik ortadi. Har bir kuningdan imkonlarga boy lahzalar o‘rin olgan. Tillar dillarni shirin so‘zlar bilan alqaydi. Sening mahbub bo‘lishing boisini-da ta’riflarga sig‘dirmoq mahol... Biz seni yaxshi ko‘ramiz.
Sharifaxon G‘aniyeva
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi